AsosiySalomatlik

Issiq kunlarda qanday ovqatlanish kerak?

Jaziramada gazlangan ichimliklardan hamda og‘ir ovqatlardan saqlanish tavsiya etiladi.

'Issiq kunlarda qanday ovqatlanish kerak?'ning rasmi

Jaziramada organizmning o‘ta isib ketishining oldini olish uchun ratsionimizdagi taomlarni e’tibor bilan tanlashimiz o‘ta muhim. Shuningdek, nafaqat suyuqlikni ko‘proq ichish, balki bunda ham to‘g‘ri tanlov qilish ahamiyatlidir.

Sog‘liqni saqlash vazirligining Ekologik diplomatiya bo‘limi boshlig‘i Abduqayum To‘xtaqulov bu boradagi tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

Havo o‘ta issiq bo‘lgan kunlari organizm suvsizlanishining oldini olish uchun kun davomida, hatto chanqoqni his qilmasangiz ham, yetarli miqdorda suyuqlik ichish muhim, — deydi mutaxassis.

Umumiy tavsiyalarga ko‘ra, kuniga 2,5-3 litr suyuqlik ichish kerak, biroq jismoniy faollik va havo haroratiga qarab bu miqdor oshishi mumkin. Ko‘chaga chiqqanda doimo o‘zingiz bilan suv olib yurishingiz lozim.

Oddiy toza suv eng yaxshi ichimlik hisoblanadi. Muzdek suv o‘rniga xona haroratidagi yoki biroz salqin suvni ichish afzalroqdir. 36-37 darajali suv organizmda metabolizm va ichak faoliyatini yaxshilaydi.

Shakarsiz ko‘k choy chanqoqni boshqa ichimliklarga qaraganda yaxshiroq bosadi. Shuningdek, giyohli choylar (yalpiz, moychechak), nordon mevalardan (olcha, olma, qorag‘at, klyukva) tayyorlangan shakarsiz kompotlar (mors), ayron, kefir va limon qo‘shilgan suv ham foydalidir. Bu ichimliklar organizmni mineral moddalar va vitaminlar bilan ta’minlaydi.

Tarkibida suv miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlar, masalan, bodring, tarvuz, qovun gidratatsiyaga hissa qo‘shadi. Sut tarkibidagi elektrolitlar tufayli foydali bo‘lishi mumkin.

Ammo jaziramada ba’zi ichimliklarni iste’mol qilishdan saqlanish lozim, chunki ular nafaqat chanqoqni bosmaydi, balki suvsizlanishni kuchaytirishi ham mumkin.

Bularga:

— tarkibida shakar miqdori yuqori bo‘lgan, gazlangan ichimliklar, qadoqlangan sharbatlar;

— alkogolli ichimliklar;

— kofein miqdori yuqori bo‘lgan ichimliklar (kofe, ba’zi choy turlari, energetik ichimliklar);

— o‘ta sovuq (muzdek) ichimliklar kiradi.

— Bundan tashqari, issiq kunlarda yengil hazm bo‘ladigan taomlarni kichikroq porsiyalarda va tez-tez iste’mol qilish tavsiya etiladi. Tarkibida suv miqdori yuqori bo‘lgan meva va sabzavotlarga (tarvuz, qovun, bodring, selderey) ko‘proq e’tibor qaratish lozim.

— Salatlar, qatiqli taomlar (masalan, okroshka) va sovuq sho‘rvalar kabi salqin taomlar ham foydalidir. Terlash orqali yo‘qotilgan tuzning o‘rnini bosish uchun biroz tuzli taomlar iste’mol qilish maqsadga muvofiq. Lekin qayta ishlangan va o‘ta sho‘r mahsulotlardan saqlanish kerak.

— Ovqat hazm qilish jarayonining o‘zi organizmda issiqlik ishlab chiqaradi. Shu sababli, jaziramada hazm bo‘lishi qiyin bo‘lgan og‘ir taomlardan saqlanish tananing ichki haroratini past holda saqlashga yordam beradi.

— Og‘ir, yog‘li va oqsilga boy taomlar (ayniqsa qizil go‘sht)ni cheklash tavsiya etiladi, chunki ularni hazm qilish ko‘proq metabolik issiqlik ishlab chiqaradi. Baliq va sabzavotli oqsillar yengilroq variant hisoblanadi.

— Shirinliklar va xamirli ovqatlar holsizlik va chanqoq hissini kuchaytirishi mumkin. Chanqatadigan mahsulotlar, masalan, o‘ta sho‘r yoki dudlangan go‘sht va baliq mahsulotlari, konservalar iste’molini kamaytirish kerak.

— Garchi ba’zi manbalar achchiq ovqat terlashni kuchaytirib, sovishga yordam berishini ta’kidlasa-da, bunday taomlar tana haroratini oshirishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar ham kam emas. Bu borada me’yorni bilish va individual reaksiyani hisobga olish muhim.

    Boshqa yangiliklar