1

«Onam, nabiralariga vasiy bo`loladimi?», «Hadya qilingan mulk bo`linadimi?» kabi savollarga mutaxassislar javobi

Savol-javob 21.12.2016, 13:50
Teglar: Savol-javob
«Onam, nabiralariga vasiy bo`loladimi?», «Hadya qilingan mulk bo`linadimi?» kabi savollarga mutaxassislar javobi

Murojaatlaringizga huquqshunos Durdona NAZAROVA hamda Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi xodimi Zafarjon XO`JAEV javob berishadi.

Eslatib o`tamiz, mutaxassislar izohi tavsiyaviy xarakterga ega.

 

«ONA-BOLANING TILI BIR!»

— Turmush o`rtog`imning vafot etganiga 10 yil bo`ldi. Farzandlarimni bir o`zim tarbiyalayman. Biz yashab kelayotgan uyning yarmi kichik qizimga, qolgani esa qaynonamning nomiga rasmiylashtirilgan. Ayni dam qaynonam qaynisinglim bilan til biriktirib, bizni uydan haydashayapti. Uy hujjatlarini ham olib qo`yishgan. Qaynonam hovlining ikkinchi yarmini ham o`z nomiga o`tkazmoqchi. Bu ishni qizimning roziligisiz bajarishi ham mumkinmi?

Muharram Mo`minova, Zangiota tumani

— Agar qizingiz voyaga etgan bo`lsa, nizoli uyning tegishli qismini o`zgalar nomiga tasarruf etish bilan bog`liq harakatlar, albatta uy mulkdori, ya`ni farzandingizning roziligisiz amalga oshirilmaydi.  Bordi-yu, qizingiz voyaga etmagan bo`lsa, mulkni tasarruf etish masalasi uning qonuniy vakillari ota-onasi, vasiy va homiylik organlarining roziligi bilan bolaning manfaatini ko`zlagan holda bajariladi.

 

«ONAM, NABIRALARIGA VASIY BO`LOLADIMI?»

— Ajrashganman. Ikki nafar farzandim bor. Sobiq erim ichkilikka mukkasidan ketgan odam. Otalik huquqidan mahrum etilgan. Aliment ham to`lamaydi. To`ng`ichim 18 yosh, kichigi 16 ga kirdi. Onam ularni o`z qaramog`iga olib, vasiy bo`lmoqchi. Shunday qilinsa bo`ladimi?

Ismi sir tutildi.

— Voyaga etmagan bolalarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida ular ota-onasiz yoki turli sabablarga ko`ra qarovsiz qolgan hollardagina vasiy yoki homiy tayinlanishi mumkin.

 

«O`G`LIMGA UY TALAB QILOLAMANMI?»

— 13 yil avval erim bilan ajrashganmiz. Ammo nikohimiz qonunan bekor qilinmagan. U qayta uylandi, farzandlari bor. O`g`lim  ikkimiz hali ham kelin bo`lib tushgan xonadon «propiska»sida turamiz. Turar-joy ro`yxatida bo`lganimiz munosabati bilan o`g`lim uchun otasining hovlisidan ulush ajratib berishlarini so`rasam bo`ladimi? Buning uchun qaerga murojaat qilinadi?

Ismi sir tutildi.

— Siz nazarda tutgan mulk, sobiq eringiz bilan birgalikdagi nikoh davrida orttirilgan bo`lsa, uning ikkidan bir qismiga egalikni so`rab, sudga murojaat qilishingiz mumkin. Ushbu uyda farzandingiz bilan uzoq muddat davomida yashamasdan turib, uy ro`yxatida saqlanib qolishligingiz, o`g`lingizga uyning ikkidan bir qismini ajratib olishlik uchun asos bo`lolmaydi.

«IShGA OLIShMAYaPTI...»

— Sog`ligimdagi muammolar tufayli boshqa zavodga ishga o`tdim. Ahvolim o`nglangach, yana avvalgi ish joyimga qaytishni reja qilgandim. Shu maqsadda zavod rahbariyatiga murojaat qilsam, so`rovim rad etildi. Ish beruvchi shaxsiy adovati sabab ishga olmaslikka haqlimi? Axir atay ishdan ketmagandim-ku?!

Ismi sir tutildi.

— Savolingiz mazmuniga ko`ra, siz sog`ligingiz yomonlashgani bois o`z ixtiyoringiz bilan mehnat shartnomasini bekor qilgansiz. Endilikda avval ishlab kelgan zavodga ishga kirish istagingiz yangi mehnat shartnomasini tuzish hisoblanib, bunda tomonlarning o`zaro roziliklari talab etiladi.

 

«HADYa QILINGAN MULK BO`LINADIMI?»

— Yoshim 41 da. Turmushim bo`lmay, ajrashganman. Farzandim ham yo`q. Shu paytgacha ajrim masalasi qonuniy hal qilinmagandi. Ajrimga bersam, mol-mulk  taqsimlanishi haqida o`ylab, ikkilanib turibman. Otam vafotidan oldin o`zi yashab turgan uyni menga hadya qilib bergan. Ajrim vaqti mana shu uyning yarmi erimning nomiga o`tib ketmaydimi? Axir mol-mulk teng bo`linadi-ku.

Ismi sir tutildi.

— Er-xotin o`rtasida birgalikda orttirilgan mulkni bo`lish nizolari ko`tarilgan vaqtda nikoh davrida yoki xotinga hadya qilingan mulk hadya qilingan shaxsning mutlaq mulki hisoblanib, er-xotin o`rtasida bo`linmaydi.

 

«QAYNIM OQIBATSIZ ChIQDI...»

— 2001 yil turmush o`rtog`imning nomida bo`lgan uyga kelin bo`lib tushdim. Birin-ketin farzandlarimiz dunyoga keldi. Erim otasining qistovi bilan o`ziga tegishli bo`lgan uyni ukasiga hadya qilib berdi. Bir necha yil oldin  ishlash uchun xorijga ketganicha hali ham qaytgani yo`q. Men bu erda bolalar bilan arang ro`zg`or tebratayotganimda, qaynim hovlining yarmini sotib yuborganini bilib qoldim. Axir oldi-sotdi ishlari amalga oshirilayotganida uy ro`yxatida bo`lganlarning roziligi so`ralmaydimi? Nahot bizning hech qanday huquqimiz bo`lmasa? Alam qilgani qaynim bizni uy ro`yxatidan chiqarish uchun G`ijduvon tuman fuqarolik sudiga beribdi. Endi biz nima qilaylik?

Telegram orqali kelgan savol

— Farzandlaringiz bilan nizoli uyda ro`yxat asosida doimiy yashab kelayotganingiz bois mulkdor sizning roziligingiz bilan turar-joy taqdim etmasdan turib, bu uydan sizni ko`chirolmaydi. Bordi-yu, qayningiz  bilan o`rtangizdagi nizo fuqarolik sudida ko`rilayotgan bo`lsa, sud siz va farzandlaringiz manfaatlarini himoya etgan holda masalani adolat bilan hal qiladi.

ERTAROQ NAFAQAGA ChIQMOQChIMAN...

— 1963 yilda tug`ilganman. 15-20 yillik ish stajim bor. Farzandlarimdan biri nogiron. Uni parvarishlab, keyinchalik ishlamadim. Hozir mana shu staj bilan pensiyaga chiqsam bo`ladimi?

Aziza Suvonova, Jizzax viloyati

— Qonun hujjatlariga muvofiq bolalikdan nogiron farzandlarning onalari ularni sakkiz yoshgacha tarbiyalagan bo`lsa — ish staji kamida 20 yil bo`lgan taqdirda umumiy belgilangan yoshni 5 yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqiga ega bo`ladilar.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 sentyabrdagi 252-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat pensiyalarini tayinlash va to`lash tartibi to`g`risida Nizomning 35-band, «d» kichik bandiga asosan I guruh nogironini yoki 16 yoshgacha nogiron bolani, shuningdek o`zgalarning parvarishiga muhtoj bo`lgan 80 yoshga to`lgan keksaga qarab turish vaqti pensiya tayinlash uchun zarur bo`lgan ish stajiga faqat qarab turgan va qarab turishga muhtoj bo`lgan shaxs bilan birga yashagan shaxslardan biriga qo`shib hisoblanadi.

Nizomning 38-bandiga asosan, nogironni sakkiz yoshgacha tarbiya qilgan bolalikdan nogironning onasiga pensiya tayinlashda talab qilinadigan 20 yillik ish stajiga ushbu Nizomning 35-bandi «a»-«d» kichik bandlarida ko`rsatilgan davrlar qo`shib hisoblanadi.

I guruh nogironini yoki 16 yoshgacha nogiron bolani, shuningdek o`zgalarning parvarishiga muhtoj bo`lgan 80 yoshga to`lgan keksaga qarab turish vaqti Qonunning 8-moddasi talablariga rioya etgan holda ish stajiga kiritiladi. Qonunning 8-moddasiga asosan pensiya tayinlash uchun (7-modda) etarlicha ish stajiga ega bo`lmagan shaxslarga yoshga doir pensiyalar ushbu Qonun 37-moddasi birinchi qismining «a», «b», «v» va «g» bandlarida nazarda tutilgan kamida 5 yil ish staji mavjud bo`lgan taqdirda, bor stajga mutanosib miqdorda (29-modda) tayinlanadi.

Nizomning 65-bandiga asosan qarab turishning haqiqiy holatlarini tekshirish dalolatnomasi fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organidan olingan ma`lumotlar va qarab turilgan shaxslardan, shuningdek ularning qo`shnilaridan so`rab chiqish asosida Pensiya jamg`armasi bo`limi tomonidan tuziladi.

Dildora YuSUFBEKOVA tayyorladi. 

Sharhlar

​“Qarindoshlarim uchun chegaradan nima olib o`tsam bo`ladi?”

28.06.2017, 15:30

Qozog`istonning Turkiston shahrida ukam yashaydi. Har ikki-uch oyda ularni ko`rgani borganimda asal, yong`oq, magiz kabi eguliklar olib boraman, qaytishda ukamham choy, shirinliklar berib yuboradi. Lekin...
​Ishlasa-da, pensiyani kimlar 100 foiz oladi?

23.05.2017, 14:45

Nafaqadagi harbiy xizmatchiman. Shu vaqtgacha nafaqadagi harbiy xizmatchilar davlat ishxonalarida ishlasa, pensiyaning 50 foizi to`lanardi. Endi ayrim sohalarda ishlaydigan pensionerlarning pensiyasi 100 foiz to`lanishi haqida...
​Ish haqidan kommunal to`lov uchun ushlab qolish mumkinmi?

23.05.2017, 14:41

Qizim bolalar muruvvat uyida hamshira bo`lib ishlaydi. Biz kommunal to`lovlarni o`z vaqtida to`lab boramiz. Qarzdorlik bo`lmasa-da, qizimning ish haqidan kommunal to`lovlarga deb har safar 10...
​Teridagi hollar: 5 savolga-javob

10.05.2017, 11:54

Ko`pchilikni teri ustida bo`rtib chiqqan, no`xatdek keladigan hollarining ko`rinishi bezovta qiladi. Yapaloq ammo katta hollarga esa unchalik e`tibor berilmaydi. Aslida aynan yapaloq hollar muammo keltirishi...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1