AsosiyJAMIYAT

Uzbekistan Airways’ning Istanbul–Toshkent reysi texnik sabablarga ko‘ra kechikdi

Uzbekistan Airways aviakompaniyasining 25 avgust kuni Istanbul–Toshkent yo‘nalishidagi HY272 reysi texnik sabablarga ko‘ra kechikdi.

'Uzbekistan Airways’ning Istanbul–Toshkent reysi texnik sabablarga ko‘ra kechikdi'ning rasmi

Aviakompaniya ma'lum qilishicha, havo kemasida texnik nosozlik yuzaga kelganidan so'ng parvozni zaxira havo kemasida amalga oshirishga qaror qilingan.

Kutish vaqtida yo'lovchilarga zarur yordam ko'rsatilgani aytilmoqda. Kompaniyaning ta'kidlashicha, dastlab yo'lovchilarga salqin ichimliklar va sendvichlar, keyinchalik esa issiq ovqat uchun vaucherlar hamda suv berilgan.

Biroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda ayrim yo'lovchilar ularga faqat non va bulochka berilganini aytgan.

"Bitta non, bitta bulochka berib qo'yishyapti. Yoshlar mayli, bulochka edi. Yoshi kattalar nima yeydi? Na issiq choy berilgani yo'q hech kimga", deydi videomurojaatda yo'lovchilardan biri.

Aviakompaniya ma'lumotiga ko'ra, reys jadvalidagi o'zgarishlar va keyingi yangilanishlar haqidagi ma'lumotlar yo'lovchilar hamda ularni kutib oluvchilar uchun maxsus axborot kanalida tezkor e'lon qilib borilgan. Bu ma'lumotlar “uzairways_live” Telegram-kanali orqali berilgan.

Kompaniya kutish vaqtini yanada cho'zib yubormaslik maqsadida Istanbul–Toshkent yo'nalishi bo'yicha zaxira havo kemasida yo'lovchilarni olib kelish reysi tashkil etilganini bildirdi.

"Bunday uzoq davom etgan kechikish yo'lovchilar uchun qanchalik noqulay bo'lishini tushunamiz. Yuzaga kelgan holat uchun afsusdamiz", deyiladi aviakompaniya bayonotida.

    Boshqa yangiliklar