Bugun, 21 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandda o‘tayotgan «Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l» butunjahon sammiti ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari bolalar farovonligi, ularning xavfsizligi, sifatli ta’lim va tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlari har bir davlat siyosatida ustuvor o‘rin tutishi kerakligini ta’kidladi.
Mirziyoyevning qayd etishicha, O‘zbekistondagi islohotlar natijasida so‘nggi yillarda maktabgacha ta’lim qamrovi 27,7 foizdan 78 foizga, oliy ta’lim qamrovi esa 9 foizdan 45 foizga oshgan. So‘nggi besh yilda bolalar kambag‘alligi qariyb to‘rt barobar qisqargan. Shuningdek, inklyuziv maktablar soni besh barobar ko‘paygan va nogironligi bo‘lgan bolalarning 85 foizdan ortig‘i ta’limga jalb etilgan.
Prezident yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalarning barchasi oila muhitida tarbiyalanayotganini ham ta’kidladi. Uning fikricha, har bir bola mehr va g‘amxo‘rlikka asoslangan muhitda ulg‘ayishi uchun oilalarni o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlash zarur.
Davlat rahbari bolalarning og‘ir kasalliklarini erta aniqlash va davolash, xususan, bolalar onkologiyasi bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi. Shuningdek, bolalarni kiberbulling, ekspluatatsiya va shaxsiy ma’lumotlardan noqonuniy foydalanishdan himoya qilish, xavfsiz raqamli muhit yaratish muhimligini qayd etdi.
Mirziyoyev bolalarning o‘zlariga taalluqli qarorlarni qabul qilish jarayonlaridagi fikrini ham inobatga olish lozimligini aytdi. U Samarqand platformasini tajriba almashish, qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va bolalar farovonligini ta’minlashga qaratilgan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish mexanizmi sifatida shakllantirishni taklif etdi.
Prezident sammitda bildirilgan tashabbuslar aniq rejalar va amaliy ishlar bilan davom etishi, natijalar esa bolalar hayotida sezilishi kerakligini ta’kidladi.






