AQSH mehnat departamenti ma'lum qilishicha, ish beruvchilar 178 mingta yangi ish o‘rni yaratgan. Bu kutilganidan ancha yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, ishsizlik darajasi esa 4,3 foizga tushgan.
Tahlilchilarning aytishicha, mazkur o‘sish fevral oyida yirik yo‘qotishlarga sabab bo‘lgan sog‘liqni saqlash sohasidagi ish tashlashlar yakunlangani bilan izohlanishi mumkin. Shu bilan birga, bu raqamlar so‘nggi bir yilda sezilarli sekinlashgan mehnat bozorining barqarorligiga bo‘lgan ishonchni oshirishi mumkin.
Shuningdek, usbu holat Federal rezerv tizimi tomonidan foiz stavkalarini pasaytirishni kechiktirish uchun asoslarni kuchaytirishi kutilmoqda. Bank neft narxlarining oshishi iqtisodiyotga qanday ta'sir qilishini kuzatmoqda.
AQSH prezidenti Donald Trump Markaziy bankni qarz olish xarajatlarini keskin kamaytirishga chaqirgan. Uning fikricha, bu iqtisodiyotni rag‘batlantiradi.
Biroq Federal rezerv tizimi so‘nggi oylarda inflyatsiyadan havotir bildirmoqda. Inflyatsiya hanuz 2 foizlik maqsaddan yuqori darajada saqlanib qolmoqda. FRT raisi Jerom Pauel iqtisodiyotni nozik muvozanatda deb baholab, yangi ish o‘rinlari yaratilishi sust, qisqartirishlar esa cheklangan darajada ekanini ta'kidlagan.
Oq uy tomonidan immigratsiyaga bosimni kuchaytirish va tariflar joriy etish kabi siyosiy o‘zgarishlar ham bozor dinamikasiga ta'sir ko‘rsatgan.
Erondagi urush mazkur jarayonlarni yanada kuchaytirishi mumkin. Biroq uning to‘liq ta'sirini baholash uchun hali erta. Qayd etilishicha, Mehnat departamenti odatda ish beruvchilar va xonadonlar o‘rtasidagi so‘rovlarni oy o‘rtalarida o‘tkazadi, bu esa urush boshlanganidan bir necha hafta o‘tib amalga oshirilgan.






