AsosiyJamiyat

Aldov yoʻli bilan Yevropaga va Isroilga ishga yuborishni vaʼda qilganlar qoʻlga olindi

Hozirda har ikkala holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

'Aldov yoʻli bilan Yevropaga va Isroilga ishga yuborishni vaʼda qilganlar qoʻlga olindi'ning rasmi

Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi rahbari Xatirchi tumanida yashovchi 2006 yilda tug‘ilgan fuqaroning ishonchiga kirib, uni Bolgariyaga ishga yuborish uchun barcha hujjatlarni tayyorlab berishni va’da qilgan. U mazkur xizmat evaziga 3 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shunga o‘xshash holat Kitob tumanida ham fosh etildi. Toshkent viloyatida yashovchi 1997 yilda tug‘ilgan shaxs ikki nafar fuqaroni Isroilga ishga yuborish va ishchi vizasini “tanishlari orqali” tayyorlab berishni va’da qilib, 20 ming AQSH dollarini talab qilgan. Tezkor tadbir davomida u Qashqadaryoga kelib, kelishilgan pulning 5 ming dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mutasaddiylar fuqarolarni xorijga ishga jo‘natish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali takliflarga nisbatan ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi. Shuningdek, faqat Vazirlar Mahkamasining Migratsiya agentligi yoki tegishli litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari xizmatlaridan foydalanish tavsiya etildi.

Fuqarolardan shu kabi qonunbuzarlik holatlariga duch kelganda DXXning 1520 qisqa raqamiga murojaat qilish so‘raldi. Shaxsning sir saqlanishi kafolatlanadi.

    Boshqa yangiliklar