1

Ubaydulla Omon kinodagi ilk roli, oilaviy baxt sirlari va kliplardagi ishtiroki haqida(Eksklyuziv)

Shou-biznes 03.07.2017, 11:01
Teglar: Aktyor
Ubaydulla  Omon kinodagi ilk roli, oilaviy baxt sirlari va kliplardagi ishtiroki haqida(Eksklyuziv)

Elimizning sevimli aktyori Ubaydulla Omon bilan suhbat qilishni dilimizga tugib, to`g`ri Buxoro teatriga yo`l oldik. Ekrandagi obrazlari kabi salobatli va viqorli aktyor hayotda juda samimiy inson ekanligiga suhbat davomida yana bir marotaba amin bo`ldik...

Birinchi kitob va ilk rol...

Buxoro shahrining Minorai Kaloni qarshisida joylashgan 17-maktabda tahsil olganman. Maktab binosi aslida bir boyning eski hovlisi bo`lib, unda ikki smenada darslar olib borilardi. Uyimizga yaqin bo`lgani uchun ota-onam bizlarni aynan shu maktabga berishgan. Aslida, bu maktabda mehribonlik uyi bolalari o`qishardi. Ular go`yo alohida bir diaspora bo`lib, birga borishar, birga kelishardi. Biz ham ularning ta`sirida o`sib, ulg`ayganmiz. Bizga haqiqiy fidoyi ustozlar dars berishgan. Ularni hali-hamon yaxshi eslayman. Aganova Nadejda Mixaylovna sinf rahbarimiz edi. Buni qarangki, sevimli sinf rahbarim bilan qo`shni turardik. Ustozim turmush o`rtog`i bilan biror joyga ketadigan bo`lsa, ikki nafar o`g`lini (ular bilan deyarli tengdosh bo`lsam ham) menga qoldirib ketishardi. Ular bolalar urishmasin, bekor o`tirmasin, deb bizga bir-biridan qiziq va yoshimizga mos bo`lgan kitoblarni tashlab ketardi. Kitobga shu ustozim sabab kuchli mehr qo`ydim. Ilk o`qigan kitobim Nikolay Nosovning “Bilmasvoy” (“Neznayka”) kitobi bo`ldi. Ustozning uyida “Chippolino”ni o`qishni boshlaganman. Ishonmaysiz, Nadejda Mixaylovna aslida kimyo fani o`qituvchisi edi. Ammo san`atga mehri bo`lakcha edi. Bizlar bilan kichik-kichik sahna ko`rinishlari qo`yardi. U Mixail Lomonosov haqida bir aktli spektaklni sahnalashtirdi va men unda bosh qahramonni ijro etdim. Sahnadagi ilk rolim ­aslida ana shu bo`lgan!


Bobom aslida xorazmlik

Oilamizda 6 nafar farzandmiz, men ikkinchisiman. Men va sing­lim oliy o`quv yurtida tahsil oldik. Qolgan opa-ukalarim otamning izi­dan borib, zavodda ishlashdi. Otam Qoraqo`l teri zavodida 17 yil rahbar bo`lgan. Lekin shunga qaramay u kishi san`atga oshufta inson edi. Otamning otalari ya`ni bobom asli xorazmlik bo`lgan. Buxoroga kelib, shu erda qolib ketganlar. Otamning qonida san`at bor-da, Xorazmga biror marta bormagan bo`lsalar-da, to`ylarda xorazmchasiga shunaqa qoyillatib raqsga tushardilarki, ko`rganlar hayratda qolishardi. Oshni tayyorlash jarayonida turli qo`shiq va ariyalarni chiroyli xirgoyi qilardi. San`atga bo`lgan mehr va ishtiyoq menga otamdan o`tgan deb o`ylayman.

Onam uy bekasi edilar. Oilamizda 6 nafar farzanddan tashqari yana 2 nafar etim qolgan tog`alarim ham bor edi. Umumiy hisobda 10 kishi uchun qozon osishning o`zi bo`lmaydi. Butun oila kechki ovqatni eb bo`lganidan so`ng, onam oshxona ishlarini qilib bo`lgach, guzarga chiqardi. Onamda faqatgina kechalari uy yumushlardan ortib, ko`chaga chiqishga imkon bo`lardi. Guzardagilar muam­molari va boshqa masalalarda onamdan maslahatlar olishardi. Onam judayam ziyrak va oqila ayol edi. O`zlari uchun bozordan biror narsa olmasdi. Buni yaxshi bilganim uchun ham bolaligimda yiqqan pullarimga u kishiga yaxshi atir olishni odat qilgandim.

Teatrdagi ilk 8 yil

1958 yilda mashhur bastakor Muxtor Ashrafiy Buxoroga kelib, Buxoro teat­rida “Dilorom” operasini musiqali dramaga aylantirdi. Bosh qahramon Monining shogirdi rolini ijro etish menga nasib qildi. Katta sahnadagi, ya`ni teatrdagi ilk rolim so`zlarini haligacha juda yaxshi eslayman. Parda ochilganda, bog`da o`tirgan Monining oldiga shogirdi kelib tiz cho`kadi va: “Sharafshon senga, ey rassomi nodir”, deya unga bo`yoqlarni beradi. Shu kichik roldan keyin hayotim butun umrga teatr bilan bog`landi! Maktabdan qaytgach, darslarimni tayyorlardim-da, teatr­ga oshiqardim, kichik sahnalarda qatnashardim. Yordamchi tarkib a`zo­si sifatida ishtirok etgan har bir spektakldan 1 rubl miqdorida gonorar olardim. Pullarimni yig`ib, ota-onamga tug`ilgan kunlarida va bayramlarda sovg`a olardim. Mehnat daftarcham yo`q, sevimli dargohimda shunchaki kelishuv asosida faoliyat yuritardim. 1958 yildan 1966 yilgacha, 8 yil umrimni (institutga kirgunimga qadar) Buxoro teatrining eski binosida o`tkazdim.


Raj Kapur, kechagi va bugungi hind kinosi...

Bolaligimda ilk marotaba Raj Kapurning “Daydi” filmini ko`rib, albatta aktyor bo`laman deganman. Bugun ham mazkur filmni qayta va qayta tomosha qilaman. Hind kinosi tomoshabinga kuchli tarbiyaviy ta`sir ko`rsata olardi. 15 yoshimda Yash Chopraning “Changdagi gul” filmini ko`rib esa qattiq ta`sirlanganman. O`shanda o`zimga hech qachon bunday vaziyatga tushmayman, deb so`z berganman. Bu va`da meni keyinchalik ko`p xatolardan qaytardi. Yash Chopraning oxirgi yillarda suratga olingan “Vir va Zara” filmi ham juda ta`sirli chiqqan. Afsuski, bugun Bollivud Gollivudning nusxasi bo`lib qoldi, o`ziga xos hindcha imzosini, maza-ta`mini yo`qotdi.

Shaxsiy hayot

1964 yilda Buxoro kinoteatrlariga hind kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan “Ganga va Jamna” filmi namoyish etildi. Filmdagi bosh rollarni Dilip Kumar hamda Vijayantimala ijro etishgan. Xullas, 16 yoshimda sohibjamol aktrisani sevib qoldim. O`shanda rafiqam aynan shu aktrisaga o`xshashi kerak deb o`zimga so`z berganman. Qaerga borsam ham unga o`xshagan qizni zimdan izlab yurardim. Institutda 2-kursda tahsil olayotganimda, Buxoroga ta`tilga keldim. Ona shahrimda mashhur sovg`alar do`koni bo`lardi. U erga kirganimni bilaman, xuddi men sevib qolgan aktrisaga o`xshaydigan qizga ko`zim tushdi. Shundan so`ng u haqda surishtira boshladim. U qiz buxorolik bo`lib, ToshMIda tahsil olar ekan. Oradan ko`p o`tmay uni izlab bordim. Ko`nglimdagini aytdim. U ham otam kabi san`atsevar ekan, “teatralniy”da tahsil olishimni eshitib, men bilan ochilib gaplashdi. Ko`ngillarimiz topishdi, unga hind kinosidan olgan taassurotlaru voqealarni so`zlab, qo`shiqlarini xirgoyi qilib berardim. Bizni san`at birlashtirdi desam ham bo`ladi. Ko`p o`tmay ularnikiga sovchilar kela boshlagach, otasi uni ToshMIda o`qiydigan samarqandlik bir yigitga berishga rozilik bildirgan. Yigit qizga aytmasdan, darrov sovchi jo`natgan-da. Bir kuni u sov­chi­laringiz­ni jo`­natmasangiz, otam meni tanimagan yigitga uzatadilar, deb qoldi. Ikkalamiz ham talabamiz, u ham, men ham ijarada tursak, to`ydan keyin qanday yashar ekanmiz, deb o`ylanib qoldim. Keyin bu haqda otamga aytdim. U kishi sovchilikka borib, ularning roziligini olib keldi. To`ydan keyin Buxoroda 3-4 kun yashab, Toshkentga ketdik. O`shanda rus millatiga mansub bo`lgan cholu kampirning uylarida ijarada turardik. Men ham o`qirdim, ham ishlardim. Maoshim, ikkalamizning stipendiyalarimiz bilan kichik ro`zg`orimizni tebratardik...

Sinovlarda toblangan oilaviy munosabatlar...

O`sha paytdagi “Yosh gvardiya”da rejissyor sifatida faoliyat boshlaganimdan keyin bizga Toshkentdan ikki xonali uy berishdi. Ikki qizim ham poytaxtda dunyoga kelgan. Bir kuni noxush xabar keldi: “Qaynotang olamdan o`tdilar!” Buxoroga kelib, dafn marosimida qatnashdik. Qaynotamni so`nggi manzilga kuzatgach, otam meni yonlariga chaqirib, shunday dedilar: “Kelinning 7 nafar ukasi qoldi. Ularning hammasi maktab o`quvchisi. Onasi nogiron. Endi sen bu oilaga bosh-qosh bo`lishing kerak. Buxoroga qaytinglar. O`g`lim, bu Yaratganning sinovi, bundan obro`-izzat bilan chiqishing kerak”. Shunday qilib, biz Toshkentdan Buxoroga qaytdik va men Buxoro teatriga ishga kirdim, rafiqam esa shu yaqin atrofdagi tug`ruqxonaga ishga joylashdi. Hayotimiz shu zaylda davom etib, oila boshiga tushgan og`ir judolikni, elkama-elka turib birgalikda engdik. Yosh oila bo`lsak ham, ukalarni o`qitish, oilali qilishga harakat qildik. Og`ir kunlar ham shu tariqa ortda qolaverdi.


Oilaviy baxt siri nimada?

Nasib bӯlsa, kelasi yil turmush qurganimizga 50 yil to`ladi. Baxtli turmushimizning siri haqida ko`p so`rashadi. Buni tushuntirish qiyin, ammo birgina so`z bilan ifodalasa bo`ladi: sabr! Sabrda gap ko`p ekan! Bizda ham arazlashlar, ginalar bo`lgan. Hayot busiz bo`lmaydi. Oilani saqlayman desangiz, kimdir ozgina past ketishi kerak. Ba`zida shunday qilishimga to`g`ri kelgan. Ayolimga mayli, sen haqsan deb qo`yaman. Ammo oila sahnasida bosh rol meniki. Biroq rafiqamning san`atsevarligi va pazandaligini hamisha qadrlab kelaman.

Yoshlarga aytar gapim...

Farzand dunyoga kelganidan keyin u oilaviy nizolar qurboniga aylanmasligi kerak.

Farzand buyuk ne`mat, muhabbat mevasi. Shunday ekan ota-ona sifatida unga javobgarmiz. Bolaga fe`l-atvoringiz, muammolaringiz bilan ta`sir o`tkazmang. Erkakning eng katta nomardligi, bu — onani bolasi bilan yolg`iz tashlab, uydan chiqib ketishi. Buxoroda “zaharni yutib, asal edim, deb yurish kerak” deyishadi. Har qanday sharoitda inson farzand uchun oilasini saqlab qolishi shart!

Qizlarim, nevarayu, evaram—mening baxtim...

Katta qizim Nargizaning tashqi qiyofasi menga o`xshasa, kenjamiz Nigina onasining o`zginasi. Maqtanishga yo`ymangu, farzandlarim onasidan ko`ra sirlarini menga ishonishadi. Ularga ruhan va qalban yaqin ota bo`l­ga­nimdan sevinaman.

Ikkala qizim ham san`at yo`lini tanlamoqchi edi, ammo men bunga qarshi chiqdim. Sababi aktyorning hayotida omad katta rol o`ynaydi. Omadingiz kelsa taniqli san`atkorga, aksi bo`lsa oddiy aktyorga aylanasiz.

Agar o`qituvchi yoki shifokor bo`lsangiz hech kimning siz bilan ishi yo`q. Ammo mabodo san`at yo`lini tanlab, shuhrat qozonmagan bo`lsangiz, bundan yomoni yo`q. Yon-atrofingizdagilar “Nimaga chiqmayapsiz?”, “Nega sizda bunday rollar yo`q?” kabi savollar bilan sizni “ezishadi”. Ijodkor ham shular ta`siridan o`zini-o`zi “eydi”. Ishtirokimdagi ilk kino — “Yoz yomg`iri” 1977-78 yillarda ekran yuzini ko`rdi. Navbatdagi rol bilan orada oz emas, ko`p emas naq 33 yil uzilish bo`ldi. Kasbimning shu jihatlarini bilib, qizlarimga ruxsat bermaganman. Ularga: “Boshqa bir kasbni tanlab, oddiy ayollik baxtini his etib yashab yuring­lar”, dedim. Katta qizim bank xodimi. Ikkinchi qizim onasining qistovi bilan tibbiyot yo`lini tanladi (jilmayadi). Bugun u shifokor-gi­nekolog sifatida faoliyat­ yuritmoqda. Qizlarim hali-hamon armon qilishadi. Biror kinoni ko`rgudek bo`lishsa, bu rolni bundan yaxshiroq ijro etardim, deyishadi. Shukrki, nabiram umuman san`atga qiziqmadi. Texnologiya institutida menejment sohasi bo`yicha tahsil oldi. Ayni damda u ta`tilda bir yashar evaramni tarbiyalash bilan band. Evaram Tohir hozirdanoq o`zini ko`rsatyapti: musiqa eshitsa, albatta, raqsga tushadi.


Kliplardagi ota...

Kliplarda rol ijro etishga rozi bo`lishdan avval qo`shiqni tinglab, uning so`zlariga e`tibor beraman. Tarona ta`sirli bo`lmasa, rad etaman. Ulug`bek Rahmatullaev va uning ota­sini yaxshi taniyman. Ulug`bekning bu qo`shig`i otasiga o`ziga xos minnatdorchiligi, rahmati. “Sizga o`xshab borayapman, ota” qo`shig`ining klipidagi rolni men ijro etishimni xonandaning otasi xohlagan ekan.

Xonanda Shohruxxonning qo`shig`i mutlaqo boshqa rakurs. Unda otalar turli xil, yaxshi va yomon, baxtli hamda baxtsiz. Ammo klipda ota baribir ota degan g`oya bor!

Ya`ni, senga yaratgan qanday otani ravo ko`rgan bo`lsa, uni qabul qil. Klip g`oyasini tushunganim uchun unga rozi bo`ldim va uni baholi qudrat yaxshi ijro etishga harakat qildim.

Bugun...

Har bir aktyorning san`atga o`z munosabati bo`ladi. Yoshligimda Arastuning bir gapini o`qib, uni o`zimga shior qilib olganman. U shunday degan: “San`atning maqsadi, o`z ta`siri bilan vaqtincha bo`lsa ham odam ichidagi hayvonni uxlatishdir”. Inson ichida ezgulik va yovuzlik yashaydi. Vaziyatga qarab biri ustun kelib, insonga hukmronlik qiladi. Rol tanlashda ham shunga e`tibor beraman. Men shu obraz orqali tomoshabinni ezgulikka chorlay olamanmi yo`qmi, deb o`ylayman. Meni san`atda Vatan, muhabbat, ezgulik uchun kurash kabi mangu mavzular qiziqtirib keladi. Bir kunlik zamonaviy mavzular ortidan yugurishni istamayman. Bugun men bunday ishladim, kecha boshqacha edi, degan gaplarni aytolmayman. Axir san`at abadiy! Shu ma`noda menga, ayniqsa, “Vatan” kartinasi juda yoqadi. Unda Vatan haqida balandparvoz gaplar emas, samimiy, mazmunli va sodda so`zlar bor. Gohida muqaddas tushunchalarni balandparvoz gaplar bilan o`rab, uning asl narxini ham tushirib qo`yishadi. Kinodagi gaplar ham juda xalqchil tanlangan. O`g`il ota­ga: “Nima berdi shu Vataningiz?” deganida, ota: “Vatan hech narsa berishga majbur emas”, mazmunidagi haqli fikrni aytadi. Yoki bosh qahramonni qarang, Vataniga keladi, burchini bajaradi va go`zal, sokin o`lim topadi. Kartinadagi har bir kadr puxta va purma`no. Bugun ana shunday asarlar o`zbek kinosida ko`proq bo`lishini istardim.

So`ngso`z

Barcha muxlislarni ishtirokimdagi yangi kartina “Kulba” premerasiga taklif qilaman. Unda ijodkorlar bilan mutlaqo boshqa mavzuga qo`l urdik. Hayot sinovlarini engib o`tish uni bevosita qanday qabul qilganingizga bog`liqdir. Sinovlar va to`siqlar ortida qandaydir yaxshilik bor degan umid bilan yashash hayotni engillashtiradi, nazarimda. Shunday ekan, umid hamisha qalbingizni to`ldirib turishini chin dildan istab qolaman.

Sarvinoz DONIYoROVA suhbatlashdi

Sharhlar

Shavkat Komilov suratga olish jarayonida aktrisani o`ldirib qo`yishiga bir bahya qoldi (video)

05.11.2019, 00:13

“Yolg`izlar”, “Ko`z yoshim”, “Dard” kabi o`n beshdan ziyod filmlari orqali tanilgan aktyor Shavkat Komilov ishtirokida video  tarqaldi...Unda aktyor, portnyori Aziza Yoqubovani chin ma`noda o`ldirib qo`yishiga...
​BORIS G`OFUROV OTASI BILAN ALOQASI UZILGANI VA 40 YoShDA OILA QURGANI HAQIDA(EKSKLYuZIV)

26.07.2017, 15:43

Shunday aktyorlar borki, ularni ekranda ko`p ko`rmasak-da, ijro etgan rollari bilan yodimizda saqlanib qolishadi. Baxtiyor G`afurov. O`zbek tomoshabinlari uni ko`proq Boris G`afurov sifatida tanishadi. Spektakl,...
​“IShDAGI IShQ” FILMI QAHRAMONLARI BUGUNGI KUNDA(FOTO)

11.07.2017, 15:07

Barchamiz birdek sevib tomosha qiladigan “Ishdagi ishq” filmining suratga olinganiga 40 yildan oshdi. Biroq, mazkur film hamon sevimli, undagi qahramonlar qadrli...Sevimli kinokartinamizda rol ijro etgan...
​YoQUB AHMEDOV. AKTYoR BO`LIShNI ISTAGAN FUTBOLChI

11.07.2017, 14:10

Uchrashuvimiz mehmonini kinodagi katta-kichik rollari orqali yaxshi taniysiz. San`atga kirib kelguniga qadar esa u sportchi bo`lgan. So`zimiz chin. Jarohat olmaganida ehtimol bugun aktyor emas, futbolchi...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1