AsosiyJAMIYAT

Saida Mirziyoyeva Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashdi

Uchrashuv samimiy va do'stona ruhda o'tdi.

'Saida Mirziyoyeva Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashdi'ning rasmi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vaziri, Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo'mitasi Siyosiy byurosi a'zosi va XKP MQ Tashqi ishlar bo'yicha komissiyasi devoni rahbari Van I bilan uchrashdi.

Uchrashuv samimiy va do'stona ruhda o'tdi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva o'zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma'lum qildi.

Tomonlar O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, ikki davlat o'rtasidagi hamkorlikning istiqbollarini muhokama qildi.

Suhbat davomida savdo, iqtisodiyot, investitsiyalar va madaniy aloqalar kabi ustuvor yo'nalishlardagi munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Shuningdek, global va mintaqaviy ahamiyatga ega masalalar yuzasidan umumiy qarashlarni shakllantirish bo'yicha fikr almashildi.

“O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi strategik sheriklik yangi bosqichga ko'tarilib, oldimizda keng imkoniyatlar eshiklari ochilmoqda”, deb yozdi Saida Mirziyoyeva.

U Van Iga mazmunli va samimiy suhbat uchun minnatdorlik bildirdi.

Ma'lumot uchun, Van I Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo'mitasi Siyosiy byurosi a'zosi, XKP MQ Tashqi ishlar bo'yicha komissiyasi devoni rahbari hamda Xitoy tashqi ishlar vaziri lavozimlarini egallab kelmoqda.

    Boshqa yangiliklar