1

Yangi yilgacha... Nimalarga ulgurish kerak?

SUG'DIYONA 27.12.2016, 13:56
Teglar: SUGDIYONA, Yangi yil
Yangi yilgacha... Nimalarga ulgurish kerak?

Yumushlar labirintidan chiqish yo`llarini birgalikda izlaymiz

Juda ajoyib davr-da shu yilning oxirgi haftasi. Hamma do`konlarga yugurgan, bayram dasturxoni tadorigini ko`rgan, munajjimlar bashoratini o`qigan, yaqinlariga sovg`alar, bolajonlar tabriknomalar tayyorlashgan... Xonadonlar mandarin va archa iforiga to`ladi. Katta oila dasturxon atrofiga jamlanadigan xonadonlarda ayniqsa kelinlarga ish ko`payadi. Ammo bu bekalik, xususan, pazandalik mahoratini namoyon qilish uchun zo`r imkoniyatdir. Xullas, bugun yangi yil oldi yugur-yugurlari haqida gaplashamiz. Nimalarni amalga oshirishimiz kerak, qanday qilsak hammasiga ulguramiz? Asosiysi, jarayonni to`g`ri tashkillashtirib olsangiz bo`ldi. Demak, boshladik.

Taomnoma tuzamiz

Birinchidan, bayram dasturxoni uchun taomnoma tuzamiz. Vaqtingiz oz qolgan, shu sababdan turli tajribalarni bir yoqqa surib, yaxshi tanish bo`lgan, pishirganingizda oila a`zolaringiz maqtab-maqtab eydigan taom va pishiriqlarni tanlang. Shunda eng oxirgi daqiqalarda hamma dasturxon atrofiga jamlanganda yangi pishirgan taomingiz “kutilmagan sovg`a” qilib (ya`ni o`xshamay) sizni uyaltirmaydi. Taomnomaga yangilik kiritmoqchi bo`lsangiz, shu bugun yo erta uni bir pishirib “repetisiya” qilib oling. Aks holda hech kim yangi yil dasturxoningizga qo`lini ham urmaydi. Pazandalik mahoratingiz esa “ikki”ga baholanishi mumkin.

Ikkinchidan, tez buzilmaydigan mahsulotlarni sotib olish payti etdi (agar shu kungacha buni amalga oshirib ulgurmagan bo`lsangiz, albatta). Sharbatlar, shprot, konservalangan no`xat va jo`xori, mayonez, ziravorlar, noringa go`sht, qazi... Aks holda bayramga bir-ikki kun qolganda do`konlarda navbat kutib qimmatli vaqtingizni boy berishingiz mumkin. Biryo`la Yangi yil sovg`alarini ham sotib oling. 

Uchinchidan, archa o`yinchoqlarini qutichalardan olib bir tekshirib ko`ring. Singan, buzilganlarini tashlab yuborib, o`rniga yangilarini sotib olishga vaqtingiz bor hali.

Uy tozalashning ayni vaqti

Uy ko`tarish vaqti keldi. Javonlarni tartibga soling, eski-tuskilarni tashlab yoki ehtiyoji borlarga berib yuboring (aks holda ularni yana kamida bir yil asrab qo`yishingiz tayin). Gilamlarni qoqing, yumshoq mebelni tozalang, tokchalar, oshxona shkaflari, g`aladon va omborxonalarni tartibga soling. Parda va choyshablarni yuving, oynalarni arting. Bu ishlarni endi orqaga surib bo`lmaydi, axir, 31 dekabr kuni uy ko`tarmassiz?!

Norin pishirishga qaror qilganlar go`shtni tuzlab qo`ying.

Kiyimlarni tartibga keltiring

Bayram oqshomida kiyadigan kiyimlaringizni tayyorlab qo`ying. Yangi kiyim tiktirayotgan bo`lsangiz, tikuvchingizni shoshiring. Garderobingizda bor kiyimni kiymoqchi bo`lsangiz, sinchiklab qarang: dog`lari yo`qmi, yomon hid taratmayaptimi... Zarur bo`lsa yuvib, dazmollashga vaqt kerak. Bolalarning kiyimlarini ham unutmang, turmush o`rtog`ingiznikini-ku, inchunun. Aks holda bu erlarning odati ma`lum, 31 dekabr kuni hamma ishingizni tashlab ko`ylak dazmollashga majbur qilishadi.

Darvoqe, boshqa masalliqlarni sotib olish vaqti etdi – yog`, tuxum, margarin... Xullas, bu yog`i ro`yxat bo`yicha. Sotib olayotgan masalliqlaringizning ishlab chiqarilgan va saqlash muddatlariga e`tibor bering, ko`pincha bayramoldi savdosida saqlash muddati oz qolgan yoki o`tib ketgan masalliqlar peshtaxtalarda ko`payib qoladi negadir...

Qoshlar, tirnoqlar va sochni tartibga keltiramiz!

Bu kunni o`zingizga bag`ishlang. Kosmetologga boring (albatta bir muddat avval qabuliga yozilib qo`yish esingizdan chiqmagan bo`lsa), tirnoqlarni parvarishlang, sochlarni tartibga keltiring. Agar kosmetolog qabuliga avvaldan yozilib qo`ymagan bo`lsangiz yoki boshqa biron sabab bilan uning oldiga borolmasangiz, uy sharoitida teringizga mos niqoblar qiling. Qoshlarni tering. Yuzni bug`lash, shifobaxsh giyohlar va tuzlar bilan vannalar qabul qilish... Xullas, u yog`ini o`zingiz bilasiz. Unutmang, teringiz ushbu muolajalardan keyin o`ziga kelib olishi, qizarishlar, shishlar ketishi uchun vaqt kerak. Shu sababli bu ishlarni oxirgi kunga qoldirmang. 

Eringizni sartaroshga jo`nating. Bolalar ham esdan chiqmasin. Hali maktab va bog`chadagi ertalabki tadbirlarga borish, bog`cha opayu o`qituvchilarning ko`nglini olish, ishxonadagi korporativ bazmlar ham bor. Xullas, ishlaringiz ko`p. Ishlaydigan ayollar yaxshi bilishadi: yil oxirida loyihalarni yopish, hisobotlar topshirish, rejalar taqdim etish kabi talay vazifalar tufayli ushlanib qolishingizga to`g`ri kelishi mumkin. Shu sababli vaqtingizni to`g`ri taqsimlang.

Bozor o`charda kam-ko`st chiqmasin

“Xolodes” uchun oyoq sotib olganmidingiz? Bo`lmasa, bozorga choping. Norinning xamirini buyurtma berish esdan chiqmadimi? O`zim tayyorlayman deysizmi? Unda yaxshi. Muzlatkichga tartib bering, keyingi bir necha kunda unga ham ancha yuk tushadi. Elektron pochta, ijtimoiy tarmoq orqali tabrik xatlarini tayyorlab, jo`natishni boshlashingiz mumkin, vaqt tig`iz bo`lganda muhim odamlarni tabriklash esdan chiqib qolishi bor...

Ishqilib charchab qolmang-da

Bugun ishingiz rosa qaynaydi. Birinchidan, uy tozalash. Uy ko`targaningizdan keyin o`tgan bir necha kun ichida chang yig`ilgan, gilamlar ifloslangan bo`lishi tayin. Shuning uchun changyutgich bilan xonalarni bir aylanib chiqish, changlarni artish, stol-stullarni artib-tozalab, dasturxon va sochiqlarni dazmollab qo`yish kerak.

Ikkinchidan, bugun “xolodes” tayorlash, norinning go`shtini va qazini pishirib qo`yish, salatlarning sabzavotlarini qaynatib, tortning korjini va pechenelarni pishirib olish kerak. Hammasini rejalashtirib oldingizmi? Unda, olg`a!

Aytgancha, turmush o`rtog`ingizga ayting, ishdan qaytishida xo`l mevalarni olakelsin.

Kechqurun dasturxonini xomaki tuzab qo`yasizlar (dasturxon solib, idishlarni qo`yib chiqasiz). Ertaga bunga vaqtingiz bo`lmaydi.

Xush kelibsiz, mehmonjonlar

Bugun – 31 dekabr. Ertalabdan salatlar va bayram tortini pishirib oling (sovuq gazaklarni kecha tayyorlab qo`yganingiz qanday yaxshi-a?).

Peshinda biroz mizg`ib oling, axir oldinda sizni uyqusiz tun kutayapti. Shu sababli kuch to`plash zarar qilmaydi. Kechqurun issiq taomlarni tayyorlashga va gazaklarni kesishga kirishsangiz bo`ladi. Kech soat oltilarda noz-ne`matlarni dasturxonga qo`yasiz va mehmonlarni kutasiz.

Muhimi, hamma ishlarni rejadagidek bajarib, vaqtida dam ham olganingiz uchun tetik va bardamsiz. Ko`zlaringiz yonib, chehrangiz quyoshdek charaqlab turibdi. Bu butun oilangizning kayfiyatiga ta`sir etadi. Unutmang, ayol oiladagi kayfiyatni yaratuvchidir.

Yangi yilga bir soat qoldi!

Hammasiga ulgurdingiz shekilli. O`zingizga ham qarab, yasanib oldingizmi? Unday bo`lsa bayram dasturxoniga marhamat!

Yangi yil muborak!!!

Shahnoza TO`RAXO`JAEVA

Sharhlar

O`zbekiston bosh archasi qaerda o`rnatilgani ma`lum qilindi (video)

10.12.2021, 10:32

Har yili uzoq kutiladigan Yangi yil ayyomiga sanoqli kunlar qoldi. Toshkentda esa bayram tantanalarini nishonlash uchun tayyorgarlik ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.  Eng baland sanalgan yurtimizning...
Yangi yilni yana qorsiz kutib olamizmi?

27.12.2019, 17:33

Insonlar Yangi yil bayramini odatda qorli sovuq ob-havo bilan kutib olishni xohlaydilar.Biroq boshqa janubiy o`lkalar kabi O`zbekiston aholisi ham har doim Yangi yilni qor bilan...
Qashqadaryoda “Eng yaxshi yangi yil manzarasi” tanlovi boshlandi. Ilk ishtirokchi "InFinBank" (foto)

17.12.2019, 22:10

Qashqadaryodagi tashkilot, korxona va muassasalar binolarini yangi yil arafasida bayramona bezalganlik darajasini aniqlash maqsadida viloyat hokimligi tomonidan “Eng yaxshi yangi yil manzarasi” tanloviga start berildi,...
Toshkentning asosiy Yangi yil archasi odatdagidan erta o`rnatila boshladi (foto)

26.11.2019, 17:14

Istiqlol ko`chasidagi Alisher Navoiy nomidagi kutubxonada yonida odatdagidan ko`ra erta Toshkentning asosiy yangi yil archasi o`rnatila boshlandi.Darakchi.uz tahririyatiga yuborilgan suratlardan ko`rinib turibdiki, Archaning karkasi o`rnatib...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1