Yakkasaroy tumanida “Man” rusumli avtobus ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar berdi “Toshshahartransxizmat”.
Ma’lum qilinishicha, voqea 2 aprel kuni soat 12:41 atrofida Shota Rustaveli ko‘chasida yuz bergan. 5-avtobus saroyiga qarashli avtobus haydovchisi BRT maxsus yo‘lagidan “Janubiy vokzal” tomondan “Bobur” ko‘chasiga harakatlanayotganda, yo‘lni qoidalarga rioya qilmasdan kesib o‘tgan piyodani urib yuborgan.
Haydovchi jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, tez tibbiy yordam chaqirgan. Shifokorlarning dastlabki xulosasiga ko‘ra, piyodaga bosh miya chayqalishi tashxisi qo‘yilgan va u hozir shifokorlar nazoratida.






