Xorijiy tajriba asosida Yakkasaroy tumani, Andijon va Xivada ishlab chiqaruvchilarga ham, investorlarga ham jozibador zargarlik markazlari ochildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bunday markazlar butun respublika bo‘yicha barpo qilinishi belgilandi.
Mutasaddilarga joriy yilning o‘zida xomashyo, laboratoriya, o‘quv markazi, shou-rum va do‘konlari bir joyda bo‘lgan yana 6 ta markazni ishga tushirish, xorijiy dizayner va texnologlarni jalb qilib, zargarlarni o‘qitish topshirildi.
“Hamma eshitib olsin. Zargarlarning xomashyo bilan bog‘liq birorta muammosi bo‘lmasligi kerak”,
- dedi Prezident.
Shu maqsadda bu yil birjaga chiqariladigan oltin hajmi 6 tonnadan 8 tonnaga oshiriladi.
Yangi zargarlik markazlari ishga tushgan Toshkent shahri, Andijon va Xorazmda, bu yil bunday markazlar ochilishi reja qilingan Buxoro, Namangan, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida hamda qolgan hududlarda ehtiyojdan kelib chiqib oltin zaxirasi yaratiladi.
“Ochiq aytish kerak, tartib-intizom, shaffof tizim bo‘lmagan sohada “katta sakrash” qilib bo‘lmaydi. Shuncha sharoitdan keyin ham “soya”da ishlayotganlarga nisbatan qonun ustuvorligi ta’minlanadi”,
- dedi Prezident.
Asillik inspeksiyasi Soliq qo‘mitasi va Bosh prokuratura bilan birgalikda zargarlik sohasida qat’iy nazorat o‘rnatishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Tadbirkorlar zargarlik buyumini Asillik inspeksiyasidan tamg‘alatib, kirim qilishiga bir oy vaqt berilishi belgilandi.
Umuman, mutasaddilarga sohani chuqur tahlil qilib, “xomashyo – ishlab chiqarish – savdo” zanjiridagi barcha ishtirokchilarni “soya”dan chiqib ishlashini rag‘batlantiradigan tizim ishlab chiqish topshirildi.
Aholi soni o‘sishi, urbanizatsiya jarayoni qurilish materiallariga bo‘lgan talabni oshirmoqda.
Yil boshidan pudrat ishlari 10,3 foizga o‘sdi. Lekin omborlarda katta hajmda keramik plita, gipsokarton, oyna, bazalt momig‘i yig‘ilib qolgan. Vaholanki, yiliga 225 million dollarlik xuddi shunday tovarlar import bo‘lmoqda.
Endilikda developerlarga aylanma mablag‘ uchun kredit ajratishda mahalliy qurilish materialiga ustuvorlik beradigan tizim joriy qilinadi.
O‘tgan yili Qurilish inspeksiyasi o‘tkazgan o‘rganishlarda 1 ming 600 ta holatda sifatsiz qurilish materiallari ishlatilgani aniqlangan.
Shu munosabat bilan “Shaffof qurilish” platformasida qurilish materiallari korxonalari va ularning mahsulotlari reyestri shakllantiriladi. Mahsulotlar sifati reytingi yuritiladi va har chorakda yangilab boriladi.
Qurilishda yangi turdagi, energiya tejamkor materiallar paydo bo‘lmoqda. Lekin ko‘plab mahsulotlarning standarti yo‘qligi, borlari ham xalqaro talablarga mos emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilarga yil yakunigacha 68 ta xalqaro standartni qabul qilish topshirildi.
Yig‘ilish davomida soha va hudud rahbarlarining axboroti, tadbirkorlarning takliflari tinglandi.