AsosiyJinoyat

Qoraqalpog‘istonda o‘qituvchilardan attestatsiya uchun ommaviy pora olingani fosh bo‘ldi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

'Qoraqalpog‘istonda o‘qituvchilardan attestatsiya uchun ommaviy pora olingani fosh bo‘ldi'ning rasmi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida 100 nafardan ortiq o‘qituvchidan attestatsiyadan o‘tkazish uchun pul olingani, sinovlarga telefon bilan kirishga yo‘l berilgani va pora pullari bo‘linib olingani aniqlandi. Bu haqda DXX “Darakchi.uz”ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Nukus shahridagi umumta’lim maktabi o‘qituvchisi maktab direktori o‘rinbosarining topshirig‘iga ko‘ra, kasbiy sertifikat sinovidan o‘tkazish evaziga Chimboy tumanida ishlovchi hamkasbidan 1000 AQSH dollari olgan paytida DXX va Ichki ishlar qo‘mitasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tergovgacha bo‘lgan tekshiruvda ma’lum bo‘lishicha, direktor o‘rinbosari 100 nafardan ortiq o‘qituvchidan 1000–1500 dollardan pora olib kelgan va bu haqda shaxsiy bloknotida qaydlar yuritgan.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Pedagoglarni bilim va malakasini baholashni tashkil etish sho‘basi bosh metodisti ham ishga aloqador bo‘lib chiqdi. U davlat attestatsiyasida “yordam berish” evaziga yig‘ilgan 10 450 dollarni ixtiyoriy ravishda topshirgan.

Ushbu jarayonda Milliy gvardiya xodimi ham o‘qituvchilarni shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazmasdan, testga telefon bilan kirishga yo‘l ochgani, o‘z vazifasiga loqayd yondashgani aniqlandi.

Pora tariqasida olingan pullar shaxslar o‘rtasida bo‘lib olingan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar