1

«Erim meni ma`shuqalari bilan solishtiradi!»

SUG'DIYONA 09.01.2017, 16:08
Teglar: Ayol, Erkak, Oila, Er-xotin, SUGDIYONA
«Erim meni ma`shuqalari bilan solishtiradi!»

– O`zimga yarasha chiroyim bor, qaddi–qomatim ham binoyidek. Bolalar tarbiyasi, ro`zg`or, ish, qaynota-qaynona xizmati, xullas bariga birdek ulgurishga harakat qilaman. Ammo nima qilsam ham erim mendan norozi bo`laveradi. Avvallari «Muomalani bilmaysan» derdi, qo`ldan kelgancha o`zgarishga harakat qildim. Keyin «O`zingga oro berib yursang-chi, qachon qarasa bir xilsan» deydigan odat chiqardi, bunisiga ham ko`ndim. Endi bo`lsa ko`cha–ko`ydagi ayollar bilan solishtirayapti. Birini xipchabel deydi, ikkinchisining ichkiyimini gapiradi, boshqasining nozik qo`llariyu uzun oyoqlari tilidan tushmaydi. Xullas, yaqin-yaqindan beri yotoqxonamiz erimning ma`shuqalari muhokama qilinadigan joyga aylandi. E`tirozlar, kunda-kunora bo`ladigan janjallardan rosti, charchadim. Insofga kelib qolar deganim sari battar avjiga chiqayapti. Hammasidan ham meni boshqa ayollar bilan taqqoslayotganiga chidolmayapman. O`zimga nisbatan ishonchim so`nib borayotgandek... Nima qilishni ham bilmay qoldim. Ehtimol, biror yo`l–yo`riq ko`rsatarsiz degan umidda murojaat qilayotganim...

Ismi sir tutildi.

«Erkaklar ortiqcha e`tibordan eslarini yo`qotishadi!» Achchiq bo`lsa-da, tan olishimiz kerak bo`lgan haqiqat bu! Bir tarafdan ularni taltaytirib yuborgan ham o`zimiz. Juftimning nazaridan qolmay, deb sheyping, fitnes mashg`ulotlariga qatnaymiz, parhez tutamiz, soch turmaklariyu pardoz andoz uchun pulni ayamaymiz. Barchasidan ko`zlangan maqsad bir – begimizning ko`nglini zabt etish! Xo`sh, o`zimiz-chi, nega shu ishlarni o`zimiz uchun bajarmaymiz? Ehtimol dardu xayolni o`g`irlaydigan «Erim! Erim! Erim!» nomli «kasal»ga chalingandirmiz? Etar bas! «Xastalik» surunkali tus olmasidan, muolajani boshlaymiz! Cho`chimang, endi bevafo yorlar qo`rqishsin sizdan! Shunday o`zgaringki, erginangiz labini tishlab, o`tirsa ham, tursa ham sizdan boshqasini demasin!

Arqonni uzunroq tashlang!

Manipulyasiya qilish bu – erkaklarning asosiy quroli. «Nega kech keldingiz?», «Menga qaramay qo`ydingiz», «Ishdan boshqasini ham o`ylaysizmi o`zi?» kabi savollaringiz havoga uchayaptimi, bilingki asabiylashishdan naf yo`q. «SMS»laru «Telegramm»dagi yozishmalaringiz ham «qanotchalarsiz» qolayaptimi, tinchlaning, u shunchaki manipulyasiya qilayapti, xolos. Soddaroq tilda aytganda, diydiyolaringizdan bezib, «Ovozsiz rejim»ga o`tib olgan. Istasangiz shu tariqa davom etishi mumkin.

Nima qilasiz: Avvalambor, yozishmalaru qo`ng`iroqlarni to`xtating! Ro`zg`or uchun biror zarur xarid kerak bo`lsa, ikki og`iz gap bilan bildirsangiz bas: «Qaytayotganingizda non ola kelarsiz». «Qachon qaytasiz?», «Qaerdasiz?», «Yozganim bilan, baribir, javob bermaysiz, bilaman» kabilar kerakmas! G`ururli bo`ling! Uch–to`rt kun shunchaki o`z holiga tashlab qo`ying. Qani, qanday munosabat bildirarkin. Bordiyu shunda ham o`zgarmasa «Plan-B»ni ishga solasiz!

Qomatingizni ko`z–ko`z qiling!

«Kun sayin to`lishib ketayapsan, salgina o`zingga qara» deya yoringiz piching qildi-yu, xayolingiz yovvoyi kaptardek uchdi–ketdi: «Erim xipchabel xonimchalarga ilakishib qolgan!» Shu kundan boshlab, jizzaki, asabiy va tund kayfiyatda yurishni odat qilsangiz, oshqozoningizni azobga qo`yib, ochlik e`lon qilishni boshlasangiz, keyin attang qilasiz. Paxmoq tungi liboslarga yashirinishni ham o`ylamang, zero bu chora emas!

Nima qilasiz: har tong ko`zgu qarshisiga turing-da, o`zingizni maqtang! Qarang, qanday ofatijon ayolsiz! Lo`ppi yuzlaringiz, salgina to`lishgan belingiz ham o`zingizga juda yarashgan. Ozishni niyat qilgan bo`lsangiz, unli mahsulotlarni kamaytiring. Ammo vazn muammosidan kompleks paydo bo`lmasin. Hadeb qomatingizni gapga olayotgan eringizdan achchiqlanmang, semirding deydimi, «Siz yaxshisiz-da dadasi, shunga ham to`lishib yuribman» deng. Buni ustiga semirishning ham foydasi bor, ko`kraklar shaklga kiradi. Shuni ham yorginangizga bi-i-r eslatib qo`ying-chi...

O`yiniga qo`shiling!

O`tgan-ketgan ayolni quruq qo`ymaydigan eringiz ma`shuqalarining ta`rifini keltirib, doston o`qiyaptimi? O`zingizni bosing! Janjal ko`tarsangiz sizdan soviydi, indamasangiz, tag`in bir balo, jazmanlarining sochini yulsangiz-u, ulamasochlarning yangisi topiladi-da. Demak, «Plan-B» o`yin ichida o`yin o`ynang.

Nima qilasiz: «Falonchixonning beli chumolinikidan ham nozikki, quchoqlasang, bag`ringga kirib ketadi» Sizning javobingiz: «Rostanmi, buni qanday bildingiz? Kaftingiz bilan o`lchadingizmi yoki santimetrdami?», «Bag`ringizga sig`dimi ishqilib, qani menam bir sinab ko`raychi...» buyog`i o`zingizga havola. Nishonni aniq olsangiz, bo`lgani. To`g`ri, oson bo`lmaydi. Ikkilanasiz, tilingiz ham aylanmay qoladi, lekin kutilmagan zarba erkakni sarosimaga soladi-da. Qolaversa, «Nega xotinim rashk qilmayapti? Yo mendan ko`ngli sovudimi? O`zgarib qolibdimi?» deya o`zidan havotir ola boshlaydi. Siz bo`lsa, pinagingizni ham buzmay, barcha jazmanlariga iste`fo berasiz. Buni aql bilan mot qilish deydilar.

Bugun komediya, ertaga fentezi!

Er-xotin munosabatlari sovuqlasha boshlagach, tabiiyki, yaqinlik masalasida ham kayfiyatsizlik paydo bo`ladi. Ters o`girilib uxlash, fiziologik ehtiyojlar uchungina munosabatga kirishish yoxud zo`rma–zo`raki tuyg`ular ifodasi... Yashin tezligida miyangiz keraksiz axborotlarga to`la boshlaydi: «Sendan ko`ngli sovigan», «Boshqasi bor, u bilan yotog`i ham bir» Vaholanki, bu shunchaki araz yoki ayni dam ruhiy muvozanatning buzilishi sabab kelib chiqqan o`zgarishlar bo`lishi ham mumkin. Xo`p, mayli, biror kimga o`ralashib qoldi ham deylik, ich-etingizni tirnab, kinnachiyu folbinlarga yugurganingiz ish beradimi, sizningcha?

Nima qilasiz: dastlab, qaddingizni tik tuting! Nigohlaringizga sehr, labingizga tabassum hadya eting-da, muomalangizni to`g`irlang. Turmush o`rtog`ingiz boshqa pari-paykarni xayol qilayotganini sezsangiz ham sir boy bermang. Siz ulardan yuz chandon yaxshisiz! Turlaning! Ehtiroslaringizni oshkor qiling, yaqinlik payti nimalarni istayapti, so`rang. Bugun «ishtahasi»ni qitiqlashni uddaladingizmi, demak ertaga kutilmagan tomosha ko`rsating. So`ng biroz tanaffus berasiz. Ha, endi bu ishni u emas, siz bajarasiz! Faqat oldindan kelishib olaylik, rashkingizni zinhor sezdirmaysiz! Erim bilmaydi demang, biladi, o`zicha solishtiradi ham. Ana shunda siz ko`proq ochko to`plashingiz kerak.

Ayyorroq bo`ling!

Ojiza ekanligingizni ko`rsatgingiz kelmaydi, ayniqsa, u sizni ranjitgan bo`lsa. Qulog`im tinch bo`lsin deb, qilayotgan muomalasini ham sezib yuribsiz. Telefoniga kelayotgan «SMS»lar, yashirin raqamdan bo`layotgan qo`ng`iroqlar ham g`ashingizni keltirayapti. Bugun-erta aniq portlaysiz va shusiz ham sovuqlashib borayotgan munosabatlaringizda muzlik davri boshlanadi.

Nima qilasiz: to`palon ko`tarishga har doim ulgurasiz, yaxshisi, o`z ustingizda ishlang. «Ishxonaga olib kelishgandi, tanlashib yuboring, sizga qaysi biri ko`proq yoqdi» deya ichkiyimlar to`plamini ko`rsating. (Olib-sotarlarni kutish shart emas, do`kondan uch-to`rt xilini xarid qilib olavering. «Monitoring»dan o`tmaganini biror kimga sovg`a qilasiz) «Siz», «Biz» so`zlari zaboningizdan tushmasin, ammo o`zingizni ham unutib qo`ymang. «Mendek ayolni sevmay bo`larkanmi?», «Manaman degani ham oldimda ip esholmaydi, ishonavering!» juftingiz bilan suhbatlashganda shu kabi iboralardan foydalanib, o`zingizga naqadar ishonchingiz baland ekanligini eslatib turing. Quloq orqali qabul qilingan axborot miyada saqlanib qoladi.

Seksopatolog, oilaviy munosabatlar bo`yicha psixoterapevt Dilya ENIKEEVIChning

«Uni o`zingga rom et» asari asosida Marjona tayyorladi.

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1