O‘zbekistondagi barcha maktablarda 2025/2026-o‘quv yili uchun darslar 2 sentyabrdan boshlanadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, maktablarning birinchi dars soatlarida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida “Kelajak soati” darslari o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, joriy yilda birinchi sinfga qabul qilinadigan 738 ming nafardan ortiq o‘quvchiga 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘asi” tantanali topshiriladi.
Ma’lumot uchun, oliygohlarda 1-bosqich talabalariga darslar 3 sentyabrdan, yuqori kurslarga 8 sentyabrdan boshlanadi.