Navoiy viloyatining Karmana tumanida ikki nafar yoshlar yetakchisi yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Karmana tumanidagi Farhod mahallasining yoshlar yetakchisi Ulug‘bek Obloqulov va ushbu tumanning Bahrom mahallasining yoshlar yetakchisi Muhriddin Bahronov avtohalokat sabab vafot etgan.
“Bir kunda tizimning yosh va zabardast ikki yetakchisining kutilmaganda bunday baxtsiz hodisa natijasida vafot etishi – juda og‘ir musibat. Jamoamiz nomidan marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildiramiz. Vafot etgan do‘stlarimizning ota-onasi va yaqinlariga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatiladi”, deb yozgan Sa’dullayev.
Bundan tashqari, YTHga uchraganlar orasida Karmana tumani Yoshlar ishlari bo‘limi shu’ba mutaxassisi Valijon Qosimov ham bo‘lgan. Ayni paytda u shifokorlarning nazorati ostida qolmoqda.
“Uning ham tezroq shifo topib, tuzalib ketishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz va yordam beramiz”, deydi agentlik direktori.
O‘zbekiston inson xuquqlari “Ezgulik” jamiyatidan Xayrulla Qilichning yozishicha, ular kecha, 3 may dam olish kunida rahbariyat topshirig‘i bilan ketayotgan vaqtida avtohalokatga uchragan. Marhumlar – Muhriddin Bahronov 23 yoshda va Ulug‘bek Obloqulov 29 yoshda bo‘lgan.