Eron Iroqning bir necha bor qilgan murojaatlaridan so‘ng mamlakat neftini tashuvchi ayrim tankerlarga Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tish uchun maxsus ruxsat berdi. Bu haqda xorijiy manbalarga tayanib Zamon.uz xabar berdi.
Maxsus ruxsat masalasi Iroq parlamenti spikeri Muhammad Boqir Qolibafning Eronga tashrifi davomida Bag‘dod tomonidan ko‘tarilgan asosiy talablardan biri bo‘lgan.
Iroq rasmiylari ma’lum qilishicha, so‘nggi kunlarda Eron Iroq neftini tashuvchi kemalarning bo‘g‘ozdan o‘tishini yengillashtirgan. Tomonlar, shuningdek, Iroq neftini Hormuz orqali eksport qilish masalasini muhokama qilgan. Biroq Iroq prezidenti Nizar Amediy vaziyat hanuz murakkabligicha qolayotganini ta’kidlagan.
Hormuz bo‘g‘ozida kemalar harakatining keskin kamayishi Iroq neft eksportiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayni paytda bo‘g‘oz orqali qatnov urushdan oldingi ko‘rsatkichlardan ancha past va hududda kemalarga hujumlar ham davom etmoqda.
Shu sababli Iroq neft eksporti uchun muqobil yo‘nalishlarni kengaytirishga harakat qilmoqda. Xususan, mamlakat Turkiyaning Jeyhan porti orqali eksport hajmini oshirish, shuningdek, Suriya va Iordaniya portlari orqali neft yetkazib berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.






