O`zbekiston TIVning alohida topshiriqlar bo`yicha elchisi Ilhom Ne`matovning Qozog`istonning O`zbekistondagi elchisi Erik Utembaev bilan uchrashuvida Toshkent va Samarqandni bog`lovchi M-39 avtomobil yo`lining Qozog`istonning Maqtaaral tumani orqali o`tuvchi yangilangan (887,8−911,9-kilometrlari) qismini ochish, mazkur uchastkada o`tkazish punktini qurish masalalari muhokama qilindi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
Uchrashuv 6 yanvar kuni Janubiy Qozog`iston viloyati hokimiyatida bo`lib o`tdi. Unda Qozog`iston bosh vazirining investisiyalar va rivojlanish bo`yicha o`rinbosari Roman Sklyar va Janubiy Qozog`iston viloyati hokimi Janseit Tuymebaev ishtirok etdi.
Avtomobil yo`lini rekonstruksiya qilish ishlari fevral oyida yakuniga etishi kutilmoqda. Chegaradosh hududda maxsus post bunyod etilib, unda soliqqa solinmaydigan yuklar aylanmasi nazorati amalga oshiriladi.
Qozog`iston elchisi Erik Utembaevning ta`kidlashicha, bu davlatlar o`rtasidagi munosabatlarning mustahkamlanishi hamda savdo va turizmning rivojlanishiga xizmat qiladi. U O`zbekiston poytaxti va Janubiy Qozog`iston viloyati aloqalarining kuchayishiga ham umid bildirdi.
Maqtaaral orqali o`tuvchi M-39 avtomobil yo`li 2006 yilda yopilgan edi.





