Har bir ayolni bayram bazmida qanday ko`rinishda namoyon bo`lish haqidagi shirin tashvishlar qamrab oladi. Bu masalada sizga ko`mak berish uchun bayram va kundalik hayotda asqotishi mumkin bo`lgan tavsiyalar bilan tanishishingiz mumkin.
Xo`sh, uy sharoitida 15 daqiqada soch turmaklash mumkinmi? 2017 yilda qanday rangdagi liboslar urf bo`ladi? Kirib kelayotgan yil qaysi ranglarni “xush ko`radi”? Shu kabi savollarga javob topishingiz mumkin.
Ayollar o`zlariga doimo e`tiborli bo`lishlari lozim. Bayram kunlari esa bu e`tibor ikki barobar kuchayishi kerak. Bugun e`tiboringizga uyda, mutaxassis ko`magisiz qilish mumkin bo`lgan soch turmagini havola etamiz.
Buning uchun bizga “nevidimka”lar va soch uchun lak kerak bo`ldi.
- Bu turmak uchun sochni yaxshilab quritish shart. Nam sochda turmak uzoq vaqt saqlanmaydi.
- Soch teng to`rt qismga bo`linadi.
- Har bir qism soch “dazmoli” yoki “ployka” yordamida quloqqacha bo`lgan uzunlikda jingalak qilinadi. Sochning tepa qismi jingalak qilinmaydi. Bu “inglizcha” uslub deyiladi va bu turmakda sochga umuman hajm berilmaydi.
- To`rtta qism ham jingalak bo`lgandan so`ng sochning old qismini orqasidan ajratib olamiz.
- So`ngra sochning orqa tomonidagi bo`lagi tashqi tomonga qaytargan holda tugun shakliga keltiriladi va “nevidimka” yordamida mahkamlanadi.
- Old tomondagi sochni esa quloqni yopgan holda orqadagi tugunga qo`shamiz.
- Umumiy kurinishda orqadagi tugunning ustki qismi tartibsiz jingalak holatida bo`ladi.
- Bunday uslubdagi soch turmagida turli aksessuarlardan foydalanish mumkin
Foydali maslahatlar
- 2017 yilda sochni hajmsiz turmaklash urfda bo`ladi.
- Sochning kalta yoki uzunligi urfga emas, har bir ayolning yuz tuzilishiga bog`liq. Masalan, yuzi dumaloq shaklda bo`lganlarga “kare” tavsiya etilmaydi. Bundan yuz tuzilishidagi ayollarga uzun sochlar ko`proq yarashadi.
- Yuzi oval shaklda bo`lgan ayollar sochlarini turli uzunlikdagi turmaklar bilan siylashlari mumkin.
- 40 yoshdan oshgan ayollarga kalta sochlar tavsiya etiladi. Kalta sochlar o`rta yoshdagi ayollarga latofatli ko`rinishga yordam beradi. Yosh va go`zal qizlarning husniga esa uzun sochlar yana ham husn qo`shishi mumkin.
LIBOS TANLAShDA NIMALARGA E`TIBOR BERISh KERAK?
- 2017 yil yorqin tilla, yoqut, baqlajon, binafsha, jigarang ranglar urfda bo`lishi kutilmoqda.
- Qora rang hech qachon urfdan chiqmaydi. Faqat uni did bilan uyg`unlashtirish lozim.
- O`rta bo`yli qizlarga uzun liboslarni tavsiya etamiz. Bu ularni xushbichim va balandroq ko`rinishda bo`lishlariga yordam beradi.
- Bo`yi baland, nozik qizlarga turli uzunlik va ochiq ranglardagi ko`ylaklarni tavsiya etish mumkin. Lekin o`rta yoshdagi va biroz to`lishgan ayollar ko`pincha vazmin ranglarga e`tibor berishadi. Aslida ular ham to`q pushti, och ko`k rangdagi liboslarni tanlashlari mumkin. Faqat libos bichimi yoshga munosib bo`lishi lozim. Ko`ylakning yuqori qismi keng bichimda bo`lsa, bu qorindagi ortiqcha vaznni bekitishga yordam beradi.
- O`rta yoshdagi ayollarga trapesiya bichimidagi ko`ylaklar ham tavsiya etiladi. Bu bichim bo`ksa sohasidagi kamchiliklarni bekitishga yordam beradi.
- To`q siyoh rangdan biroz “ehtiyot” bo`lib foydalangan ma`qul. Chunki bu rang boshqa ranglar bilan to`g`ri uyg`unlashmasa kishini semiz ko`rsatish xususiyatiga ega.