— Turmushga chiqqanimga to`rt oy bo`ldi. Turmush o`rtog`im ichuvchi ekan, avval bilmagandik. Nikoh uzugimni ham sotib aroq ichdi. Bunday odam bilan umrimni behuda o`tkazishni istamayman, ajrashmoqchiman. Nima maslahat berasiz?
Muhabbat, Guliston
— Hay, hay, kelinposhsha qizim, darrov ajrashaman demang-a. Yigitchilikda har xil davralar, «g`ururini ko`rsatib qo`yish» kabi turli holatlar bo`lib turadi. Endigina mustaqil hayotga qadam qo`ygan ekansizlar, xo`jayiningiz erlik mas`uliyati, oila boshlig`i bo`lib qolganligini asta-sekin tushuna boshlaydi. Nikoh uzugini sotgani olib ketayotganini qaynona-qaynotangizga aytmadingizmi? Ota-ona o`z bolasini eplab oladi. Yosh yigitni bu yo`ldan tezroq qaytarish kerak. Qaynona-qaynotangizga fikringizni ayting. Qolaversa, mahalla-ko`y bor, o`z-o`zingizdan arazlab ketib qolmang qizim.
Onalarimiz bizga pand-nasihat qilganlar, biz esa sizga bilganlarimizni demoqchimiz. Fe`lingizni keng qiling, ona qizim. Ayol kishi oqila, o`ylab ish tutadigan bo`lmasa, hayotda rosa qiynaladi. Onalarimizga ham oson bo`lmagan. Sabr-bardosh, tadbirkorlik bilan ro`zg`orni ro`zg`or qilib, erning injiqligiga, ichib-chekishlariga, dangasaligi, qo`polliklariga chidab, uni aldab-avrab, chiroyli muomala bilan to`g`ri yo`lga solib, o`ttiz yil, qirq yil, hatto ellik yil birga turmush qurganlar bor.
O`qigandirsiz, ertaklardagi malikalar oshiqlarini sinovlardan o`tkazib, umr yo`ldoshlikka munosibini tanlaganlar. Yoxud o`zlari yaxshi ko`rib qolganlari uchun o`sha yigitni aql-zakovat bilan to`g`ri yo`lga solib olishgan. Maqsad — muhabbatni asrash, oilani mustahkamlash, o`zining baxtli kelajak hayotini ta`minlash bo`lgan.





