AsosiyJAMIYAT

Cobalt siqib chiqargan Spark ag‘darilib ketdi: odamlar halok bo‘lgan

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

'Cobalt siqib chiqargan Spark ag‘darilib ketdi: odamlar halok bo‘lgan'ning rasmi

Toshkent viloyatida Cobalt haydovchisi Spark avtomashinasini siqib chiqarib yuborgan. Oqibatda Spark yo‘l chetidagi to‘siqqa urilib, ag‘darilib ketgan. Yo‘l-transport hodisasida odamlar halok bo‘lgan.

Hodisa 15 avgust kuni soat 09:30 atrofida "Qorasuv — Bo‘ka — Bekobod" avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Bu haqda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining matbuot kotibi Bobur To‘laganov ma’lum qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Cobalt va Spark bir yo‘nalishda harakatlanib kelayotgani aks etgan. Kadrlarda Cobalt haydovchisi Spark avtomashinasini siqib, uni yo‘ldan chiqarib yuborgani ko‘rinadi.

Shundan so‘ng Spark haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi to‘siqqa borib urilgan va avtomashina ag‘darilib ketgan.

Yo‘l-transport hodisasidan keyin Cobalt haydovchisi voqea joyidan ketib qolgan. Avtomashinaning davlat raqami videoda aniq ko‘rinmagani sababli haydovchini aniqlash bo‘yicha qidiruv ishlari boshlangan.

Biroq o‘sha kunning o‘zida Cobalt haydovchisi — 30 yoshli X. A.ning shaxsi aniqlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mazkur normaga ko‘ra, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa, aybdor muayyan huquqdan mahrum qilinib, o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar