AsosiyJamiyat

Imkoniyatlar olamidagi hayot: Andijonda ijtimoiy himoya sohasidagi yangicha yondashuvlar

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ommaviy axborot vositalari va blogerlar uchun Andijon viloyatida press-tur tashkil etildi.

'Imkoniyatlar olamidagi hayot: Andijonda ijtimoiy himoya sohasidagi yangicha yondashuvlar'ning rasmi

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ommaviy axborot vositalari va blogerlar uchun Andijon viloyatida tashkil etilgan press-tur davomida viloyatda ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, innovatsion loyihalar hamda yaratilayotgan zamonaviy xizmatlar bilan yaqindan tanishish imkoni yaratildi.

Birinchi manzil: “Imkoniyatlar olami” – imkoniyat eshiklarini ochuvchi maskan

Press-turning dastlabki manzili – Andijon shahrida joylashgan “Imkoniyatlar olami” markazi bo‘ldi. Umumiy maydoni 4,7 gektarni tashkil etuvchi ushbu majmuada 22 ta inshoot mavjud bo‘lib, shulardan 16 ta kottej nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun turar joy sifatida faoliyat yuritmoqda.

Markaz hududida ma’muriy bino, yopiq sport zali, faollar zali, kasb-hunarga o‘rgatuvchi markaz, bolalar maydonchasi va mini futbol maydoni mavjud. Muassasada tajribali mutaxassislar, tarbiyachilar va shifokorlar doimiy xizmat ko‘rsatadi. Hozirda bu yerda kuniga 350 nafarga yaqin fuqaroga xizmat ko‘rsatilmoqda va kelgusida ushbu ko‘rsatkichni 500 nafarga yetkazish rejalashtirilgan.

Quvonarli tomoni shundaki, mazkur markazda 0–3 yoshli nogironligi bo‘lgan bolalar uchun Respublikada ilk bor “erta aralashuv” xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda mamlakatimizda shunday yoshdagi 22,5 ming nafar bola mavjud bo‘lib, har yili taxminan 2–2,5 ming nafar chaqaloq turli tug‘ma nuqsonlar bilan dunyoga keladi. Mazkur xizmat kelgusida barcha hududlarda ham joriy etilishi rejalashtirilgan.

Ikkinchi manzil: Inklyuziv ta’lim – har bir bolaga mehr va teng imkoniyat

Press-turning navbatdagi manzili Andijon shahridagi 40-son ko‘p tarmoqli maktabgacha ta’lim muassasasi bo‘ldi. Bu yerda imkoniyati cheklangan va aqli zaif bolalar uchun mo‘ljallangan inklyuziv ta’lim tizimi amalda qo‘llanilayotgani bilan alohida e’tirofga sazovor.

Muassasada ta’lim va tarbiya jarayoni har bir bolaning individual ehtiyojlaridan kelib chiqib tashkil etilgan. Pedagog va defektologlardan iborat malakali jamoa tomonidan ta’lim bilan bir qatorda reabilitatsiya, logopedik mashg‘ulotlar, psixologik yordam va ijtimoiy faollikka yo‘naltirilgan mashg‘ulotlar ham olib borilmoqda. Bu esa bolalarning qobiliyatini rivojlantirish, o‘z-o‘ziga ishonchni oshirish va mustaqil hayot kechirishga tayyorgarlik ko‘rishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Muassasada tashkil etilgan “G‘amxo‘rlik” guruhi orqali bolalarga kunduzgi sifatli parvarish xizmatlari ko‘rsatiladi. Bu esa ishbilarmon ota-onalarga farzandlarini ishonchli qo‘llarga topshirgan holda kasbiy faoliyat bilan erkin shug‘ullanish imkonini taqdim etmoqda.

Inklyuziv ta’limning bunday ilg‘or namunalari jamiyatda teng imkoniyatlar muhitini yaratish, bolalarning kelajakda mustaqil hayot kechirish salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Jasmina Shaimova tayyorladi

    Boshqa yangiliklar