1

Erimning ishxonasida jazmani bor! Bo`shatib olsammikan?!»

SUG'DIYONA 05.01.2017, 15:02
Teglar: Ayol, Erkak, Oila, Er-xotin, SUGDIYONA
Erimning ishxonasida jazmani bor! Bo`shatib olsammikan?!»

— Turmush o`rtog`imning ishxonasida ayollar ko`p. Shu kunlarda erim juda o`zgarib qolgan. Xiyonat alomatlarini sezib yurgan kezimda uning hamkasblaridan biriga ilakishib qolganini eshitdim. Gapga solsam, u edi, bu edi, deb aravani quruq olib qochadi. Qaynonam o`g`liga tushuntirib qo`ymoqchi bo`lgandi, «Nima, ishlamay uyda o`tiraymi?» deb bobillab berdi. Endi uyimizdan janjal arimay qolgan. Menimcha, yagona choram, ishxonasiga borib, rahbariyatga uchrab, o`sha ayolning tanobini torttirib qo`yish va xo`jayinimning ishini o`zgartirish...

Malohat, 29 yosh

Yana xiyonat. Yana xiyonatdan kuyayotgan ayollar murojaati. Yana shu mavzuga qaytish fikri bizni o`ylantirdi. Biroq oxirgi paytlarda tahririyatga shu mazmundagi qo`ng`iroqlarning birlashgan nuqtasi — ishdagi ishq mojorasi ekanligi sabab masalani tahlil qilishga kirishdik.

Mutaxassis — ruhshunos Barno ILHOMOVA.

Ogohlantiramiz!

Hurmatli ayollar, bu gal ham maqolamizdagi fikrlar sizga qaratilgan. Biz xiyonat sabablari va oqibatlarini taftish qilib, yarangizni tirnash maqsadida emasmiz, aksincha unga malham bo`lishni istaymiz. Ya`ni qachonki haqiqatga tik boqsak, uni yuzaga chiqara olamiz. Buning ustiga, tahririyatga eringiz emas, siz — eridan gumonlanayotgan, eri yurayotgan ayol murojaat qilayapsiz. Sahifamizdagi gaplar, maslahatlarni o`qib, «Aybdorlar qolib, men — jabrdiyda nishonga olinibman», demang! Yurong`ich erlar, oilali insonning boshini aylatirguvchi juvon/qizlarga ham aytar so`zlarimiz bor. Ularni keyingi sonlarimizda o`qiysiz.

Shubhalarning o`chog`i qayda?

Keling, avvalo, aniqlab olaylik: eringizning ishxonasida «kimidir» borligi taxminmi, shubhami yoki aniq fakt? Balkim hayotda, jamiyatda o`rningizni topolmayotganingiz sabab gumonlar ichida yonayotgandirsiz. Eri har kuni oxori to`kilmagan kostyum-shimlarni kiyib, ishiga shoshib otlanadigan, o`zi esa eski xalatda, patala sochi bilan uyda qoladigan ayolning tashqi ko`rinishidan ko`ngli to`lmaydi-da. Yoki turmush o`rtog`i doim raqamlar, bemorlar, texnikalar va yana allambalo uy bekalari tushunmaydigan tashvishlar bilan javlon urayotgan, o`zi esa «Bugun kechga nima ovqat qilsam ekan?» degan juda murakkab savollar ichida qolgan ayolning o`ziga bo`lgan ishonchi susayib ketadi. Har kuni har xil insonlar bilan uchrashib, muloqot qiladigan erkak charchab uyga kelganida bir xil hayotdan zerikib ketgan ayolning turmush o`rtog`ining beparvoligidan asablari taranglashadi. Va shubhaning tuzog`iga osongina ilinadi: men uyda o`tiribman, erim esa maza qilib «yuribdi»... Xo`sh, sizda ham bu holatlarning birortasi kuzatilayaptimi? Ha, javobini bersangiz, nosog`lom rashkning domiga tushayapsiz. «Bolalarimning otasining ishxonasida o`ynashi bor», degan «o`yingiz»ni xayolingizdan haydab soling. Magarki, dalilingiz aniq bo`lsa, harakatni boshlang. Hayotning o`zi sizni ogohlantirayapti.

Nega hamkasbi bilan «yuradi»?

Ma`lumki, tibbiyotda kasallikning paydo bo`lish sabablarini aniqlash davo choralarini osonlashtiradi. Sizda xiyonatkorga nisbatan aniq tashxisingiz (to`g`rimi-noto`g`rimi), bo`lsa, demak, imkoniyatingiz kengroq. Ya`ni kutilayotgan xiyonatning oldini olish yoki yuzaga kelgan vaziyatni to`g`irlash imkoni. Buning uchun ishdagi ishqiy munosabatlarga zamin yaratgan sabab va uning omillarini o`rganish kerak.

Xiyonatning sababi — xotin erining ruhiy ehtiyojini qondira olmasligi. Ehtiyoj, bu qondirilishi shart bo`lgan talabdir. Masalan, «Mening tort egim kelayapti, olib bering», desangiz, talab qilayotgan bo`lasiz. Agar «Menga suv bering, bo`lmasa, hozir hushimdan ketib qolaman», desangiz, demak, suvga ehtiyoj sezayapsiz. Yigitlar uylangach, xotini uni baxtli qilishiga, izlaganini ayolidan topishiga ishonishadi va shuni kutishadi. Mana shu kutganining amalga oshmasligi erkakni qiynaydi. Qarasa, ayoli uning kamini to`ldirmayapti. Ayniqsa, yosh oila qurganlarda bu hol ko`p kuzatiladi. Keyin nima qiladi, uydan topmaganini ko`chadan izlaydi. Savol tug`iladi, nega aynan ishxonasidan «izlaganini» topadi? Bu holatni ham yuzaga keltiruvchi o`ziga yarasha omillar bor. Ular quyidagicha:

1-omil: umumiy fikrlar mavjudligi. Erkak kishi uchun ishlayotgan sohasi muhim ahamiyat kasb etadi. Siz har ikki gapingizda «Shu ham ish bo`ldimi?» «Bu yurishingizda lavozingiz ham, maoshingiz ham oshmaydi», deb diydiyo qilaversangiz, uning avvalo o`zidan, tanlagan kasbidan hafsalasi pir bo`ladi. Ishxonasida esa uning mehnatlarini e`tirof etadigan ayollar bor. Demak, eringizga sizdan ko`ra ular bilan muloqat qilish qiziq va yoqimli.

2-omil: ma`lumki, erkaklar ham, ayollar ham bor zahrini uyda sochadi-yu, ishxonasida farishtaga aylanadi. Chunki jamiyatda o`rnini topishni istagan kishi borki, jamoada o`zining ijobiy jihatlarini namoyon qiladi. Xiyonatga moyil eringiz shu vajdan ham sizni «u» bilan solishtiradi. «Xotinim gapimni tushunmaydi, kotibam esa nima deyishimni ko`z qarashimdan biladi», degan gaplar tilga ko`chadi-da.

3-omil: erkaklar ko`zi bilan sevadi. Chiroyli, o`ziga qaragan ayolga xushomad qilishni qarz deb bilishadi. Agar turmushi, xotinidan charchagan erning xushomadlariga qulog`i bilan sevuvchi ayol uchrab qolsa, siz qo`rqayotgan munosabatlar yuzaga kelishi mumkin.

4-omil. hamkasb ayol eringizning shaxsiy hududiga daxl qilmaydi. Bu er kishi uchun muhim. Chunki u oila mas`uliyati, ro`zg`or sudrash yuki, sizga qaysidir ma`noda “mustamlaka” ekanidan charchaydi. Va mutaxassislar fikricha, har olti oyda erkaklarda o`zini ozod qushdek his qilish hissi isyon qiladi. Biz — ayollar bunga yo`l qo`ymaymiz. «Qochsa», «yugurib etib olamiz».

Yana bir bor ta`kidlaymiz, bu omillar xiyonat emas. Agar oilangiz xiyonat jari yoqasida turgan bo`lsa, uning chuqurlikka itarilishiga xizmat qiluvchi vajlar, xolos.

Endi nima qilasiz?

  1. Xiyonatdan fojea yasamang! Taqdiri azal degan tushunchani tan oling. Agar peshanangizga xiyonat achchig`ini totish yozilgan bo`lsa, demak, sizga taqdir ogohlantiruvchi chiroqlarni yoqayapti. Shuning uchun o`zingizni qo`lga olib, kurashishda davom eting.
  2. Ishxonasiga chopmang! Tushunamiz, er bermoq achchig`ida ko`zingizga hech narsa ko`rinmaydi. Turmush o`rtog`ingizning ishiga otlayotganda uning obro`sini to`kishingizni, bolalaringiz rizqini qirqishingizni bizdan yaxshi bilib turibsiz. To`xtang! Xiyonatkorning izidan quvish, uning adabini berish bilan hech narsaga erishmaysiz. Eringizning obro`sini to`kib, ruhini sindirib yoningizda olib qolishingiz mumkin, ko`zi ham moshdek ochilar, ammo bunday inson bilan yashash oson kechmaydi.
  3. Ishdan bo`shatib olish chora emas. Toki oilangiz, o`zaro munosabatlaringizda xatoliklarni to`g`irlamas ekansiz, eringiz «yurish»da davom etaveradi.
  4. O`z ustingizda ishlang! Tashvishlaringiz, yumushlaringiz boshingizdan oshib yotgan bo`lsa-da, turmush o`rtog`ingiz uchun yangilik qilishga, o`zgarishga majbursiz.
  5. Siz ham ishga kiring. Ishxonadagi hamkasblar bilan yaxshi munosabat qilish tabiiy holatligini ko`rib, shubhalardan xalos bo`lasiz va eringiz istagandek ayolga aylanasiz. Chunki u uy bekasi qiyofasidan charchagani uchun ham hamkasbiga ilakishgan.

Janob xiyonatkor...

Ishxonadagi ayollarga o`ralashib qolgan ekansiz, demak, karera zinalaridan ildamlayapsiz. Cho`ntagingiz ham qappayib qolgandirki, o`zingizga me`yordan ortiq erk berayapsiz. Bilib qo`ying, harom aralashgan oiladan baraka qochadi, egri yo`lga yurgan odamni oxiri berk ko`cha kutadi. Insofga kirib, bu «o`yin»larga barham bermasangiz, ham oilangizdan, ham jamiyatdagi o`rningizdan ayrilishingiz hech gapmas.

MUXLISA 

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1