AsosiySUG'DIYONA

​«Ayb sendami, ayb mendami, endi yor?»

'​«Ayb sendami, ayb mendami, endi yor?»'ning rasmi

Aybdorlik hissiga taslim bo`lgan kishi qafasdagi qushdek yashashi, undan yiroq odam esa mas`uliyatsizga aylanib qolishi hech gapmas. Ushbu testimiz nafaqat sizning bu hisni qanchalik tuyushingizni oydinlashtiradi, balki uni to`g`ri tomonga yo`naltirishingizda ham yo`l ko`rsatadi.

Eslatma

A — 0 ball.

B — 5 ball.

V — 10 ball.

1. Jamoadoshlaringiz muhim ishga boshlari bilan sho`ng`ib ketishgan. Sizning tomoshabin bo`lib turishingizning, albatta, o`ziga yarasha sababi bor. Bu vaziyatda ko`proq nimadan tashvishlanasiz?

A. «Hamkasblarimning menga munosabatidan. Ularning «Sensiz ham ishimiz bitadi», deya o`ylashlaridan achchiqlanaman».

B. «Albatta, natijani o`ylayman. Mening beparvoligim sabab ularning shuncha mehnati zoe ketishidan cho`chiyman».

V. «Zarardan. Natija quvonarli bo`lmasa, jamoadoshlarim mening oldimda izza bo`lib qolishadi-da».

2. Sizni juda zerikarli uchrashuvga taklif qilishsa...

A. «Darhol yo`q deya javob beraman. Istamagan joyimga borishga majburmasman, demak, bu men uchun muammo emas. Yaxshisi, bu haqda meni taklif qilgan odam o`ylasin».

B. «Rad qilishim juda mushkul, shuning uchun ko`pincha ha deb, xohlamasam ham boraveraman».

V. «O`zimni noqulay his qilaman, ammo bormaslik uchun biror chora izlay boshlayman».

3. Restoranda stol buyurtma qilgandingiz, kutilmaganda esa boshqa muhim ishingiz chiqib qoldi. Ustiga-ustak, qo`ng`iroq qilib, ularni bundan ogohlantirib qo`ymadingiz...

A. «Restoranga mendan boshqa yuzlab odamlar borishadi, ma`muriyat joyimni bo`sh qoldirib qo`ymasa kerak».

B. «Bu g`irt mas`uliyatsizlik! Axir meni deb pulga kuyib qolishdi!»

V. «Yaxshi ish bo`lmadi-da. Mayli, biror kun borib, kechki ovqatni shu restoranda qilarman».

4. Kichkintoyning tishida karies bor. Sizningcha, bunga kim aybdor?

A. «Kimmas, nimalar sababchi deng. Shirinlikliklar va shirin gazlangan ichimliklar karies chaqiradi».

B. «Ota-onalar, chunki ular bolasining salomatligi va tarbiyasiga javobgar».

V. «Stomatologlar-da! Kichkitoylar ota-onasining gapiga quloq solavermaydi-ku, shifokorlardan esa qo`rqishadi».

5. Farzandingizga bergan va`dangizni unutib qo`ydingiz. U sizning sovg`angizni kutayapti va yig`layapti...

A. O`zingizni juda notavon his qilasiz: «Qaniydi er yorilsa-yu erga kirib ketsam. U meni kechirarmikan?»

B. Xafa bo`lasiz va bolangizning hislarini tushunasiz: «Uni qanday yupataman endi?»

V. Unga qo`shilib yig`lay boshlaysiz: «Aybimni qanday yuvsam ekan?»

6. Tasavvur qiling, yaqin dugonaningiz tushkunlikka tushib qolgan. U qo`ng`iroq qilishingizni so`rab, xabar jo`natdi, biroq tashvishlaringiz bilan bo`lib, bu tamoman yodingizdan ko`tarildi. Eslaganingizda...

A. O`zingizni oqlashga tushasiz: «Yaxshi ish bo`lmadi, ammo uning muammosiga men sababchimasman-ku, hammasiga o`zi aybdor».

B. Uyalasiz va o`zingizni aybdor his qilasiz: «Bu harakatim uchun javob berishim kerak».

V. Achinasiz va o`zingizni biroz aybdor sanaysiz: «Boyaqish dugonam, hozir unga juda qiyin, men yo qo`ng`iroq qilib ko`nglini ko`tarishim, yoki yoniga borishim kerak».

7. Ziyofatdasiz, kayfiyatingiz juda a`lo. Shunda siz tanimaydigan mehmonlardan birining g`amgin holda burchakda o`tirib olganiga ko`zingiz tushdi...

A. E`tibor qaratmaysiz, do`stlaringiz bilan maza qilib o`ynab-kulish uchun kelgansiz axir kechaga.

B. Uyga qaytgach ham shu odam haqida o`ylaysiz, unga yordam qo`lini cho`za olmaganingizdan xafa bo`lasiz.

V. U bilan gaplashib, dardini bilgingiz keladi, axir o`zini yolg`iz sezmasligi kerak-ku!

8. Inson o`zini doim baxtsiz his qilishi...

A. Haqiqiy muammo. Ba`zida odamga butun dunyo sening baxtingga qarshidek tuyuladi.

B. Bu aybdorlik hissi bilan bog`liq. Shu sabab ham kishi o`zini baxtli ko`rsatishga iymanadi.

V. Nima qilish kerak? Agar inson o`zini baxtsiz sanasa, qanaqa qilib atrofidagilar uni baxtli qilishi mumkin?

Natijalar

0-20 ballgacha: «Men aybdorman?! Hech qachon!»

Nima uchun o`zingizni aybdor his qilishingiz kerak? Siz doim bu hisni inkor qilasiz. Axir aybdorlik hissi xushkayfiyatingizni bir pul qilib, tag`in erkinligingizni bo`g`adi. Sizni burchakka turg`izishmoqchi bo`lishsa-ku, butun dunyodan xafa bo`lib ketasiz. To`g`ri, gohida «Shu vaziyatni men yuzaga keltirdimmi?» deya o`zingizni koyib turasiz, ammo iloji boricha e`tibor qaratmaslikka harakat qilasiz. «Nima bo`lsa, bo`ldi!» deya yo`lingizda davom etasiz. Bu samimiyligingizni, erkinligingizni ta`minlaydi. Biroq masalaning salbiy jihatlari ham bor. O`rtangizda gap qochgan odamga nisbatan gina saqlaysiz.

Nima qilish kerak? O`zingizdan farishta yasashni bas qilsangiz, qalbingiz tozarardi, gina-kuduratlardan xalos bo`lasiz, hech kimga yomonlik sog`inmaysiz. Boshqalarni tushunish orqali o`zingizni anglay boshlaysiz. Kamchiliklarni tan olishni o`rganing, atrofingizdagilarning tirnog`i ostidan kir qidirmang. Shundagina mas`uliyatni his qilasiz. Axir aybni boshqaning bo`yniga ilib o`tirganingiz bilan muammongiz hal bo`lmaydi.

25-45 ballgacha: «Hamma gap o`zimda!»

Aybdorlik hissi sizni butkul zabt etgan. Hatto hali sodir bo`lmagan voqea-hodisalar uchun ham o`zingizni sababchi sanaysiz va boshqalar uchun nimadir qilishga majbur kishi hisoblaysiz. Atrofingizdagilar bu fe`lingizdan osongina foydalanishadi. Nuqul xatongizni (garchi xato qilmagan bo`lsangiz-da) to`g`irlash, kechirim so`rash, vaziyatni o`zgartirish haqida o`ylayverasiz. Sababi o`zingizni azoblashga moyilsiz. Ko`ngilsiz hodisa bo`lsa, «Nima uchun bunday qildim?» «Bunaqa qilmasligim kerak edi» kabi so`rovlaringizning oxiri ko`rinmaydi. Natijada esa o`zingizga nisbatan bahongiz pasayib ketaveradi. Biroq bu xarakteringizning bitta ijobiy tomoni bor, odamlarga yordam qo`lini cho`zishni, yaxshilik qilishni istaysiz. Faqat ba`zida buni ham me`yoridan oshirib yuborasiz. Go`yoki sizsiz hech narsa qila olishmaydi.

Nima qilish kerak? Hushyor bo`ling. Aybdorlik hissi sizni o`zingizni jazolashga majbur qilmasin. Voqealarni xotirjam tahlil qiling. «Mening aybim nima?» deya o`zingizni ham, boshqalarni ham so`roqlayvering. Keyingi gal xatoga yo`l qo`ymaslik uchun xulosa chiqaring, kuchingizni vaziyatdan chiqish yo`llarini izlashga sarflang.

50-80 ballgacha: «Iltifotingizni darig` tutmang»

Aybdorlik hissini his qilmasdan yashab bo`lmasligini tabiiy qabul qilasiz. Harakatlaringiz, so`zlaringiz uchun javob berishga doim tayyorsiz. O`zga kishi siz deb dard cheksa, vijdoningiz qiynaladi, kechirim so`rashni paysalga solmaysiz. Bu haqiqatda xatongizni anglab, o`sha insonga bo`lgan munosabatingizni o`zgartirishingizga yordam beradi.

E`tiborga molik tomoningiz, xatongizni tan olganingiz tufayli sizni bo`ysundirishlariga yo`l qo`ymaysiz. Bu — ma`suliyat, aybdorlikmas, degan shior ostida ish tutasiz. Elkadagi mas`uliyatni sezish esa kelajakdagi ko`ngilsizliklarning oldini oladi.

Nima qilish kerak? Bu sifatga ega kishi atrofdagilar bilan ham yaxshi muomala qiladi, do`stona munosabat o`rnatadi. Faqat gohida o`zini, istaklarini unutib qo`yadi. Shuning uchun juda ta`sirchan bo`lmang. Boshqalar uchun javobgarmassiz. Shunchaki yon-atrofga, yaqinlarga e`tiborli bo`lsangiz bas. Mehribonligingiz javobgarlikka aylanib ketishiga yo`q qo`ymang. Chegaralarni saqlab turing.

Shoira VAFOEVA tayyorladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar