Bugun, 1 avgustdan oliy ta’lim muassasalari talabalaridan talabalar turar joyiga joylashish uchun arizalar qabul qilish boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, arizalar my.gov.uz portali orqali qabul qilinadi. Avvalo imtiyoz va ustuvorlikka ega talabgorlar yotoqxonaga joylashtiriladi. Qolgan o‘rinlar esa umumiy ro‘yxat asosida bosqichlar kesimida taqsimlanadi.
Unga ko‘ra, yotoqxona o‘rinlarining 55–65 foizi 1-bosqich, 15–20 foizi 2-bosqich va 20–25 foizgacha qismi 3-bosqich hamda undan yuqori kurs talabalariga ajratiladi.
Arizalar qabuli 1 avgustdan o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi. 2026/2027 o‘quv yili uchun 1-bosqichga tavsiya etilgan abiturientlar esa qabulning yakuniy natijalari e’lon qilinach, yotoqxona uchun ariza yuborishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, 1 avgustdan talabalarni yotoqxonaga joylashtirish va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish xizmatlari yagona elektron tizimga birlashtirildi. Endi ariza tasdiqlanganidan so‘ng elektron shartnoma va yo‘llanma shakllantiriladi, to‘lov amalga oshirilgach esa vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish avtomatik tarzda rasmiylashtiriladi.






