1

Oppoq orzular kechasi

SUG'DIYONA 29.12.2016, 11:56
Teglar: Ayol, SUGDIYONA, Yangi yil
Oppoq orzular kechasi

 

Yangi yil! Eng sevimli, eng mo``jizakor va eng ajoyib bayram! Kap-katta bo`lib qolganimizga qaramay, shu bayramdan negadir mo``jiza kutishda va yaxshi niyatlar qilishda davom etaveramiz…

Lekin mo``jiza o`z-o`zidan sodir bo`lmaydi, unga yaxshilab tayyorgarlik ko`rish kerak. Nima, sizningcha, olmos ko`zli zirak yoki avtomat kir yuvish mashinasini orzu qilishingizning o`zi etarlimi? O`ylaysizki, Qorbobo (yoki eringiz) Yangi yil kechasi tuhfa etadi-yu, yana bir orzuingiz amalga oshganidan baxtiyor yuraverasizmi? Hafsalangizni pir qilishga majburman, hech qachon bunday bo`lmaydi!

Biz — ayollar Yangi yilni qanday kutib olamiz. Bong urilishiga besh daqiqa qolganda sochimizdan bigudini echib, ko`zlarimizni apil-tapil bo`yaymiz, muzlatkichdan «shampanskoe»ni keltiramiz, bokallar uchun yana bir bor oshxonaga borib kelgunimizcha soat millari o`n ikkini ko`rsatib bo`ladi. Niyat esa haliyam qilinmagan, bor orzular xayoldan ko`tarilgan. Apil-tapil: «Sog` bo`laylik!», «Tinchlik-xotirjamlik bo`lsin!», «Shu yil orzu qilgan narsalarimga etishay», «Yangi uy (mashina, dala hovli) sotib olaylik» singari ezgu, ammo noaniq va odatiy tilaklarni takrorlaymiz-qo`yamiz. Va bir xonalik ijara kvartirada yashashda, avtobusda ishga qatnashda va yozda, hech bo`lmasa, bolalarimizni oromgohga jo`natish uchun kuyib-pishishda davom etaveramiz.

Biroq bu yil hammasi boshqacha bo`ladi. Demak, quyida Yangi yil tilaklarini aniq-tiniq bayon etish va ularning amalga oshishi uchun nimalar qilish haqida tavsiyalar keltiramiz.

Avvalo, faol orzu qilish kerak. Xalqimizning Yangi yilni kutib olishga doir o`z irimlari bor. Har qanday skeptik (tanqidiy fikrlovchi) odam ham bu bayramda biroz irimchiroq bo`lib qoladi. Birovdan olgan qarzlarini qaytaradi, ro`zg`orim yil davomida kam-ko`stsiz bo`lsin deya dasturxonini to`kin qiladi, eski yildagi gina-kuduratni yangisiga olib o`tmaslik uchun nizolarni bartaraf etishga, kechirishga va kechirim so`rashga oshiqadi. Ayollar imkon bo`lsa, boshdan-oyoq yangi libos kiyishga (imkon bo`lmasa, jillaqursa, bitta yangi paypoq sotib olishga) harakat qiladilar. Bularning bari, ya`ni ezgulik haqida o`ylash, unga intilish, uni chaqirish o`ziga xos ajib bir muhitni yaratadi. Shunday sharoitda ro`y bermasa mo``jiza, qachon ro`y beradi?!

Qorbobodan sovg`a so`rashning ham o`ziga yarasha yo`l-yo`rig`i bor. Birinchi qoida, nima istashingizni aniq bilish. Ikkinchisi, uni ifodalay olish. Bekorga yosh bolalarga «Qorboboga xat yoz» deyilmaydi. Chunki yozayotib inson istaklarini o`zi uchun aniqlab oladi, aniq va lo`nda ifodalaydi va agar istaklar bir nechta bo`lsa, ularni eng zaruridan boshlab ro`yxatga tizadi. Bu bilan ichki olamimizda ham ma`lum bir ravshanlik va tartib yuzaga keladi.

 

Quyidagi savollarga javob berishga harakat qiling!

1. Agar istagim amalga oshsa, nima bo`ladi?

Orzungiz ro`yobga chiqqan damlarni xayolan tasavvur qiling. Nimani his etasiz? Agar o`ng`aysizlik, uyat, noqulaylik kabi hislarni tuysangiz, hozirdanoq bu niyatdan voz keching. Demak, orzu qilayotganingiz sizga yot narsa. Ertaga u ro`yobga chiqib qolsa, sizga baxt emas, ko`ngilsizlik keltirishi tayin.

2. Agar istagim amalga oshsa, nima bo`lmaydi?

Bu savol ayni damdagi, ya`ni orzuingiz hali ro`yobga chiqmagan, orzuligicha qolgan paytlarning afzalliklari, kelajakda yo`qotib qo`yishingiz mumkin bo`lgan narsalar, duch kelishingiz ehtimoli bor xavf haqida o`ylab ko`rish imkonini beradi. Olaylik, pulingiz ko`p bo`lishini orzu qilyapsiz. Ammo ko`p pul ortidan talay tashvishlarni ham etaklab keladi. Unutmang, ayrim narsalarga erishgandan ko`ra ular haqida orzu qilib yurgan ma`qulroq.

Masalaning bunday tarzda qo`yilishi siz shu paytgacha o`ylab ham ko`rmagan va borligini sezmay kelayotgan qadriyatlaru imkoniyatlar haqida o`ylab, mushohada etishga, boringizni qadrlab, shukr qilishga o`rgatadi.

Orzular amalga oshishining yana bir sharti esa – niyatning sofligi. Niyat qildim, amalga oshar ekan deb orangizdan ola mushuk o`tgan qo`shningizning borsa-kelmasga daf bo`lishini so`rash mumkin emas. Yangi yilda faqat toza va ezgu niyatlar qilish lozim. Undan ko`ra o`sha qo`shningiz bilan yarashib olishni so`rang. Yana ham ma`qulrog`i, bir taqsimcha salatmi yo norin ko`tarib bayram bilan tabriklagani chiqing, jon deb kutib olishiga 200 foiz kafolat (mabodo, uning o`zi otni ildam qamchilab, chiqib qolsa, ochiq yuz bilan kutib oling). Xuddi shunday, biznesdagi raqibim sinsin deb emas, ishda omadim kelib, raqiblarimdan o`zib ketay qabilida niyat qilish lozim.

Yana bir muhim shart – ishonch. Axir, amalga oshishiga ishonmasangiz, mo``jiza so`rab nima qilasiz? Bir oz nojoiz bo`lsa ham, mo``jizani arvohga o`xshatishlarini eslatmoqchiman. Ya`ni ishonsangiz – u bor, ishonmasangiz – yo`q.

Unutmang! Niyat qilib bo`lgach, uni «qo`yib yuboring». Xuddi qushni qafasdan ozod etgandek yoki kompyuterda «pechatat» tugmasini bosgandek. To`g`ri va aniq ifodalangan niyat albatta amalga oshadi, faqat siz qani amalga osharmikan, qanchalik to`g`ri amalga osharkin yoki tezroq amalga oshsaydi deya unga tikilib o`tirmasangiz, bas. Shunchaki, u haqda unuting. Vaqti kelib orzuingiz ro`yobga chiqqanida o`zingiz hayron qolasiz. Bu shunaqangi ajib bir hiski…

 

«Qorbobodan so`rardim…»

Har kimning orzusi o`ziniki, o`zgacha va o`ziga xos. Ayrimlarini kunda aytib yursalar, boshqalarini faqat Yangi yil oqshomidagina tilga oladilar. Nima bo`lganda ham, orzu qilishdan charchamaslik kerak. Quyidagi vatandoshlarimiz kabi…

Hilola, 4 yosh

— Bog`chaga borishni istamayman. Yangi yilda bog`chalar ishlamay qolsin, Qorbobojon!

Alisher, 6 yosh

— Qorbobo, men archaning tagiga sen uchun konfet va pechenelar, qorqiz uchun tort bo`lagi, bug`ularing uchun esa sabzi qo`yib qo`ydim. Iltimos, menga o`rtog`im Farruxnikidan-da uchqurroq velosiped olib kel.

Maftuna, 8 yosh

— Hurmatli Qorbobo, men bilaman, bu sening qo`lingdan keladi, men otam va onam yana birga yashashlarini istayman. Oyimga o`xshab «yo`q» deyishga shoshilma, balki nimadir qilish mumkindir. Bir urinib ko`r, iltimos.

Farida, 14 yosh

— Eh, Qorbobo, nega bu sepkilu husnbuzarlar aynan mening yuzimdan chiqarkin-a? Iltimos, shunday qilginki, ertalab turganimda ulardan asar ham qolmay, yuzim xuddi Ayshvariyanikiga o`xshab silliq bo`lib qolsin.

Nozim, 18 yosh

— Qaniydi, «kontrakt»imning ikkinchi yarmini to`lab beradigan mard topilsa…

Sarvinoz, 21 yosh

— Bu yil hayotimga meni bir umr sevib ardoqlaydigan yigit haqiqiy Qorboboday kirib kelsayu, barcha orzu-havaslarimni bexato amalga oshirsa yaxshi bo`lardi.

Gulsanam, 25 yosh

— Ikki qizim bor, bu gal UZD qildirmadim, bittagina o`g`il ko`rsaydim…

Zulfiya, 36 yosh

— «Prava»ni oldim, yangi yilda xo`jayin va`da qilgan mashinasini sovg`a qilarmikan?! Sovg`a qilmasa, o`zinikini haydab ketaman!

Shafoat, 42 yosh

— Qizim bir joyga bo`lay deb turibdi, ishqilib o`xshasin-da…

Shohida opa, 60 yosh

— Shunchalik tinch-omon yashab yurganimizga shukur. Sog`lik bo`lsin, o`limdan boshqa barining chorasi bor.

Farog`at aya, 75 yosh

— Hammasi Yaratganning izmida. Shu kunlarga etkazganiga shukr.

 

Shahnoza SOATOVA

Sharhlar

O`zbekiston bosh archasi qaerda o`rnatilgani ma`lum qilindi (video)

10.12.2021, 10:32

Har yili uzoq kutiladigan Yangi yil ayyomiga sanoqli kunlar qoldi. Toshkentda esa bayram tantanalarini nishonlash uchun tayyorgarlik ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.  Eng baland sanalgan yurtimizning...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
Farg`onada 32 yashar ayol tomorqasida ko`knori etishtirayotgani aniqlandi

13.05.2021, 22:34

Farg`ona viloyati Marg`ilon shahrida 32 yashar ayol uyining tomorqasida ko`knori o`simligi etishtirayotgani aniqlandi, deya xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.Qayd etilishicha, 2021 yilning 5 may kuni...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1