AsosiySUG'DIYONA

BO`LAJAK ONALARNING 6 TOIFASI SIZ QAY BIRIGA MANSUBSIZ?

'BO`LAJAK ONALARNING 6 TOIFASI SIZ QAY BIRIGA MANSUBSIZ?'ning rasmi

Homilador ayol hatto qahraton qishda «Gilos egim kelyapti» desa ham hayron qolarli joyi yo`q. Chunki bu davr ayollarga turlicha ta`sir etib, ular ruhiyatida o`ziga xos o`zgarishlarni yuzaga keltiradi. Ya`ni homiladorlik kimnidir parishonxotir, ta`sirchan qilib qo`ysa, yana kimdir quvnoq, sho`x-shaddodga aylanadi. Keling, bo`lajak onalar ruhiyatidagi o`zgarishlarni yaxshiroq tushunish uchun homiladorlarda ko`p uchraydigan holatlarni ko`rib chiqamiz. E`tibor Bering-chi, siz qaysi biriga mansubsiz?

A`lochi

Umr yo`ldosh tanlash borasida ideallikka asoslangan, homiladorlikka ham barcha tekshiruvlardan o`tib, jiddiy tayyorgarlik ko`rgan, har oygi tekshiruvlarga o`z vaqtida borishni kanda qilmaydigan bu bo`lajak ona avvaldan a`lochi va etakchilikni yoqtiruvchi fe`l-atvorga ega. Bunday ayollarni shifokorlar ham yaxshi ko`rishadi. Chunki ular shifokorlarning barcha ko`rsatmalarini bekamu ko`st bajaradi-da!

Muammo nimada? Doim birinchi bo`lish va har bir ishda ajralib turish istagi ustunlik qilgani bois hatto homiladorlikda ham bu sifatni yo`qotishni istamaysiz. Sizning eng katta qo`rquvingiz: «Idel ayol ko`rinishini saqlab qolish».

! O`zingizni biroz bo`sh qo`ying. Axir hayot siz o`ylagandek ideal emas. Ideallikka da`vo qilishdan voz kechmasangiz, shunchaki atrofingizdagi muammolarni payqamaysiz va kutilmaganda qo`rqqaningiz qarshingizga chiqadi. Onalik baxti nasib etganidan bahramand bo`ling. Yaxshisi, qanday yaxshi sifatlaringiz borligini isbotlashga urinmay, homiladorlik onlaridan huzurlaning. Atrofingizdagilar yaxshi jihatlaringizni juda yaxshi bilishadi.

Malikai-dilorom

Sovuq kunda yangi pishgan qulupnayga dilingiz ketdimi, ehtimol tarvuz eyishni xohlarsiz? Bo`lishi mumkin. Axir homiladorlik navbatdagi injiqliklaringizni bajartirish uchun ajoyib bahona-ku! Shundaymi? Siz haqingizda shuni aniq aytish mumkinki, doim diqqat markazida bo`lishni uddalagansiz, hatto homiladorlikda ham. Qoyil!

Muammo nimada? «Homiladorlik tashqi ko`rinishimni o`zgartirib, e`tibordan chetda qolaman». Asosiy xavotiringiz aynan mana shunday. Ammo bilingki, sizni chin dildan sevgan va ardoqlagan insonlar uchun hamisha suyuklisiz!

! Bolalikdan o`zingizga malikalardek munosabatda bo`lishlariga odatlangan. Biroq endi onalik mas`uliyatini his etgan holda Malikalikdan Qirolichalikka o`ting. Va shuni unutmangki, qirolichalar mulohazali va uzoqni ko`ra oluvchi bo`lishadi. Xotirjamlikka erishib, tug`ilajak farzandingizning salomatligini o`ylang.

Betashvish

Siz uchun turmush qurish, kelinlik, rafiqalik hayotiy voqealar zanjiridagi odatiy holatlar edi. Ammo ular orasida farzandli bo`lishdek hodisani chin ma`noda tasavvur qilmagandingiz. Tobingiz qochib, shifokorga uchraganingizda ona bo`lishingiz bilan qutlashdi-yu, «Endi nima qilaman?» degan xavotir ichida qoldingiz.

Muammo nimada? Homiladorlikning to`qqiz oyi xuddi bir umrga cho`ziladiyu shifokor ko`rigidan o`tish uchun har oy borish shart emasdek go`yo. Kutilmaganda bola tug`ilishi bilan hayotingiz avvalgidek bo`lmasligi, moliyaviy mummolar yuzaga kelish ehtimoli tashvishga soladi. Ammo noxush o`ylarga chalg`imangda, hammasi yaxshi bo`lishiga astoydil ishoning.

! Asosiysi, asablaringizni tinchlantiring. Homiladorlik hayotingizni faqat yaxshi tarafga o`zgartiradi. Ishoning! Mana ko`rasiz, farzandingiz dunyoga kelgach, hayotingiz yanada yaxshilanadi. Axir unda butun umr sevib ardoqlaydigan kichik odamcha yoningizda bo`ladi-da!

Sport malikasi

Aytaylik, to`ydan oldin bo`sh vaqtingiz sport zallarida o`tgan. Yaxshiyamki yangi xonadoningizdagilar sportga bo`lgan mehringizni to`g`ri tushunib, jismoniy mashqlar bilan shug`ullanishingizga qarshilik qilishmadi. Biroq homiladorligingizni eshitgach, sevimli mashg`ulotingizni bir muddat chetga surishga to`g`ri keldi. Aqlan qorin tortilishi vaqti-soati bilan o`z holiga qaytishini bilsangiz-da, sportchilarga xos ruhiyat bilan tanangizdagi bu o`zgarishlar diqqatingizni jamlashga to`sqinlik qilayapti.

Muammo nimada? Homiladorlik sportchilarga xos ko`rinishingizga putur etkazishi va tanangiz asl holiga kelishi uchun qancha vaqt kerakligini xisoblab ovorasiz. Ishoning, yuragingiz ostida urayotgan mitti yurakcha qomatingiz biroz buzilishiga arziydi.

! Sport bilan muntazam shug`ullanadiganlar buni yaxshi bilishadi. Jismoniy mashqlar yordamida tanamizni nazorat qilishimiz mumkin. Homiladorlikda esa bu nazorat qo`ldan ketgandek tuyuladi. Biroq jismoniy mashqlarni sog`insangiz, homiladorlarga mo`ljallanganlarini bajarishingiz mumkin. Qolaversa, ertalabki va kechki sayrlar homila salomatligi uchun ham foydali. Asosiysi, qomatingizdagi o`zgarishlardan tashvishlanmang.

O`yin-kulgini yoqtiruvchi

«Malikaning bitta qizi bor, Sitora ham o`g`illi bo`ldi. Omina etti oylik homilador. Dugonalarimning hammasi farzandli bo`layotganda men ortda qolamanmi? Zudlik bilan homilador bo`lishim kerak!» Sizning fe`l-atvoringiz mana shunday. Ya`ni homiladorlikni ham boshqa dugonalaringizdan ajralib qolmaslik uchun rejalashtirgansiz. Biroq tug`ilajak farzandingizni bejirim kiyimchalar bilan yasantirishni o`ylayapsiz-u, qorningiz tobora kattalashib borayotgani, homiladorlik aslida jiddiy mas`uliyat talab qilishini xali tushunmadingiz chog`i.

Muammo nimada? Dugonalarimdan qolmay deb, farzand ko`rishni istadingiz-u, endi esa «Bola bilan yig`inlariga borolmaymanmi? Nahot uyda o`tirib qolgan «ona»ga aylansam?» degan xavotir tinchlik bermayapti. Chunki siz do`stu dugonalaringiz, qolaversa, turmush o`rtog`ingiz bilan turli yig`inlar, katta davralarda bo`lishni yoqtirasiz-da!

! Bu holatingizda o`yin-kulgiga bo`lgan ishtiyoqingizni homilador ayollar uchun mo`ljallangan dastur yordamida bemalol qondirishingiz mumkin. Bu dasturni esa o`zingiz tuzib chiqib, hafta kunlari bo`yicha taqsimlang. Masalan, dushanbada bo`lajak onalar uchun mo`ljallangan do`konlarni aylaning. Keyingi kunlari yangi tug`ilgan chaqaloqlar uchun kiyim-kechaklar sotiladigan do`konlarga borishingiz mumkin. Bu ishga yaqin dugonalaringizni ham jalb etsangiz, aslo zerikmaysiz. Unutmang, o`zingiz istasangiz, har kuningiz shodu xurramlikda o`tadi.

Doim xavotirda

Ancha vaqt homilador bo`lolmay, nihoyat bunga erishdingiz! Ammo tabiatingizdagi kuyinchakligingiz homiladorlikda har narsadan hadiksirashga aylandi. Endi hatto qorningizdagi bolaning tez-tez qimirlashi ham sizni tashvishga solmoqda. Ko`cha-ko`yga chiqishda ham atrofingizga sinchiklab razm solib, so`ng harakatlanasiz.

Muammo nimada? Bu farzandni uzoq kutganingiz sababli ham unga biror nima bo`lishidan qo`rqasiz. Xayolingizdagi xavotirlaringiz go`yoki o`ngga aylanadigandek tuyuladi. Fikringizcha, uzoq kutilgan baxt uchun albatta biror to`lov bo`lishi kerak. Ammo bu fikringiz noto`g`ri!

! Tasavvuringizdagi noxush o`ylarga chek qo`ying. Istasangiz, shifokoringiz bilan maslahatlashib, tinchlantiruvchi preparatlardan qabul qilishingiz mumkin. Asosiysi, «Hech nima xavf solayotgani yo`q. Hammasi yaxshi bo`ladi» deya takrorlab, o`zingizni ishontiring. Yo`qsa, xayolingizdagi qo`rquv sizni mahv etishi mumkin.

Samira ULUG`BEKOVA

Manba: «Sug'diyona» gazetasi

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar