"Ideal uyqu vaqti" degan umumiy qoida mavjud emas, chunki har bir insonning o‘z hayot ritmi bor. Bu haqda shifokor Vladimir Kovalzon ma’lum qildi.
Mavzuga nemisning Groningen tibbiyot instituti olimlari xulosalari sabab bo‘ldi. Ularga ko‘ra, kech uxlash, ayniqsa oliy ma’lumotli insonlarda, miya qarishini tezlashtirishi mumkin.
Mualliflar bunday insonlar uyqudan oldin ortiqcha fikrlashga moyil bo‘lishini, bu esa salbiy ta’sirni kuchaytirishini taxmin qilgan. Ammo Kovalzon bu fikrlarni asossiz deb atab, tanqid qilgan.
«Bu axmoqlik va bemanilik! Erta yoki kech uxlash inson hayotiga hech qanday ta’sir qilmaydi — hammasi uning ish ritmiga bog‘liq. Agar siz ma’lum vaqtda uxlashga o‘rgangan bo‘lsangiz, barchasi yaxshi bo‘ladi», — dedi u.
Mutaxassis fikriga ko‘ra, insonga zarar qiladigan narsa — bu uyqu rejimidagi keskin o‘zgarishlardir, ayniqsa keksalar va kasallar uchun. Yoshlar esa bunday o‘zgarishlarga yengilroq moslashadi. Kovalzon ta’kidlashicha, uyquning yo‘qligi rak, insult yoki infarkt kabi jiddiy kasalliklarga darrov olib kelmaydi.
Shifokorning ta’kidlashicha, har bir insonning uxlash odati har xil. Kimgadir uxlashdan oldin gadjetlar zarar qilsa, boshqalarni televizor ovozi uyquga ketkazishi mumkin. Eng muhimi — o‘z rejimiga rioya qilishdir.
Masalan, tibbiyot xodimlari va harbiylar ko‘pincha "erta turguchilar" bo‘ladi, ijodkorlar esa odatda kech faol bo‘lishadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, faol kechki to‘ylar va ko‘p ovqat yeyish sog‘lom uyquga to‘g‘ri kelmaydi, har qanday keskin odat o‘zgarishlari organizmga zarar yetkazishi mumkin.