AsosiyDunyo

Ukrainada sokinish urush tili boʻlib qoldi

Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng Ukraina jamoatchilik tilida so‘kinish keng tarqaldi.

'Ukrainada sokinish urush tili boʻlib qoldi'ning rasmi

Siyosatchilar, jumladan Prezident Zelenskiy ham so‘kinishga majbur bo‘lmoqda. Mutaxassislar fikricha, bu — urush oqibati va ruhiy bosimning ifodasi.

Rossiyaning 2022 yil fevralida Ukrainaga bostirib kirishi mamlakat hayotining barcha jabhalariga ta’sir ko‘rsatdi — siyosatdan tortib kundalik hayotgacha. Endi esa so‘zlashuv madaniyati ham o‘zgarib bormoqda: Ukrainada so‘kinish, ayniqsa rus tilidagi mat, urush fonida qarshilik, alam va o‘zini ifoda etish vositasiga aylangan.

DW nashrining yozishicha, urush yillarida "Putin — x..o", "Rus harbiy kemasi, bor…", kabi so‘zlar nafaqat xalq orasida, balki siyosiy minbarlarda ham erkin ishlatilmoqda. Prezident Vladimir Zelenskiy amerikalik blogger Leks Fridman bilan intervyusida Rossiya prezidentiga qarshi kiritilgan sanktsiyalarni "bu — x…ya" deb baholadi va bu so‘z uchun uzr so‘rashga majbur bo‘ldi.

O‘z navbatida, tinchlikparvar mitinglar va fuqarolik noroziliklari paytida odamlar "Nega x…yapti?", "Sizlar o‘x…bsizlarmi?", "Bas qiling!", "Tamom, p…z!" kabi yozuvlarni ko‘tarib chiqqan holatlar ko‘p bo‘lmoqda.

Yozuvchi Oksana Zabujko bu holatni urush oqibati deb hisoblaydi. "Mat qahramonlashtirildi. Urush davom etar ekan, bu holatni to‘xtatish amri mahol", — deydi u. Nashriyotchi Vitaliy Kapranov esa bunday so‘zlar yoshlar og‘zida nojo‘iz ko‘rinishiga qaramay, "tunlari raketa hujumlaridan qiynalayotgan xalqning dardli nolasi" sifatida tushunish kerakligini aytadi.

Biroq lingvistlar bu hodisaga turli baho bermoqda. Tilshunos Oksana Gavriliyvga ko‘ra, mat aslida ukrain tiliga xos emas, balki rusifikatsiya (ruslashtirish) siyosatining natijasi sifatida paydo bo‘lgan. Ukrain tilining nufuzli olimi, professor Pavel Gristenko esa mat har qanday tilda borligini tan oladi. Lekin, deydi u, "dushman bilan kurashayotgan paytda bu tushunarli bo‘lishi mumkin, biroq o‘z fuqarolaring bilan aloqa qilayotganda ehtiyot bo‘lish zarur".

Xulosa qilib aytganda, Ukrainada mat endi shunchaki so‘kinish emas, balki ichki azob, qarshilik, kuchli emotsiyalarning ifodasiga aylangan. Urush fonida bu holat hali uzoq saqlanishi mumkin, deydi mutaxassislar.

    Boshqa yangiliklar