AsosiySUG'DIYONA

Ugrali taom - yangi reseptlarni sinab ko`rishga erinmang!

Zarur masalliqlar: ugra uchun: 200 gr. un, 2 dona tuxum, tuz; 300 gr. mol go`shti, 2 ta sabzi, 3 tadan bulg`or qalampiri va pomidor, 1 bosh piyoz, bittadan qovoqcha va baqlajon, 2 osh qoshiq soya sousi, 1 osh qoshiq kunjut, o`simlik yog`i, tuz.

Tayyorlanishi: 1. Tuxumni tuz bilan atalab, un solib, yumshoqqina xamir qoring. Xamirni sellofanga o`rab, muzlatkichga qo`ying.

2. Kunjutni quruq tovada qovurib oling. Faqat qovurayotganda aralashtirib turishni unutmang.

3. Go`shtni yupqalab somoncha shaklida to`g`rang.

4. Sabzini katta tishli qirg`ichdan o`tkazing. Baqlajon, kabachki, bulg`or qalampiri va po`stidan tozalangan pomidorni ham somoncha shaklida, piyozni esa yarim halqa shaklida to`g`raysiz.

5. Go`sht va barcha sabzavotlarni alohida-alohida qizdirilgan o`simlik yog`ida yaxshilab qovurib oling. Tuz sepishni unutmang. So`ngra hammasini qo`shib, aralashtiring-da, soya sousini quyib, past olovda 5-7 daqiqa dimlang.

6. Xamirni 2 mm. qalinlikda yoying. So`ngra ruletdek o`rab, eni 5 mm. bo`lgan uzun ugralar kesib oling. Ugrani tuzli suvda pishirib, sovuq suvga solib olasiz. So`ngra suvini yaxshilab silqitib, go`sht va sabzavotli qayla bilan aralashtiramiz. Qovurilgan kunjutni ham qo`shishni unutmang.

6 kishilik

1 soatu 25 daqiqa

Boshqa yangiliklar