Jennifer Lopes — davrimizning tirik afsonasi. Qo`shiqchi, raqqosa va aktrisa sifatida tilga olinsa-da, shu paytgacha uning aktyorlik karerasi boshqalariga qaraganda omadli va samarali bo`lib kelmoqda. Jenniferni Hollivud qirolichasi deyishadi. Ammo bundan 35-40 yillar avval hech kim bu ko`rimsiz, oddiy qizga qarab, buyuk kelajakni bashorat qila olmasdi…
Kichikligida o`g`il bolaga o`xshardi
Jennifer Lopesning hayot yo`li Zolushka haqidagi ertakni yodga soladi. Nyu-Yorkning janubiy Bronks shaharchasida istiqomat qiluvchi qashshoq oilada dunyoga kelgan qizaloq uchinchi farzand edi. Asli kelib chiqishi puertorikalik bo`lgan otasi bir shirkatda kompyuter ustasi edi, onasi esa bolalar bog`chasida tarbiyachi bo`lib ishlardi. Oilaning daromadlari juda kamtar bo`lishiga qaramay, ota-ona qizlariga yaxshi ta`lim berishga intilishdi. Katolik maktabida umumiy ta`lim olish bilan birga, Jennifer raqs maktabiga ham qatnardi. Onasi ko`chadagi bekorchi-bezorilar davrasiga qo`shilib qolmasligi uchun ham kenja qizini shu maktabga yuborardi. Chunki kichkintoy Jenni juda o`yinqaroq va bebosh bo`lib, tengdoshlari bilan barcha muammolarni musht orqali hal etardi. O`zining fe`l-atvori bilan o`g`il bolani esga soladigan Jennifer ota-onasining o`g`il ko`rish orzusini ro`yobga chiqargandek edi.
Kuylash orzusi yo`lida
Maktabda Jennifer bal raqslari bo`yicha katta yutuqlarga erishdi. Raqsga qatnay boshlaganiga ikki yil to`lar-to`lmas, u shahar miqyosidagi konsertlarda ishtirok etadigan bo`ldi. Musiqaning esa Jenniferga ta`siri o`zgacha edi. Yoshligidanoq unga salsa va xip-xop musiqiy yo`nalishlari hamroh bo`ldi. Oilasida ham kuy-qo`shiqqa mehr yuqori edi. Hammadan ham katta opasi Lesli yaxshi kuylardi. Shuning uchun ham uni pullik vokal kurslariga berishga qaror qilishdi. Jeni esa opasiga havas qilardi. O`zining kuylash orzusi haqida gap ochganida esa onasi bunga jiddiy e`tibor qaratmadi. Biroq istaklaridan voz kechish qizaloqning tabiatiga xos emasdi. Bir necha kundan keyin uyda katta janjal bo`ldi. Qiy-chuvni eshitib yugurib kelgan qo`shnilar qo`lida oshpichoq bilan opasini quvib yurgan Jennini arang to`xtatib qolishdi… Shundan keyin ona qiziqqon kenjatoyiga ham vokaldan saboq olishiga ruxsat berdi.
Los-Anjelesda o`tgan 8 oy
Ota-onasi Jenniferni huquqshunoslik kollejiga jo`natdi. Biroq u yuridik idorada ishlash barobarida balet maktabida shug`ullanishni ham kanda qilmadi. Idorada o`lgudek zeriksa ham, ota-onasi uchun tishini-tishiga qo`yishga majbur edi. Ammo bu 18 yoshigacha davom etdi. Jennifer o`ziga yoqmagan ishini tashlab, Los-Anjelesga ketdi. Avvaliga shouda raqs tushdi, keyin ko`plab sinovlarda qatnadi. Uning turar joyi yo`q edi. Arzon kliplarda suratga tushish esa juda kam daromad keltirardi. Shu tariqa sakkiz oy yashadi.
Kutilmagan omad
Birdaniga (odatda shunday bo`ladi o`zi — aynan birdaniga), kutilmaganda unga omad kulib boqdi. 19 yoshida Lopesni «Brodveyning oltin myuzikllari» turkumi tarkibiga olishdi. Oradan ikki yil o`tgach esa raqqosa sifatida u mashhur «Tirik yog`du» myuziklida ishtirok etdi.
Mahorat maktabi
1990-yillarning boshida Lopesni filmlardagi kichik obrazlarga taklif eta boshlashdi. Ammo Frensis Ford Koppola va Bob Reyfelson kabi mashhur rejissyorlar qo`l ostida o`ynalgan epizodik rollar ham bo`lajak aktrisa uchun ulkan mahorat maktabi bo`ldi.
Ofisiant yigit
«Qon va sharob» filmini suratga olish jarayonida u bo`lajak turmush o`rtog`i — kubalik muhojir Ojani Noa bilan tanishdi. Noa restoranda ofisiant bo`lib ishlardi. Afsuski, bu nikoh bor-yo`g`i bir yil davom etdi.
«Selena»dan keyingi shuhrat
1992 yili «Butun go`zalligi bilan» kartinasidagi rolidan so`ng Lopesga agenti aktyorlik karerasi bilan jiddiy shug`ullanish taklifini bildirdi. Keyin u «Qamoqxona kamerasi», «Pul poezdi» kartinalarida rol ijro etdi. Ammo haqiqiy shuhrat 1997 yili «Selena» va «Ko`z ilg`amas joylarda» filmlaridan keyin keldi.
Yulduzli onlar
1997 yildan Jennifer Lopes hayotida yulduzli onlar boshlandi. «Selena» filmida u Barbara Streyzand va Rita Moreno kabi kumirlari qatorida turuvchi Selena Kvintanella obrazini yaratdi. Shu yili u «Eng yaxshi aktrisa» nominasiyasi bo`yicha «Oltin globus»ni ham qo`lga kiritdi va 1 million dollar gonorar oladigan aktrisalar darajasiga ko`tarildi.
Xuddi shu yili ekranlarga chiqqan va eng kassabop filmga aylangan «Anakonda»dan keyin rejissyorlar Jennifer Lopesni o`z filmlariga taklif etish uchun navbatga turadigan bo`lishdi. Ammo Jennifer faqat kino bilan chegaralanib qolishni istamadi. 1999 yil u o`zining debyut-albomi «On the 6»ni sotuvga chiqardi. Unda pop va diskoni, Lotin Amerikancha motivlar va blyuzni qo`rqmay uyg`unlashtirgan Lopes musiqa olamida ham o`z so`zini aytdi. Albom chiqqan zahoti katta shuhrat qozondi. Lopesning aktrisalik va musiqiy karerasi jadal rivojlanib borardi. 2000 yilda u «Qafas» trillerida psixoterapevt rolini o`ynadi. 2001 yili «j.Lo» nomli musiqiy albomini sotuvga chiqardi va «To`y tashvishlari» nomli romantik komediyada suratga tushdi.
Jumboq
Jenniferning Ben Afflek bilan munosabatlari Hollivudda katta shov-shuvga sabab bo`ldi. Jurnalistlar darhol ularga Bennifer deb nom berishdi. Barcha taqdimotu tantanalarda ular birga namoyon bo`lib, ommaga o`z baxtlarini ko`z-ko`z qilishardi. «Jersilik qiz» kartinasida ham birga suratga tushishdi va to`y tadorigini boshlab yuborishdi. Ammo Jenniferning baxti yana to`kis bo`lmadi. Ular negadir marosimni bekor qilishdi. Nima sababdan bunday bo`lganini esa hanuzgacha hech kim bilmaydi.
Onalik baxti
Ammo Lopes ayollik baxtiga erishishdan umidini uzmadi. 2004 yilning 5 iyunida u Mark Entoniga turmushga chiqdi. 2008 yilning 22 fevralida Jennifer Emmi va Maks ismli egizaklarni dunyoga keltirdi. Bu Entoni va Lopesga lotinamerikancha musiqani taraqqiy ettirish yo`lidagi xizmatlari uchun mukofot topshirilgan kunning ertasiga sodir bo`ldi.
Jenniferning omadi
Jennifer Lopes omadli ishbilarmon ayol. Unga tegishli JLo by Jennifer Lopez brendi yosh ayollarga mo`ljallangan liboslari bilan mashhur. 2005 yilda Sweetface nomli yangi marka kiyimlari sotuvga chiqarildi. 2002 yil 12 aprelda Lopes Kaliforniya shtatining Pasadena shahrida Madre’s restoranini ishga tushirdi. Jennifer Lopesning eng omadli tadbirkorlik ishi — atir-upa biznesi bo`lib kelmoqda. Uning Glow by J.Lo ifori eng ko`p sotilgan atirlardan sanaladi.
Bizga qolsa, Jennifer Lopesning eng katta omadi — dunyoga kelganidir. Chunki aynan o`sha kuni uning millionlab muxlislari uchun kelajakda Jey Loning go`zalligi, latofatidan zavq olish imkoni tug`ilgan edi.
- Haqiqiy ismi: Jennifer Linn Lopes.
- Tug`ilgan sanasi: 1969 yil 24 iyul.
- Tug`ilgan joyi: AQSh, Nyu York.
- Ota-onasi: Devid Lopes va Gvadelupe Rodriges.
- Opalari: Linda va Lesli.
- Farzandlari: o`g`li Maksimilian Devid va qizi Emma Meribel (ular egizak).
- Ma`lumoti: katolik maktabida olingan o`rta ma`lumot.
- Laqabi: Jey Lo.
- Xobbisi: J.Lo markali libos, oyoq kiyim, aksessuar va pardoz ashyolari ishlab chiqarish, karaoke.
Shahina tayyorladi
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi






