Kirib kelayotgan 2017 yil dunyo bo`yicha «Olovli tovuq» nomi bilan e`tirof qilinib, archa o`yinchoqlari, bezaklar va bayram dasturxonida yorqin, ko`zni qamashtiruvchi ranglar uyg`unligi aks etishi aytilmoqda. Bordiyu bayramga tayyorgarlikni endigina boshlayotgan bo`lsangiz, maslahatlarimiz asqotishiga ishonamiz.
Archa bezatamiz!
Bayram «malikasi» bu yil bor chiroyida namoyon bo`lishi lozim. Tovuq yiliga mos tarzda archa o`yinchoqlarining qizil, yaltiroq, to`q pushti va olov ranglilarini tanlaymiz. Zarlar ham tovlanuvchi yaltiroq shokildalarga boy bo`lsin. Yaqinlaringiz uchun bayram sovg`asini archa o`yinchoqlari orasiga yashirib qo`yishingiz mumkin. Shokolad, konfet va marmeladlarning osilma iplilarini tanlab, ulardan ham archa bezagi sifatida foydalaning. Ha-ya, sal qolsa unutay debmiz, bu yil sun`iy archaning oq va qizil barglilari urf bo`lgan. Xamyoningizga og`irliq qilmasa, sotib olishingiz mumkin.
Sharlarni bo`yaymiz!
Bu yilgi bayramda oddiy sharlardan foydalanmaymiz. Aniqrog`i rangli sharlarni kamaytirib, ko`proq tilla ranglilarini ko`paytiramiz. Bordiyu tayyor yaltiroq sharlardan xarid qilmagan bo`lsangiz, qo`lingizda bor to`plamdagi oq ranglilarini ajratib oling-da, yaltiroq bo`yoq yoki tovlanuvchi soch lakidan sepib ishlov bering. Shishirilgan sharlarni xona burchaklari, zina ushlagichlariga ilib chiqishingiz mumkin. Rangli sharlarga uzun tasmalarni bog`lab, ularga to`lqinsimon shakl bering. So`ng shiftga ilib chiqing. 40-50 ta shar bilan juda ajoyib ko`rinish hosil bo`ladi.
Chambaraklarga nima deysiz?
Bayram sovg`alari sotilayotgan rastalarni aylansangiz, qizil va tillarang archa o`yinchoqlari bilan bezatilgan chambaraklarni ko`rasiz. Bunday chambaraklarni eshikning kirish qismi yoki eshikning oldi tarafiga ilib qo`yishingiz mumkin.
Romantik kayfiyat istasangiz...
Archali kichik halqalarning bir nechtasini jovon yoki bayram dasturxonning o`rtasiga joylashtiring. So`ng xalqa ichiga qizil rangli shamlarni qo`yib chiqing. Soat millari 00:00 ga yaqinlashganida chiroqni o`chirib, shamlarni yoqib qo`yasiz. Sehrli oqshom va romantik kayfiyat!
Bolalar xonasini unutmadingiz-a?
Oddiy oq qog`ozdan qorparchalar qirqib oling-da, bolalar xonasining deraza va devorlarini bezating. Xohlasangiz bir nechta qorparchani tasmaga bog`lab, qandilga ilib qo`yishingiz mumkin. Bu ham juda chiroyli ko`rinadi.
Qizil, yashil, sariq...
Uy dizaynini tugatganingizdan so`ng hovli (agar ko`p qavatli uyda yashasangiz poezd yoki uyning old qismi) ga o`ting. Uzunligi 4-6 metrlik rangli chiroqlar yordamida hovlidagi daraxtlarni bezating. Tunda chiroqlarni ishga tushirsangiz ertakona manzarani ko`rasiz.
Bayram dasturxoni!
Olovli tovuq yilida dasturxon matosi tilla rangda bo`lishi aytilmoqda. Oq rangli dasturxon ustidan tilla rangligini solib, idishlarni joylashtirishingiz mumkin. Kirib kelayotgan yilga moslab, qadahlarning ham tilla rang bezaklisini tanlaymiz. Bordiyu buning imkoni bo`lmasa, qadahlarga tilla tasmani bog`lab qo`ysangiz ham bo`ladi. Dasturxonda ranglar uyg`unligi bo`lishiga diqqat qiling.
Oddiylikdan qoching!
Bu yil an`anaviy odatlardan uzoqlashing. Masalan, dasturxon bezashda qo`lsochiqlarini turli shakllarda taxlang. Ustma-ust qilib, archa shaklini hosil qiling. Uzun fujer ichiga o`ralgan sochiqni solsangiz ham bo`ladi. Yoki sanchqi va qoshiqni sochiq ichiga o`rab, bir uchini chiqarib qo`ying.
Yulduz tayyorladi