Rossiya Suriya hukumati bilan mamlakat hududida joylashgan harbiy obyektlar faoliyatini qayta ko'rib chiqish bo'yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ma'lum qildi.
Gap Rossiyaning Tartus harbiy-dengiz bazasi hamda Xmeymim aviabazasining kelajakdagi maqomi haqida ketmoqda. Mazkur obyektlar taqdiri bo'yicha savollar 2024 yil dekabr oyida Rossiyaning yaqin ittifoqchisi bo'lgan Bashar Asad hokimiyatdan ag'darilganidan keyin yanada kuchaygan edi.
Amaldagi Suriya Prezidenti Ahmad ash-Sharaa rahbarligidagi yangi hukumat Moskva bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini bildirgan. Shu bilan birga, rasmiy Damashq Rossiya hududida bo'lib turgan Bashar Asadni mamlakatga topshirish masalasini ham ko'tarmoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova navbatdagi brifingda Suriya bilan muloqotlar “juda faol sur'atlarda” davom etayotganini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, Rossiyaning Suriyadagi harbiy ishtiroki va harbiy obyektlarining vazifalarini o'zgartirish ehtimoli ham muzokaralar kun tartibidan o'rin olgan.
"Suriyaning xalqaro hamkorlari bilan aloqalari doirasida Rossiyaning ushbu mamlakatdagi harbiy ishtiroki masalasi muhokama qilinmoqda. Shuningdek, Rossiya harbiy obyektlarining vazifalarini ehtimoliy qayta ko'rib chiqish masalasi ham ko'rib chiqilyapti", dedi Zaxarova.
Biroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili ehtimoliy o'zgarishlarning mazmuni yoki muddatlari haqida aniq ma'lumot bermadi.
Ma'lumot uchun, Rossiya Suriyadagi harbiy bazalari taqdirini muhokama qilmoqda






