O‘zbekiston aholisi uchun aviaqatnovlarni yanada qulayroq qilish maqsadida Uzbekistan Airways mahalliy parvozlardagi ekonom-klass tariflari tarkibini yangiladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, endi avvalgi 10 ta tarif turi o‘rniga 4 ta soddalashtirilgan tarifdan iborat tizim joriy etildi, bu esa quyidagilarni ta’minlaydi:
- narx bo‘yicha tarif tanlash tushunarliroq bo‘ladi;
- minimal tariflar bo‘yicha o‘rinlar soni oshiriladi;
- ko‘proq yo‘lovchilar uchun arzon reyslar imkonini beradi;
- (to‘rtta tarifning har biri qaytarish imkoni bilan — yukli va qaytarib bo‘lmaydigan — yuksiz variantlarda taqdim etiladi)
Kompaniya matbuot xizmatining darakchi.uz'ga ma’lum qilishicha, chiptalarning minimal narxi o‘zgarishsiz qoladi, tariflar orasidagi farq esa optimallashtirildi — bu komfort, elastiklik va narx o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga yordam beradi. Shu bilan birga, tariflarning eng yuqori darajasi ham pasaytirildi — bu aholining mobilligini oshirishga qaratilgan, deyiladi xabarda.
Yangi tariflar quyidagi yo‘nalishlarda qo‘llanadi:
- Toshkent — Samarqand: 249 ming so‘mdan;
- Toshkent — Namangan: 249 ming so‘mdan;
- Toshkent — Farg‘ona: 249 ming so‘mdan;
- Toshkent — Qarshi: 278 ming so‘mdan;
- Toshkent — Termiz: 424 ming so‘mdan;
- Toshkent — Urganch: 512 ming so‘mdan;
- Toshkent — Nukus: 512 ming so‘mdan;
- Buxoro — Urganch: 336 ming so‘mdan.
Narx bir yo‘nalish uchun ko‘rsatilgan bo‘lib, qaytish yo‘nalishida ham xuddi shunday narx belgilangan. Narx chet el valyutasiga bog‘liq va hozirgi vaqtdagi tarifni aks ettiradi.