AsosiyJamiyat

Afrosiyob poyezdlarida Wi-Fi ga ulanish imkoniyati yaratildi

Yo‘lovchilar ichki media portaldan foydalanib, filmlar tomosha qilish va musiqa tinglash mumkin.

'Afrosiyob poyezdlarida Wi-Fi ga ulanish imkoniyati yaratildi'ning rasmi

Barcha yo‘nalishlardagi «Afrosiyob» poyezdlari yo‘lovchilari uchun Wi-Fi xizmati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bildirilishicha, endi dastlabki 30 daqiqa bepul ulanish imkoniayti mavjud bo‘lib, yo‘lovchilar ichki media portaldan foydalanib, filmlar tomosha qilishi va musiqa tinglashi mumkin.

Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, tarmoq allaqachon barcha vagonlarda va «Afrosiyob» poyezdlarining barcha yo‘nalishlarida ishga tushirilgan. Tarmoqqa ulanish uchun telefon raqami orqali ro‘yxatdan o‘tish lozim.

Internetdan bepul 30 daqiqadan ortiq foydalanish tariflari quyidagicha:

48 soat — 15 ming so‘m;

7 kun — 25 ming so‘m;

30 kun — 50 ming so‘m.

Safar davomida Wi-Fi tarmog‘iga ulanish bo‘yicha savollaringiz bo‘lsa, vagon kuzatuvchisiga murojaat qilishingiz mumkin.

«O‘zbektelekom» davlat provayderi 14 iyul kuni Wi-Fi xizmati ishga tushirilganini ma’lum qildi. Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov 19 avgust kuni o‘zining Telegram kanalida Buxoroga safari chog‘ida Wi-Fi sifatini tekshirishga qaror qilgani haqida gapirib, ko‘pchilik hali ham xizmat ishga tushirilganidan bexabar ekanligiga e’tibor qaratdi.

«Transport vazirligiga poyezdlar ichiga qo‘shimcha uskuna qo‘yishga tegishli ruxsatlarni olishga yordam berishgani uchun minnatdorchilik bildiramiz va kelgusida xarid qilinadigan yangi poyezdlar boshidan ichidagi tegishli telekommunikatsiya uskunalari bilan olinadi deb umid qilamiz. Tez harakatlanadigan va metall ko‘p ishlatilgan vagonlarda tashqaridagi aloqa signallari abonentlarga yetib borishida muammo bo‘ladi, shuning uchun ularning ichida tegishli qurilma o‘rnatilishi shart», — deb yozadi Sherzod Shermatov.

    Boshqa yangiliklar