Farg‘ona tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida 1 kishi halok bo‘ldi, 2 kishi jarohatlandi. Bu haqda viloyat YHXB ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, holat 5-may kuni soat 16:00 atrofida Farg‘ona — Vodil — Hamzaobod avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan.
25 yoshli haydovchi “Nexia 3” avtomobilini boshqarib ketayotib, quvib o‘tish qoidasini buzgan.
U qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib harakatlangan va yo‘nalishida kelayotgan 65 yoshli haydovchi boshqaruvidagi “Tico” bilan to‘qnashgan.
Oqibatda “Tico” haydovchisi vafot etgan. Shuningdek, ikki nafar yo‘lovchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yuborilgan.