Andijon viloyatida xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etish uchun zarur litsenziya va ruxsatnomalarni olib berishni va’da qilib, fuqarodan 10 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi. Bu haqda O’zbekiston Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1984 yilda Andijon tumanida tug’ilgan shaxs Baliqchi tumanida yashovchi, 1974 yilda tug’ilgan fuqaroga xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etishda yordam berishini aytgan.
U o’zining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali litsenziya va faoliyat uchun zarur bo’lgan boshqa ruxsatnomalarni olib berishini va’da qilgan. Bu xizmat evaziga fuqarodan 10 ming dollar talab qilingan.
Ichki ishlar organlari tomonidan o’tkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi Andijon shahridagi Mustaqillik mahallasida kelishilgan pulning 5 ming dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo’lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo’zg’atilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






