Yaqin kelajakda bizni hayratlantira oladigan texnologiya olami yangiliklari bilan tanishing.
Yangi avlod noutbuki: unda futbol o`yinini ko`rishadi
Las-Vegasda o`tkazilgan CES2017 ko`rgazmasida Amerikaning mashhur kompaniyalaridan biri bo`lmish RAZER kompaniyasi o`zining uch ekranli noutbukini namoyish etdi...
Ko`rgazma ishtirokchilarining takidlashicha, yangi avlod noutbuki uchta 17 dyumli ekrandan iborat bo`lib, vazni bor yo`g`i 5 kilogrammni tashkil etadi. Har bir ekran IGZO texnologiyasi asosida yaratilgan va qalinligi 4-x mm. Buni aqlga sig`mas ixtiro deb aytishmoqda. Tasvirlar NVIDIA G-Sinx texnologiyasi yordamida sinxronizasiya qilinadi. Yangi avlod noutbuki past profilli mexanik klaviatura, NVIDIA GeForce GTX 1080 grafik kartaga asoslanuvchi 8 GB hajmdagi video xotira, 32 GB operativ xotira, shuningdek sovutish tizimi bilan jihozlangan. Ushbu noutbukni birinchi avlodining narxi 3700 dollar, ikkinchi avlodining narxi esa 6000 dollar deb baholanmoqda. Ko`rgazma ishtirokchilarining deyarli barchasi bu noutbukda futbol o`yinini ko`rish istagini bildirishgan. RAZER kompaniyasi xodimlari yangi avlod noutbukini birinchi va ikkinchi avlodi yaqin kunlarda sotuvga chiqishini takidlashmoqda.
BOShINGIZ OG`RISA, GADJET TAROQ YoRDAMGA KELADI
Las-Vegasda o`tkazilgan CES2017 ko`rgazmasida Nokia hamda L'Oreal kompaniyalarining uzoq muddatli sa`y-harakatlari natijasida yaratilgan “Aqlli taroq” deb nomlanuvchi g`ayrioddiy gadjet namoyish etildi.
Ishtirokchilarning bu nima uchun kerak, degan savoliga Nokia hamda L'Oreal kompaniyalari shunday javob berishdi:
“Mazkur gadjetni oddiy taroq deb o`ylamang, bu aqlli, miya to`qimalarini va bosh bilan bog`liq turli kasalliklarni oldini oluvchi aqlli taroq. Mazkur gadjet sizning mobil qurilmangizga ulangan holda bosh miya hamda sochlar mustahkamligi haqidagi ma`lumotlarni berib boradi. “Aqlli taroq” bosh og`rig`i vaqtida qo`llash uchun harakatlanuvchi mayin tishlari bilan boshingizni massaj qilish xususiyatiga ega. Taroqning har bir tishiga sensorlar o`rnatilgan bo`lib, soch holati va miya to`qimalaridagi o`zgarishlardan sizni boxabar qilib, agar o`zgarish sezilsa, sizga vujudga kelayotgan muammoni bartaraf etishda maslahatlar berib turadi”.
Aqlli taroq” yaqin kunlarda sotuvga chiqishi ko`zda tutilgan. Uning narxi hali e`lon qilinmadi, lekin kompaniyalar uning narxi hamyonbop bo`lishini takidlashmoqda.
YaQIN KELAJAKNING BUYuK IXTIROSI: ENDI HECh NARSANI UNUTMAYMIZ
Hayotimizda yuz beradigan hayajonli daqiqalar, xursandchiliklar va umrning eng mazmunli damlarini yodda saqlab, ularni eslaganda vaqt qanchalik tez va shiddat bilan o`tayotganiga amin bo`lamiz. Ammo ba`zan shu umrning eng mazmunli damlari yodimizdan ko`tariladi va u vaqtlarni qanchalik urinmaylik, eslay olmaymiz...
Janubiy Kaliforniya universiteti biotibbiyotshunoslik muhandisi Teodor Berger insonlarga xotirani tiklashda yordamlashuvchi ajoyib ixtironi yaratdi. Uning ixtirosi barchani o`ziga tortdi. Kichik qurilma yaxshi eshita olmaydiganlar taqadigan “eshitish moslamasi”ni esga soladi: uni quloqning orqasiga joylashtirilsa bas. Mazkur qurilma omma e`tiboriga havola qilishdan oldin sichqon va maymunlarda sinovdan o`tkazildi va ajoyib natijaga erishildi. Berger o`z ixtirosi haqida shunday deydi:
- Miyamizdagi kichik nervning ish uyg`unligini va neyronlar orqali ularni faollashtirish bilan yodimizdan chiqqan voqealarni asta-asta eslashimiz mumkin. Masalan, xonangiz kalitini qaerga qo`yganingizni eslay olmayapsiz va bilingki, kalitni qaerga qo`yganingiz nofaol holatga o`tgan. Shu paytda siz eslashga harakat qilasiz va mazkur qurilmaga ehtiyoj sezasiz.
Bundan tashqari bu qurilma xotirasini yo`qotgan odamlarga xotiralarini tiklashda juda katta yordam beradi. Bu ixtiro yaqin kelajakning buyuk ixtirosi deb atalmoqda. Bergerning ixtirosi yanada takomillashtirish jarayonida ekanligi aytilmoqda va uning qachon sotuvga chiqishi hali e`lon qilinmadi.
Xumoyun Tursunov
Namangan davlat universiteti talabasi