1

Bayram keladi-ketadi, uning kayfiyatini shirin xotiralar bilan ushlab qolish esa o`zimizga bog`liq!

SUG'DIYONA 23.12.2016, 10:17
Teglar: Bayram, Ayol, Oila, SUGDIYONA, Yangi yil
Bayram keladi-ketadi, uning kayfiyatini shirin xotiralar bilan ushlab qolish esa o`zimizga bog`liq!

«Eh, bir haftagina vaqt qoldi!» Shu fikr xayolimdan o`tgan zahoti turmush o`rtog`imni uyqudan uyg`otdim.

— Bugun ishdan ertaroq qaytasizmi?

— Balki… Biror joyga boramizmi? — dedi turmush o`rtog`im sinovchan nazar solib menga.

— Uyda archa, zar o`yinchoqlar bormikan, bilmaysizmi?

— Yo`q, uyda faqat kattalar yashaydi: men, ukam, dadam, oyim va sen. Archa nimaga kerak?! Bog`cha bolasimizmi biz?

— Axir Yangi yil bayramini nishonlamaymizmi?

— Menga qara, bizning uyimizda hech kim jonini koyitib, an`analarga amal qilmaydi. Mana, kecha kechki ovqatdan so`ng televizor ko`rib o`tirganimizda, patnisda shokolad bilan qahva olib kirding. Chiqib ketganingdan keyin hamma ortingdan xoholab kuldi.

— Nega?  Hamma qahvani ichib, shokoladni eb oldi-ku!

— To`g`ri, lekin bunaqa odat yo`q edi bizda! «Serial ko`p ko`rgan, shekilli», dedi dadam.

Bu gap dilimni biroz og`ritgan bo`ldi. Bilaman, yangi kelinning tilidan chiqadigan eng yomon gap bu: «Bizning uyimizda...» bo`ladi. Lekin bor haqiqat ham shu-da! Bizning uyimizda nafaqat Yangi yil, balki barcha bayramlar o`ziga xos an`ana va qadriyatlar bilan nishonlanar edi.

— Xo`p, unda Yangi yilda nima qilasizlar? Dasturxonda nimalar bo`ladi? Mehmonlar keladimi? Yoki biror joyga borasizlarmi?

— Dasturxonni men va ukam tuzardik.  Hamma narsaning tayyorini sotib olib kelamiz. Onam «Yil bo`yi ishlab charchadim, faqat bir kun televizorda o`zim istagan shouni ko`rib o`tiraman, menga tegmanglar», deydi. Dadam ham xuddi shu. Ukam va men o`rtoqlarim bilan biror joyda bayramni nishonlardik, tungi 12 da esa hamma allaqachon uxlab qoladi.

Shuyam bayram bo`ldimi? Bu safar hammasi boshqacha bo`ladi! Kelib-kelib, Yangi ko`chadan olingan ovqatlar bilan kutamizmi?  Yangi yilga ko`ylak olishim kerak deb, erimdan pul oldim. Ishdan kelayotib esa o`sha pullarga Yangi yil bezaklari, bayram dasturxoni uchun kerakli masalliqlarni sotib oldim. Qo`limda ikkita tuyoq, sakkizta paketni ko`tarib kirib kelayotganimni ko`rib, qaynonamning hushi boshidan uchdi:

— Dadangiz olib keldimi, shu boshog`riq tuyoqni! Obbo…

— Yo`q, oyijon, bozordan o`zim oldim. Xolodes qilamiz, norin tayyorlaymiz...

— Zarilmi sizga shuncha ish? Bir kunlik bayram o`tadi-ketadi! Siz kelgandan beri hammamiz semirib yotibmiz o`zi!

— Oyijon, hammasini o`zim tayyorlayman. Qo`shnilarga tarqatamiz. Yangi kelin nimalar qilibdi, deydi hamma. Qarindoshlar bir piyola choy ichgani kelsa, bozorning salatini oldilariga qo`ymaymiz-ku!

Xullas, turmush o`rtog`imga archa topib kelishni iltimos qildim, uni o`rnatib, bezab, shiftlarga zarlar ilib chiqdim. Qaynukam Qorbobo va Qorqiz kiyimlarini topib keldi. «Iltimos, dadajon, ammajonlarning bolalariga beramiz», deb sovg`alar sotib olishni qaynotamdan so`radim.  Doim «Men parhezdaman, hech qanaqa xamirli narsa pishirmang» deydigan qaynonam esa pishirgan xamirlarimdan bitta eb, bitta to`g`rab, bir tog`ora norin tayyorlab qo`yganini o`zi sezmay qoldi. Ikki haftalik kelinga birov biror narsa dermidi, hamma so`zsiz aytganimga ko`ndi!

Bayram kuni, hatto, bizning uyimizdagidan ham ajoyib o`tdi. Tush paytigacha dasturxonni ajoyib qilib bezatib qo`ydim. Qo`yarda-qo`ymay, butun oilani mashinaga o`tkazib, qarindoshlarimizni yo`qlab chiqishga majbur qildim. Ammayu xolalar, bolajonlarning xursandligini so`z bilan aytib-tugatib bo`lmaydi! Darvoqe, qaynotamdan ajoyib Qorbobo, qaynonamdan esa ko`hlikkina, bo`g`irsoqqina Qorqiz chiqdi. Notanish Qorbobo, Qorqiz, Maymoq va Mashaxon (men va kuyovim), yana Sherxon (qaynukam)ni tanimay uyga kirgazishni istamagan o`z otam «Uyimizda yosh bola qolgani yo`q, Qorboboga ishonadigan bittagina qizim bor edi, uni uzatib yuborganman», deb hazillashgan edi, Qorbobo-qaynotam «O`sha bittagina qizingizni qopimizga solib olib kelayapmiz, quda» desa bo`ladimi!  Ana shunaqa gaplar! Bayram keladi-ketadi, uning kayfiyatini shirin xotiralar bilan ushlab qolish esa o`zimizga bog`liq! 

AZIZANGIZ 

Sharhlar

O`zbekiston bosh archasi qaerda o`rnatilgani ma`lum qilindi (video)

10.12.2021, 10:32

Har yili uzoq kutiladigan Yangi yil ayyomiga sanoqli kunlar qoldi. Toshkentda esa bayram tantanalarini nishonlash uchun tayyorgarlik ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.  Eng baland sanalgan yurtimizning...
O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1