DXX chegarara qo‘shinlari va ichki islar idoralari hamkorligida Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 2005–2006 yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs 20 kgdan ortiq “opiy” va 41 kg “gashish”ni Tojikistondan olib kirish paytida ushlandi. Keyinchalik ularning sheriklari ham qo‘lga olindi.
Toshkent viloyatidagi operatsiyada esa Qozog‘iston orqali mamlakaga kirgan marmar tosh ichiga yashirilgan 7,9 kg “Mefedron” topildi. Tekshiruv jarayonida bu moddalarni Rossiyadan olib kelib, O‘zbekistondagi xaridorga yetkazib berish rejasi fosh etildi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatida afg‘onistonlik narkosavdogarlardan giyohvandlik vositalarini olib sotish bilan shug‘ullangan ayol va uning o‘g‘li ham qo‘lga olindi. Ulardan qariyb 10 kg “opiy” va “gashish” musodara qilindi.
Jami 79 kg 744 gramm giyohvandlik vositasi aylanmasiga chek qo‘yildi. Barcha gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.