AsosiyDUNYO

Yaponiyada 48 yoshli ota Fudziyama tog‘ida charchagan 7 yoshli o‘g‘lini yolg‘iz qoldirib ketdi.

Tuman va yomg'ir ostida 8 soat qolgan bolani tog' xodimlari topib, politsiyaga xabar bergan.

'Yaponiyada 48 yoshli ota Fudziyama tog‘ida charchagan 7 yoshli o‘g‘lini yolg‘iz qoldirib ketdi.'ning rasmi

Yaponiyada 48 yoshli ota 7 yoshli o'g'lini Fudziyama tog'ining 2 kilometrdan ortiq balandlikdagi qismida yolg'iz qoldirib, cho'qqi tomon yo'lini davom ettirgan. Bola 8 soatdan so'ng topilgan. Bu haqda BBC xabar berdi.

Hodisa 20 avgust kuni sodir bo'lgan. Ota 7 va 12 yoshli ikki o'g'li bilan Fudziyamaning 3776 metr balandlikdagi cho'qqisiga chiqish uchun "Fudzinomiya" marshrutidan yo'lga chiqqan. Yo'lda kichik o'g'li charchaganini aytgan, katta o'g'li esa ancha oldinga ketib qolgan.

Shundan so'ng ota kichik o'g'lini yo'l chetidagi o'rindiqqa o'tqazib, unga yegulik va ichimlik qoldirgan hamda shu yerda kutib turishini aytgan. O'zi esa cho'qqi tomon harakatini davom ettirgan.

Keyinroq marshrutning oltinchi stantsiyasi xodimlari tuman va yomg'ir ostida yolg'iz o'tirgan bolani ko'rib qolgan. Ular politsiyaga xabar bergan. Qutqaruvchilar bolani xavfsiz joyga olib chiqqan, ota esa yettinchi va sakkizinchi stantsiyalar oralig'ida topilgan.

Politsiya otani zudlik bilan bolasining oldiga qaytishga majbur qilgan va unga qat'iy ogohlantirish bergan. Ota o'z xatosini tan olib, uzr so'ragan.

Fudziyama Yaponiyaning eng mashhur tog'laridan biri bo'lib, uning balandligi 3776 metrni tashkil etadi. Tog' har yili yuz minglab sayyoh va sayyohlik ishqibozlarini jalb qiladi.

    Boshqa yangiliklar