AsosiySUG'DIYONA

Bayram oldi mo``jizani o`z qo`llaringiz bilan yarating!

Ayollarimiz hech tinib-tinchimaydi. Hali supur-sidir, hali pishir kuydir. Tashqi ko`rinish haqida esa hamma ishni qoyillatib bo`lganidan keyingina qayg`urishga tushishadi. Aslida mo``jiza yaratish uchun bir kunda bir soatgina vaqt ajratishning o`zi kifoya. Natija ko`zlarni quvontirishi kafolatlanadi.

Birinchi kun—tozalovchi

         Yuz

  • Bir choy qoshiq xom guruchni kofemaydalagichda tuying. Unga 2 osh qoshiq tvorog va 1 choy qoshiq ilitilgan o`simlik moyini solib aralashtiring. Niqobni yuzingizga surtib 15 daqiqadan so`ng iliq suvda yuvib tashlang. So`ng yuzingizni bir tomchi xushbo`y moy solingan sovuq suvda yuvib tashlang.

Qo`l va oyoqlar

  • Apelsin sharbati va yarim stakan o`simlik yog`ini aralashtiring. Qo`l terisi va tirsagingizga surtib 10 daqiqa uqalang. So`ng yuvib, qo`l kremini surting.
  • Tog`oraga iliq suv quyib unga 1 osh qoshiq tuz va 2 choy qoshiq soda soling. Oyog`ingiz suvda 15-20 daqiqa turganidan so`ng yaxshilab artib, krem surting (har qanday krem to`g`ri keladi).

Ikkinchi kun—oziqlantiruvchi

         Yuz

  • Mayda qirg`ichdan yarimta tozalangan bananni o`tkazib bitta tuxum sarig`i va 1 choy qoshiq smetana solib aralashtiring. Niqobni yuzingizga surting va 20 daqiqadan so`ng iliq suvda yuvib tashlang.

Soch

  • Bitta tuxum sarig`i, 1 choy qoshiqdan shampun va asal solib aralashtiring. Soch va bosh teringizga surtib maxsus shapka kiying va sochiq bilan o`rang. 30 daqiqadan so`ng yuvib tashlang. Bu niqobdan so`ng sochingiz yanada jiloli bo`ladi.

Uchinchi kun—tetiklantiruvchi

     Yuz

  • 1 stakan qaynatilgan suvga 1 osh qoshiq dala qirqbo`g`inini (xvosha) soling. Yarim soatdan so`ng paxta tamponlarini shu qaynatmada namlab, qovoqlaringizga 20 daqiqaga qo`ying. 
  • Bir bo`lak qovoqni qaynating, so`ng ezib 1 choy qoshiq smetana bilan aralashtiring. Yuzingizga surting va 15 daqiqadan so`ng qaynatilgan iliq suvda yuvib tashlang.

Qo`llar

  • Qo`lingizga qalin qilib mayonez surting. Maxsus yupqa qo`lqop, ustidan esa eski boshmaldoqli qo`lqop kiying. 30 daqiqadan so`ng iliq suvda yuvib tashlang.

Oyoqlar

  • Oyog`ingizni 10 soniyadan avval issiq suvga so`ng sovuq suvga botiring. Bir-biriga qarama-qarshi vanna qon tomirlari uchun eng kerakli muolaja hisoblanadi.

Tana

  • Bir stakan issiq suvga 4 osh qoshiq ko`k choy soling. 10 daqiqadan so`ng choy barglarini tanangizga surting so`ng polietilen plyonka o`rab sochiqli halat kiying.

To`rtinchi kun—mustahkamlovchi

      Yuz

  • Antiallergiya sovunini ko`pirtiring. Yuzingizni sovunlab (ko`z atrofidan tashqari) so`ng shakar upasini engil uqalovchi harakat bilan surtib chiqing. Muolajadan so`ng yuzingizni qaynatilgan iliq suvda yuvib, namlantiruvchi krem surting.
  • Bir dona tuxum sarig`ini 2 osh qoshiq tvorog va 1 osh qoshiq zaytun yog`i bilan aralashtiring. So`ng yuzingizga surtib 20 daqiqadan so`ng qaynatilgan iliq suvda yuvib tashlang.

Soch

  • 1 osh qoshiqdan asal, aloe sharbati, soch balzami va bitta tuxum sarig`ini aralashtirib soch va bosh terisiga surting. Boshingizni sochiq bilan o`rang. 20 daqiqadan so`ng iliq suvda yuvib tashlang.

Tana

  • 300 gramm asal va 200 gramm suvda eritilgan quruq sutni aralashtiring. Aralashmani tanangizga surtib tanangizni yana yuqorida ko`rsatilgandek o`rang. 30 daqiqadan so`ng dush qabul qilib badaningizga oziqlantiruvchi krem surting.  

Biz ba`zan o`zimizga har qancha ko`p pardoz bermaylik yuzimizdagi norozilik, xafagarchilik va g`azablanish aksi tufayli kerakli natijaga erisha olmaymiz. Shu sabab doim tabassum qiling va olam sizga kulib boqadi.

QUNDUZXON tayyorladi

Boshqa yangiliklar