AsosiySiyosat

Yakka tadbirkorlarga ham tilla buyumlari bilan savdo qilishga ruxsat beriladi

Shuningdek, zargarlikda milliy brend yaratish uchun chetdan dizayner, texnolog, gemmologlarni olib kelish xarajatining bir qismi qoplab beriladi.

'Yakka tadbirkorlarga ham tilla buyumlari bilan savdo qilishga ruxsat beriladi'ning rasmi

O‘zbekistonda yakka tadbirkorlarga ham tilla buyumlari bilan savdo qilishga ruxsat beriladi. Bu haqda 26 may kungi mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

2024 yilda zargarlikda ishlab chiqarish 200 mln dollardan oshgan, eksport esa 17 foizga o‘sib, 92 mln dollarga yetgan.

Prezident mamlakatda yiliga 100 tonnadan ziyod oltin qazib olinayotganiga qaramay imkoniyatlarning o‘ndan biri ham ishga solinmayotgani qayd etdi. Shuningdek, davlat rahbari sohada "xufiyona" iqtisodiyot ulushi yuqori ekanini aytdi.

"Yiliga 550−600 mln dollarlik buyumlar norasmiy tilla bozorlarida aylanmoqda. Yoki mustaqil izlovchilar 2020 yilda 40 kg oltin topshirgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu 100 karra kamaygan", — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda sohani "soya"dan chiqarish uchun yakka tadbirkorlarga ham tilla buyumlari bilan savdo qilishga ruxsat berish, zargarlikda milliy brend yaratish uchun xorijdan dizayner, texnolog, qimmatbaho toshlar bilan ishlaydigan gemmologlarni olib kelish xarajatining bir qismini qoplash bo‘yicha takliflar bildirildi. Davlat rahbari bu takliflarni ma’qulladi.

Bu orqali zargarlar yakka tadbirkor sifatida tilla buyumlari savdosi bilan shug‘ullana oladi. Prezident mutasaddilarga joylardagi norasmiy zargarlik rastalarini zamonaviy ko‘rinishga keltirib, ularning faoliyatini qonuniylashtirish topshirig‘ini berdi.

Chetdan mutaxassis olib kelish xarajatining 2,5 ming dollargacha qismi kamida 5 nafar shogird chiqarish sharti bilan qoplab berilishi belgilandi.

Yig‘ilishda prezident zargarlikda ham sanoat usuliga o‘tib, ichki bozorni himoya qilish va milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash vaqti kelganini aytdi.

Buning uchun zargarlik sanoatida ishlatiladigan uskunalar va ularni butlovchi qismlari import bojidan ozod qilinadi. Navoiy va Olmaliq kombinatlaridan oltinni bo‘lib to‘lash asosida sotib olish tartibi yana 3 yilga uzaytiriladi.

Nufuzli brendlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ularning dizayni va qolipini olib kelish xarajatining 30 ming dollargacha qismi qoplab beriladi.

    Boshqa yangiliklar