Yangi yil kirib kelishiga sanoqli kunlar qoldi. Yaqinlarimizga sovg`alar sotib olish, yangi yil oqshomi uchun taomnoma tuzish, shirinliklar pishirish, archa yasatish, uyni tartibga keltirish, bolalarning bayramona kiyimlarini tikish va shu kabi oxiri ko`rinmas tashvishlar bilan bo`lib, biz ayollar tashqi ko`rinishimiz, sochlarimizni tartibga keltirishga vaqt orttirolmaymiz. Vaqtimiz bo`lsa ham charchoq engib qo`yadi. Shuni hisobga olib, bugun 15 daqiqada sochimizni chiroyli turmaklash va 5 daqiqada bayramona pardoz qilish sirlarini o`rgatamiz. Bu borada bizga stilist Sardor SOLIHOV va vizajist Elya ShABANOVA yordam beradi. Keling, o`zimizdan 20 daqiqa vaqtimizni ayamaymiz.
31 dekabr qo`limiz-qo`limizga tegmaydigan kun bo`lgani uchun sartaroshxonaga borishni bu kunga rejalashtirmaganimiz ma`qul. Yangi yilga sanoqligina kun qolganini hisobga olib, sochini yangicha turmaklash yoki boshqacharoq ranga bo`yashga chog`lanayotgan dugonalarimizni bu yo`ldan qaytaramiz. Negaki yangi turmak yoki soch rangi sizga yoqmasa, uni o`zgartirishga imkon bo`lmaydi. Bunday ishlarni bayramdan 10-15 kun avval bajargan ma`qul.
Sochi uzun ayollar uchun…
Tayyorlanish vaqti: 15 daqiqa
Bu turmak sochi qalin ayollarga ayniqsa chiroyli ko`rinadi. Cochni bu tarzda turmaklar ko`p vaqt va harakat talab etmaydi. Gulli rezinka taqib bayramona, oddiysini taqib esa universal turmakka aylantirish mumkin. Yoqali kofta va ko`ylaklar kiyganingizda bu turmak ayni muddao bo`ladi.
1. Peshanadan yuqoridagi sochlaringizni tarab, hajm bering. Sochingizning hammasini yon tarafdan olib, parallel tomonga qiyalab o`rab oling. Yig`ilib turgan sochni mustahkamlash uchun rezinka taqing.
2. Rezinka taqilgan joydan tahminan 15 sm. pastdan yana bitta rezinka taqing. Rezinka tagidagi sochning o`rtasidan bir tutam ushlab, rezinkani yuqori tomonga ko`taring. Shunda ikkita rezinkaning o`rtasida qubba hosil bo`ladi. Sochning uzunligiga qarab, bunday qubbalarni har 15 sm. oralig`ida qilishingiz mumkin.
Sochi jingalak ayollar uchun...
Tayyorlanish vaqti: 10 daqiqa
Bu turmak ishlari ko`pligidan sochini tarashga ham ulgurmagan jingalak sochli ayollar uchun qulay. Jingalak sochlarga taroq yordamida hajm berish shart emas, ular tabiiy hajmga ega bo`ladi. Bu turmak uchun hozir urfga kirgan soch uchun obodok yoki «xippi» rezinkasi kerak bo`ladi. Chyolkasi bor ayollar rezinka yoki obodokni chyolkaning tepasiga, peshanasini ochishni istaganlar esa peshanaga taqishlari mumkin. Bu soch turmagini yunoncha turmak desa ham bo`ladi. Uni bayramlarda ham, ish, o`qishga ham bemalol qilib borsa bo`ladi.
1. Sochingizga o`zingiz istagan «xippi» rezinkasi, tasma yoki obodok taqing. Sochlarni yon tarafdan boshlab bir tutamdan olib, qo`lingizda aylantirib, yuqoriga olib chiqib, tasma yoki rezinka taqqan bo`lsangiz, ularni orasiga kirgizib, obodok bo`lsa, shpilka yordamida qadab, mustahkamlaysiz. Shu tartibda qolgan sochlar ham yig`ib chiqiladi.
2. Hamma sochlarni bir xil qilib yarim oy shaklida yig`ganingizdan so`ng qo`llaringiz bilan turmaklangan sochingizning orasini ochib, hajm berishingiz mumkin.
Sochi siyrak va o`rtacha uzunlikdagi ayollar uchun...
Tayyorlanish vaqti: 10 daqiqa
Bayram kuni oshxonada kuymalanib, sochini yuvishga ham ulgurmagan ayollar diqqatiga! Bu turmak aynan siz uchun! Taklif qilayotgan turmagimizda sochlarning hammasi boshning o`rama qismiga silliq qilib yig`ilgani uchun unda kamchiliklar bilinmay ketadi. Siyrak sochli qizlarga ham bu turmak ayni muddao. Uni bayramlar, turli kechalarga qilsangiz bo`ladi, oqshom ko`ylagi bilan juda mos keladi.
1. Istasangiz, chyolka qoldiring yoki sochlarning hammasini silliq qilib tarab, boshning tepa qismiga rezinka yordamida chiroyli qilib yig`iladi. Yig`ilgan sochni tarab, hajm bering. Hajmli bo`lsa, turmak chiroyli ko`rinadi.
2. Hajm berilgan sochni rezinka taqilgan joy atrofida aylantirib, shpilka bilan mustahkamlab qo`yasiz. Yig`ilgan sochning orasini ochib, uni yanada hajmli qilish mumkin. Bu albatta xohishingizga bog`liq. Chyolka tushirgan bo`lsangiz, uni yon tarafga tarab, tartibga keltirasiz.
Sochi kalta ayollar uchun...
Tayyorlanish vaqti: 15 daqiqa
Hozir soch turmaklarining tartibsiz, engil ko`rinishlari urfga kirgan. Stilistlar ham turmak yaratish borasida professional tartibsizlikka amal qilishayotganini kuzatish mumkin. Buni siz ham qo`llab ko`ring. Bu turmak oqshomlar, bayram kechalari va ofis uchun ham mos kelaveradi.
1. Bunday turmaklash qiyin emas. Agar ishlaringiz ko`p bo`lsa, sochingizga bigudi o`rab olishingiz mumkin. Yoki ployka va soch dazmoli yordamida yirik kokillar qilinadi. Sochning hammasini, chyolkani ham turli tomonlarga burab ployka qiling. Shunda turmak yanada hajmli va jozibali ko`rinadi.
2. Kokillar tezda tushib ketmasligi uchun ularga ozgina soch laki sepsangiz bo`ladi. Lak qotganidan keyin yirik tishli taroqda tarab, betartib holatga keltiring va yana bir marta lak seping.
Yuz pardozi
- Har qanday pardoz yuzni tozalashdan boshlanadi. Yuzni yuvishda atir sovun ishlatish tavsiya etilmaydi, chunki u terini quritib yuboradi. Yuz yuvish uchun maxsus tozalovchi vositalaringiz bo`lmasa, bolalar sovunidan foydalanishingiz mumkin.
- Yuzni yuvgach, sochiqqa artmasdan, namligicha qoldirgan ma`qul. Chunki sochiqqa ishqalab artish yuz terisida yog` ishlab chiqaruvchi hujayralarga ta`sir etib, kun davomida yuzingiz yaltirab turishiga sabab bo`ladi. Qolaversa, yuzga ham namlik kerak. Shuning uchun yuzni yuvgandan keyin suvning ozgina qismini sochiqqa engil harakat bilan shimdirish etarli.
- Pardozdan avval yuzingizga oziqlantiruvchi krem surting. Ortiqchasini qog`oz salfetkaga shimdirib oling. Vaqtingiz bemalol bo`lsa, teriga singishini kutganingiz ma`qul.
- Tonal krem pardozning asosi hisoblanadi. Uning aynan teri rangiga mosini tanlang va pardoz gubkasi bilan surting. Qovoqlaringizga ham ten yig`ilib qolmasligi uchun ham tonal krem surting-da, 2 daqiqa teriga singishini kuting.
- Keyingi bosqich — upa surtish. Upani yuzga ishqalab emas, shapatilagandek harakat bilan surting. Bu upaning yuz bo`ylab tekis tarqalishini ta`minlaydi.
Qoshlarga qalam surtish qoidalari
- Yodda tuting, qoshlarga qora qalam surtish mumkin emas! Buning uchun jigarrang va kulrang qalamlardan foydalaning.
- Qosh va ko`z uchun alohida-alohida qalamdan foydalaning, ularning tarkibi va yumshoq-qattiqligi bir-biridan farqlanadi.
- Qoshni bo`yashda qalam uchini markazdan chetga qarab µarakatlantirish kerak.
- Oxirida qosh taroqchasi bilan pastdan yuqoriga qarab taraladi.
- Agar qoshlaringiz ingichka terilgan bo`lsa, qalam o`rniga sochingiz rangidan 2 ton yuqori tusdagi tendan foydalanib, qoshlaringizga shakl berishingiz mumkin.
Ko`zlarga ten surtamiz!
- Tenlar yordamida ko`z shaklini vizual o`zgartirish mumkin. Ko`zni kattaroq qilib ko`rsatish uchun qoshlarning tashqi uchi tagiga va ko`zning ichki, ya`ni burun oldi qismiga och rangli ten surtish mumkin.
- Ko`z pardozida tabiiy ranglardan foydalanishga harakat qiling. Hozir jigarrang tenlar urfda.
- «Smoki ays» ten surtish texnikasi doim urfda bo`lgan. Sizga ham shu usulni tavsiya etamiz. Ten surtgach, ko`zning tepa qismiga podvodka, pastiga esa qalam ishlatishni maslahat beramiz. Ko`zning sun`iy qanotchalari (podvodka yordamida chizilgan) urfda emasligini eslatib o`tmoqchimiz.
Alvon yonoqlar
Rumyana surtish uchun vizajistlar yuzingizni «baliq» ko`rinishiga keltirish eng to`g`ri yo`lligini ta`kidlashadi. Yuzingiz bu holatdaligida yonoqlarda chiziqcha paydo bo`ladi. Ana shu chiziqlardan quloq tarafga qarata rumyana surtish kerak. Ko`zga yaqqol tashlanib turmasligi uchun yonoqlardagi rumyanani atrofga tarqatib yuborish kerak. Tabiiy ranglardan foydalanishni tavsiya etamiz.
Tush surtish texnikasi
- Kipriklaringiz siyrak bo`lsa, tushdan oldin ularga ozgina upa surting. Tushni ham ikki-uch marta qayta-qayta surtsangiz, kipriklaringiz qalin ko`rinadi.
- Ko`zlaringiz vizual katta ko`rinishini istasangiz, ishni ko`zning ichki burchagidagi kipriklarga tush surtishdan boshlang. Va tush cho`tkasini tepaga qarata to`g`ri ishlating.
- Ko`zlaringizni kattalashtirib ko`rsatish niyatingiz bo`lmasa, ular jozibali bo`lishi uchun ko`zning ichki burchagidagi kipriklarni bo`yamang. Tashqi burchakdagi kipriklarni yon tarafga qarata qayta-qayta bo`yash tavsiya etiladi.
Lablar
- Lab shaklini kichraytirish uchun qalam bilan hoshiya berilmaydi va «blesk»dan foydalanish tavsiya etiladi.
- Lab ko`rinishini kattalashtirishni istagan ayollar qalamni labning tabiiy hoshiyasidan 1 mm. tashqaridan chizishlari kerak. Bu qalam rangi lab bo`yog`idan 1 ton yuqori bo`lishi kerak.
- Bayramlar uchun qizil lab bo`yog`idan foydalanish mumkin. Kundalik pardozda esa tabiiy ranglarni ishlatish tavsiya etiladi.
Anan endi pardozingizni mukammal, turmagingizni professional darajada desak bo`ladi. Bu oqshomning yagona go`zali SIZ bo`lishingiz aniq!
Dilnoza MIRTOLIPOVA tayyorladi