Nepalning shimoliy hududlarida yuz bergan kuchli suv toshqini oqibatida halok bo'lganlar soni 469 nafarga yetdi. Yuzlab kishi bedarak yo'qolgan, ular orasida 500 ga yaqin xorijlik fuqaro ham bor. Bu haqda TASS mamlakat politsiyasi ma'lumotlariga tayanib xabar berdi.
Mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar hisobotida 469 kishining jasadi topilgani, 1545 nafar inson jarohatlangani va qutqarilgani qayd etilgan.
Ayni paytda hududda qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Operatsiyaga Nepal armiyasi, qurollangan politsiya kuchlari va politsiya tarkibidan jami 13 295 nafar xavfsizlik xizmati xodimi jalb qilingan.
Eslatib o'tamiz, 26 avgust kuni ertalab Nepalning shimoliy hududlariga kuchli suv toshqini kelgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, ofat Nepal va Xitoy chegarasida, Rasuvagadhi chegara o'tish punktidan taxminan 20 kilometr shimoli-sharqda qor va tosh ko'chkisi sodir bo'lishi natijasida yuzaga kelgan.






