AsosiySalomatlik
9399

​Qalqonsimon bez qalqondek mustahkammi?

'​Qalqonsimon bez qalqondek mustahkammi?'ning rasmi

Qalqonsimon bezdagi tugunlar xavflimi? Ular haqida to`liq ma`lumot bersangiz.

Hojiqurbon Masharipov Toshkent

Savolga oliy toifali shifokor endokrinolog Natalya Ni javob beradi.

— Qalqonsimon bezdagi tugunlar borligi profilaktik ko`rik vaqtida aniqlanadi. Bu tugunlar ko`p vaqt o`zini ko`rsatmaydi. Mayda tugunlar esa paypaslanganda sezilmaydi, ularni faqatgina ultratovush tekshiruvi orqali ko`rish mumkin. Katta (diametri 2 sm.dan oshsa) tugunlarni paypaslashda aniqlash mumkin. Bu tugunlar nega paydo bo`ladi va bu noxush holat aniqlanganda nima qilish kerak, degan savol ko`pchilikni qiziqtiradi.

Kattaligi ahamiyatga ega

Qalqonsimon bezda tugunlarning shakllanishiga ko`pincha yod moddasining etishmasligi sabab bo`ladi. Ba`zan esa genetik moyilik, atrof-muhitning yomonligi, havoda radiasiyaning yuqoriligi ham sabab bo`lishi mumkin.

Agar qalqonsimon bezingizda tugun aniqlangan bo`lsa, avvalo vahimaga tushmang. Diametri 1 sm.gacha bo`lgan tugunlar odatda xavfsiz hisoblanadi. Ultratovush tekshiruvida shifokor shubhali holatlar, masalan, kalsiy tuzlarining yig`ilishi, o`simta qirralarining notekisligi, bo`yin limfa tugunlarining kattarishi, kishi yaqinlarida qalqonsimon bez saratoni borligi aniqlasa, tugunlarni yanada chuqurroq o`rganish talab qilinadi..

Agar shifokor shubhali o`zgarishlarni aniqlamasa, bir yilda bir marta mutaxassis shifokor ko`rigidan o`tish etarli. Ammo tugun 1 sm.dan katta bo`lsa, shifokorga murojaat qilish kerak.

Issiq yoki sovuq?

Avvalo qonning gormonlar darajasini aniqlash zarur. Agar qon natijasi me`yordan oshgan bo`lsa qalkonsimon bez radioizotop qilinadi. Bunda tugunning «issiq» yoki «sovuq» turi aniqlanadi.

«Issiq» tugunlar ko`plab tireoid gormonlarini ishlab chiqaradi. O`z navbatida ular zararsizdir. Ya`ni, qushimcha tekshiruvlarga hojat yuq.

«Sovuq» tugunlar esa xavfli. Hujayra tarkibini aniqlashtirish uchun igna aspirasion biopsiya tekshiruvi o`tkaziladi. Shifokor ingichka igna bilan bez to`qima qismidan biroz parcha oladi. Muoalaja ultratovush tekshiruvi nazoratida o`tkaziladi va shifokor igna yo`nalishini ko`rib turadi va shuning uchun boshqa organlar zararlanmaydi. Olingan to`qima sitologik laboratoriya tekshiruviga jo`natiladi. Bunda tugunning xavfli yoki xavfsizligi aniqlanadi. Odatda tugunlarning 90 foizi xavfsiz bo`lib chiqadi.

Tashxis qo`yildi, keyinchi?

Tahlillar natijasida shifokor an`anaviy davolashni yoki operasiya qilishni tavsiya qiladi.

Tugunning kattaligi operasiya qilishinishi ko`rsatkichi emas. Operasiya tugun to`qimasida xavfli o`zgarishlar bo`lsagina qilinadi. Yana bir sabab – «issiq» tugunlar bo`yin harakatiga xalaqit bersa yoki kosmetik nuqson mavjud bo`lsa, bemor xohishiga ko`ra shish operasiya yo`li bilan olib tashlanadi. Bemor operasiyadan so`ng 2-3 kun shifoxonada yotadi. Shifokor bemorga keyingi davolanish va kuzatish xaqida tavsiyalar beradi.

Test :

Qalkonsimon bezingiz sog`lommi yoki yo`qligini tekshirish uchun quyidagi savollarga javob berishingiz kifoya.

Bu alomatlar sizda kuzatiladimi?

✓ Yig`loqilik, bezovtalik, asabiylashish;

✓ Ayollarda tartibsiz yoki ko`p hayz ko`rish;

✓ Vazningizning keskin o`zgarishi (sababsiz);

✓ Terining quruqlashgani;

✓ Sochning ko`p to`kilishi;

✓ Isib ketish, terlashning kuchayganligi

✓ Yurakning tez urishi;

✓ Tanaga titroq kirishi;

✓ Ich qotishi.

Natija: agar sizda 3 yoki undan ko`p alomatlar kuzatilsa, endokrinolog bilan maslahatlashing!

Feruza Najimova tayyorladi

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar