Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati natijalari va uni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, joriy yil 17 mart kuni rasman faoliyat boshlagan markaz qisqa vaqt ichida mamlakatning yirik madaniy-ma’rifiy maskanlaridan biriga aylandi. 1 iyun holatiga ko‘ra, muassasaga yarim million nafar mahalliy va xorijiy mehmon tashrif buyurgan. Kunlik tashriflar soni o‘rtacha 6 ming nafarni tashkil etmoqda.
Shu davrda markazda 150 dan ziyod xorijiy delegatsiya qabul qilingan, 2 ming nafardan ortiq xorijiy mehmon tashrif buyurgan. Majmua tarkibida Bolalar muzeyi va Imom Buxoriy innovatsion muzeyi tashkil etilgan, binoda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyat yuritmoqda.
Taqdimotda markaz tomonidan ilmiy va innovatsion yo‘nalishlarda 810 ta loyiha amalga oshirilgani, ularda qariyb 2 ming nafar mahalliy va xorijiy olim ishtirok etgani ma’lum qilindi. Shuningdek, 1 mingdan ziyod artefakt O‘zbekistonga qaytarilgani, kutubxona fondi esa 3 mingdan ortiq nodir nashr bilan boyitilgani qayd etildi.
Markaz “Dunyoning eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi” sifatida “Ginnesning jahon rekordlari kitobi”dan o‘rin olgani ham ta’kidlandi.
Taqdimotda markaz faoliyatini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, ilmiy jurnalni xalqaro “Scopus” va “Web of Science” bazalariga kiritish, qo‘lyozmalarning raqamli katalogini yaratish, “Islom ma’rifati” stipendiyasini joriy etish va yoshlarni keng jalb qilish rejalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, xorij muzeylari, auktsionlari va xususiy kolleksiyalarida saqlanayotgan O‘zbekistonga oid madaniy meros namunalarini aniqlash va Vatanga qaytarish bo‘yicha doimiy mexanizm yaratish zarurligi qayd etildi.
Kelgusida “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusida I xalqaro Islom forumini o‘tkazish, BMT va YUNESKO maydonlarida maxsus taqdimotlar tashkil etish, shuningdek, markaz faoliyatini 55 davlatda targ‘ib qilish rejalashtirilmoqda.
Prezident markaz xalqimizning boy madaniy merosi va ma’rifatparvarlik an’analarini dunyoga namoyon etadigan nufuzli ilmiy-ma’rifiy maskanga aylanishi lozimligini ta’kidladi hamda mutasaddilarga qator topshiriqlar berdi.






