1 dekabrdan boshlash "Iste'molchi murojaati" nomli yangi elektron tizim ishga tushadi. Bu tizim fuqarolarning shikoyatlarini tezkorlik bilan ko‘rib chiqish va javobgarlikni oshirishga xizmat qiladi.
Bugungi raqamli dunyoda adolatli raqobat va ochiq bozor tamoyillarini ta'minlash dolzarb vazifalardan biriga aylanmoqda. Shu maqsadda Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi "Fair Tech" axborot tizimi asosida bir qator innovatsion echimlarni joriy qilmoqda.
Qo‘mita huzuridagi "Raqamli transformatsiya va autsorsing markazi" tomonidan ishlab chiqilgan FAIR TECH tizimi doirasida dorixonalarda ortiqcha narx ustamalarini avtomatik anqlovchi modul ishlab chiqildi. Natijada, 1525 ta dorixonada 332 mingdan ortiq holatda jami 14,2 milliard so‘m ortiqcha daromad aniqlandi va aholiga qaytarildi.
Shuningdek, yangi qurilayotgan uy-joylar savdosida esa eskrou tizimi joriy etilib, foydalanuvchilarning pul mablag‘lari xavfsizligini ta'minlash choralari ko‘rilmoqda.
Yil boshidan beri iste'molchilar tomonidan kelib tushgan murojaatlar soni o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga kamaygani qayd etilgan.
Fuqarolar 1159 qisqa raqamli call-markazi, Telegram bot (@rquzBot), rasmiy sayt va Jivochat orqali qo‘mita bilan bog‘lanib, murojaatlarini yuborishlari mumkin. 2020–2025 yillar davomida turli sohalarda kelib tushgan murojaatlar soni 128 mingdan ortdi.
Prezident farmoniga ko‘ra, 2025 yil 1 dekabrdan yangi "Iste'molchi murojaati" elektron tizimi ishga tushadi. Bu platforma shikoyatlarni mutasaddilarga avtomatik yo‘naltirib, ularni ko‘rib chiqish holatini real vaqt rejimida nazorat qilish imkonini beradi.