Anadolu agentligining yozishicha, Oslodagi jamoat transporti uchun mas'ul Ruter kompaniyasi yoz oylarida ikki avtobusni — biri Niderlandiyada, ikkinchisi Xitoyda ishlab chiqarilgan — maxfiy testdan o‘tkazgan. Tekshiruv natijasida Niderlandiya modelida bunday imkoniyat mavjud emasligi, Yutong elektrobuslarida esa ishlab chiqaruvchi masofadan dasturiy boshqaruv o‘rnatgani aniqlangan.
Mutaxassislar bu tizim yovuz maqsadlarda qo‘llansa, transport vositalarining butun elektron infratuzilmasi ishdan chiqishi mumkinligini ta'kidladi.
Bu holat Yevropada raqamli xavfsizlik va tashqi texnologiyalarga qaramlik masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi.
Norvegiyada olingan natijalardan so‘ng diqqat Daniyaga qaratildi — mamlakatda hozirda 262 ta Yutong elektrobus faoliyat ko‘rsatmoqda.
Daniya transport operatori Movia rahbari Yeppe Gaard bu holat yuzasidan tekshiruv boshlangani ma'lum qildi.
Yevropa rasmiylari xorijiy texnologiyalar orqali tashqi ta'sir ehtimoliga e'tibor qaratmoqda. Kiberxavfsizlik mutaxassislari esa transport infratuzilmasida milliy dasturiy ta'minot va serverlardan foydalanish zarurligini ta'kidladi.
Avvalroq Xitoydan Toshkentga 202 ta Yutong elektrobuslari olib kelingani haqida xabar berilgan edi.






