Farzand tug`ilishi erkakni ota, ayolni onaga aylantirishi bilan birga oilaning kun tartibi, hayotiy qarashlari, eng nozik munosabatlarigacha o`zgarishlar kiritadi. Buni qarangki, odamlar orasida tug`ruqdan keyingi er-xotinlik munosabatlariga oid haqiqatlardan ko`ra afsonalar ko`p ekan. Seksopatolog-shifokor Lola AHROROVA ana shunday tagi puch «asotir»larga izoh beradi.
Tuqqan ayol 40 kun chilla saqlashini hammamiz bilamiz. Shifokorlar tug`ruqxonadan chiqayotganidayoq ayolga shu davr (eng kamida 6 hafta) mobaynida jinsiy yaqinlikka yo`l qo`ymaslikni ta`kidlashadi. Bu ta`qiq bejizga emas.
Birinchidan, tug`ruq yo`llari turli infeksiyalarga o`ta ta`sirchan bo`ladi. Mabodo bachadonga biror infeksiya tushsa, bu davrda unda darrovgina yallig`lanish jarayoni (endometrit) yuzaga keladi. Ushbu xastalik esa tug`ruqdan keyingi eng og`ir asoratlardan biri sanaladi.
Ikkinchidan, jinsiy yaqinlik vaqtida tug`ruq davomida shikastlangan qon tomirlaridan qon ketib qolishi mumkin. Tug`ruqdan so`ng bir yarim oy o`tgach, ayol albatta ginekolog huzurida tibbiy ko`rikdan o`tishi zarur. Shifokor ruxsati bilangina er-xotinlik munosabatlarini tiklash kerak.
Birinchi afsona
Gulmira, 24 yoshda, 3 oylik o`g`li bor: — Tuqqandan keyin bir yarim yil ayol eri bilan yaqinlashmasligi kerak. Chunki ona organizmi turli gormonal: homiladorlik, tug`ruq va ko`krak suti bilan boqishdek o`zgarishlarga duch keladi. Aslida ayolning tashqi bakteriyalarga qarshi tura olish qobiliyati tug`ruqdan so`ng 2 yil o`tib tiklanadi, deyishadi...
Mutaxassis sharhi: — Bu naq afsonaning o`zi. Tabiatning o`zi hamma narsani bir-biriga mutanosib yaratgan. Agar tug`ruq og`ir va asoratli kechmagan bo`lsa, 6 haftadan so`ng er-xotinlik munosabatlariga yo`l qo`yish mumkin. Siz aytayotgan 2 yildan so`ng eng chuqur mushak qavatlari tiklanadi, qonning kimyoviy va klinik tarkibi me`yoriga keladi, gormonlar tug`ruqdan avvalgi holiga qaytadi. Shuning uchun ham shifokorlar tug`ruqdan keyin darrov yoki bir necha oy o`tkazib yana homilador bo`lishni tavsiya qilishmaydi. Ammo bu jinsiy yaqinlikni ta`qiqlash degani emas.
Ikkinchi afsona
Mohrux, 26 yosh, 1,5 oylik qizi bor: — Sut ishlab chiqarilishi bosh miyaga bog`liq. Hozirgi eng asosiy vazifam — bolani ko`krak suti bilan boqish turganda qanday qilib boshqa masalalarga chalg`ishim mumkin. Intim munosabatlar sutning kam ishlab chiqarilishiga olib keladi…
Mutaxassis sharhi: — Intim yaqinlik sutning tarkibiga ham, sifatiga ham, miqdoriga ham ta`sir qilmaydi. Chunki:
Birinchidan, bolani ona sut bilan boqsa-da, asli sutni go`dakning o`zi chiqarib oladi. Qandaydir g`aroyib qonuniyat tufayli bola aynan unga qanday va qancha sut kerak bo`lsa, shunaqasini «buyurtma» qiladi.
Ikkinchidan, ona «sut ishlab chiqaruvchi ferma» emas. U bolani boqishdan tashqari uydagi va ayrim onalar ishdagi masalalar bilan shug`ullanadi. Jinsiy yaqinlik ham ana shunday kundalik «tashvishlardan» bittasi xolos.
Uchinchi afsona
Malika, 23 yosh, 2 nafar 3 yosh va 1 oylik chaqalog`i bor: — Bolamni ko`krak suti bilan boqayotganimda, men homilador bo`lib qolmayman. Shu bois yangi tuqqan ayollarga bachadonini ustma-ust shikastlamaslik uchun ko`krak suti bilan boqish davrida kontraseptiv vositalardan foydalanmasliklarini maslahat beraman.
Mutaxassis sharhi: — Hayz ko`rmaslik ovulyasiya (tuxumdondan urug`lanishga tayyor bo`lgan tuxum hujayraning chiqishi) ham bo`lmaydi, degani emas. Shunchaki bu davrda sut ishlab chiqarilishiga mas`ul bo`lgan prolaktin gormoni shu darajada ko`p bo`ladiki, estrogenning (aynan shu gormon tufayli ayol har 21-35 kunda hayz ko`radi) ta`sirini pasaytiradi va ko`p hollarda ayol tug`ruqdan keyingi 6 oy davomida yo umuman hayz ko`rmaydi yo hayzi odatdagidek bo`lmaydi. Ammo hayz sikli saqlanadi. Shunday ekan, ko`krak suti bilan boqish to`liq kontrasepsiya emas.
To`rtinchi afsona
1 oylik chaqalog`i bo`lgan 27 yoshli Saltanat ismli mushtariyimiz tahririyatga qo`ng`iroq qilib, chilla davrida turmush o`rtog`i bilan yaqinlikdan saqlayotgani va bunday munosabatlarni tiklashda nimalarga e`tibor berishi kerakligini so`radi.
Mutaxassis sharhi: — Bu — yarim afsona. Ammo aslo tushkunlikka tushmang. Tug`ruqdan keyin qin yuzaga chiqib qoladi va bu tabiiy hol. Shuning uchun ham tuqqan ayollar uchun Kegel ismli doktor maxsus mashq o`ylab topgan. Bu qin va anusni siqib, so`ng bo`shashtirishga asoslangan. Bunday mashqlarni maxsus adabiyotlarda va internet sahifalarida «Kegel mashqlari» nomi ostida ko`rish mumkin. Qin devorlari va mushaklarni siqib, qo`yib yuborishni tez va sekin amalga oshirish mumkin. Mashqlarni almashlab turli xillarini bajarsangiz, natija tezroq ko`rinadi. Ammo buning uchun mashqlarni har kuni bajarish lozim. Mutaxassislar kichik hojatga borganda peshobni ham to`xtatib turish kerakligini aytishadi. Buni albatta shifokor bilan maslahatlashish kerak.
Agar tug`ruqdan keyin bachadon va qin tushishi bilan bog`liq muammolardan aziyat cheksangiz, eringizni bu fiziologik jarayonlar haqidagi hikoyalaringiz bilan qo`rqitmang. Yaxshisi, ginekolog-xirurgga murojaat qilsangiz, sizdagi muammolarni hal qilish imkonini beruvchi intim plastikasi amaliyotini o`tkazadi.
Beshinchi afsona
Ko`pchilik ayollarning tug`ruqdan so`ng ma`lum vaqt davomida jinsiy mayli susayadi. Afsuski, bu muammo erlar tomonidan hamisha noto`g`ri qabul qilinadi. Bu horg`inlikni erkakka tushuntirish uchun 2 xil yo`l tutish mumkin. Birinchi yo`l umr yo`ldoshingizga uni sevishingizni ayting. Avvalgidek ehtirosli emasligingizni tabiatning ishi deb tushuntiring.
Ikkinchi yo`li turmush o`rtog`ingizga bola tug`ilishi bilan bor kuch-g`ayratingiz parvarishlash ishlariga ketayotganini amaliy isbotlashdir. Buning uchun hech bo`lmasa bir kunga bola parvarishlash ishlarini eringizga topshiring.
Yana bir eng yaxshi usul farzandlaringizni bobo-buvilarinikiga yuborib, dam olish kunini er-xotin yolg`iz o`tkazing. Umuman olganda, sizdagi jinsiy maylning susayishi charchash, tug`ruqdan keyingi depressiya yoki qandaydir sovuqqonlik sabab bo`lsa, eng to`g`ri yo`l bir kun bo`lsa ham dam olishdir. Shunda hamma muammolar o`z-o`zidan hal bo`ladi.
Xullas…
Bola tug`ilganidan so`ng ayol organizmi qandaydir sirli ravishda qayta tiklanib, kichik tos sohasidagi nerv tugunlari yangitdan o`z faoiyatini boshlagandek bo`ladi. Farzandli ayollar yanada ta`sirchan va nozik bo`la boradilar. Tuqqan ayollarning ko`zlariga bir boqing: ularda qandaydir iqror, tushunish tuyg`usi aks etadi. Ayol jismoniydan tashqari, bir qator ruhiy, emosional o`zgarishlarga ham duchor bo`ladi. Farzand dunyoga kelishi bilan er-xotin o`rtasidagi nozik munosabatlar sustlashmaydi, aksincha, yangi bosqichga ko`tariladi. Faqat siz va turmush o`rtog`ingiz yangi, balki avval sizga notanish bo`lgan muhit yaratdingiz, endi unga ko`nikish va o`zingiz uchun zarur kayfiyat hosil qilishingiz darkor.
DILAFRO`Z