AsosiySUG'DIYONA

BOLALARDAGI QIZG`ANChIQLIK: YaXShIMI YoKI YoMON?

'BOLALARDAGI QIZG`ANChIQLIK: YaXShIMI YoKI YoMON?'ning rasmi

Ko`pchilik ota-onalar farzandida qizg`anish hissini payqab qolishsa, nahotki biz uni noto`g`ri tarbiyalayotgan bo`lsak, deb hayron bo`lishadi. Mehribon va aqlli bolangiz birdaniga ilgari bermagan savollarni bera boshladi: “Nima uchun Shavkatning o`yinchog`i menikidan yaxshiroq? Nima uchun Sardorlarning uyi biznikidan katta? Nimaga Nigoraga ko`chada bosh kiyimsiz yurishga ruxsat berishadi, menga esa yo`q? Nega Sevaraning ikkita ukasi bor, menda esa bittayam yo`q?” Dastavval bu sizni quvontiradi, ammo keyinchalik qo`rqitishni boshlaydi.

Shunga qaramay, yuqoridagi kabi savollarni deyarli barcha bolalar beradi. Bu normal holat, chunki kichkintoy tevarak-atrofni kuzatish, taqqoslash va xulosa chiqarish qobildiyatiga ega ekanligidan dalolat beradi. Agar u javoblaringizdan qoniqsa, darrov esidan chiqarib yuboradi, boshqa narsalarga chalg`iydi. Demak, xavotirga o`rin yo`q.

Farzand tarbiyasida ma`suliyatli ona sifatida siz tabiiyki uning hamma xohish-istaklarini bajara olmaysiz va bajarmaysiz ham. Lekin kelajakda uning qizg`anchiq bo`lib o`sishini ham xohlamaysiz. Ko`p hollarda bolangiz savollariga aniq va to`g`ri javob berish eng samarali usul hisoblanar ekan.

1. Bolaga tushuntirish ishlarini olib borayotganda gap-so`zlaringizdan kichkintoy “mening nimamdir yomonroq ekan, shuning uchun ayrim narsalardan mahrum bo`lgan ekanman-da” degan xulosaga kelmasligi kerak. Undan ko`ra, “Agar yo`taling o`tib ketsa, o`zim senga zo`r muzqaymoq olib beraman” yoki “Agar ko`p konfet esang, tishing og`riydi. O`rtog`ingning oyisi buni bilmasa kerak-da”, deb ayting.

2. Farzandingizga tushuntiring: insonlar o`rtasidagi farq (tafovut) – doimiy emas, uni o`zgartirish har kimning o`ziga bog`liq. Ya`ni, agar u o`z ustida tinimsiz ishlasa, vaqt o`tishi bilan Sherzoddan ham uzoqroqqa sakrashi mumkin. Agar o`zini chiniqtirishni boshlasa, Maqsud kabi engil kiyimlarda yurishi mumkin bo`ladi. Faqat unga: “Biz buni o`zimizga ravo ko`rolmaymiz” deb aytmang.

3.Bolakayga tushuntiring: har bir narsaning albatta o`z to`lovi (badali) bor. Inson esa nima uchun to`lash-to`lamasligini o`zi hal qiladi. Masalan, Kamolaning ota-onasi unga chiroyli va qimmat o`yinchoqlar, o`zlariga esa dang`illama uy, mashinali sharoitda yashashni tanlashdi, lekin bularning hammasi qizlari bilan kuniga atigi 0.5-1 soatgina ko`rishish evaziga amalga oshiriladi. Siz aksincha, mayli u qadar boy bo`lmasangizda, farzandingizga ko`proq vaqt ajratishni, u bilan ko`proq birga bo`lish uchun harakat qilayotganingizni ayting.

4.Bolalar qizg`anchiqligining asosiy predmeti – o`yinchoq. Bolakay tushunishiga imkon bering: u yoqtirib qolgan o`yinchoqni hozir olishga imkon yo`q, ammo yaqin orada sotib olasiz. U o`zi anglagan holda “kamroq konfet esam, o`yinchoqqa ham pul tejalardi” degan fikrga kelsin. Ham sog`liqqa foyda, ham cho`ntakka.

5. Farzandingizni o`rab olgan muhit, sharoit eng yomonlardan emasligini, undan ham nochor ahvolda yashovchilar borligini ko`rsating. Va ular qizg`anishga arziydiganlarga nisbatan ko`pchilikni tashkil etishini gap orasida qistirib ham o`ting.

6. Bolaning oldida “Ana odamlar qanday yashayapti!” yoki “Hali bu pullarni qaerdan, qanday yo`llar bilan topayotganligi ma`lum emas” kabi gaplarni gapirmang.

7. Uy ichidagi qulaylikka va narsalarning joylashuviga ahamiyat bering. Kichkintoy uyda o`zini qulay va erkin his qilishi juda muhim.

8. Hech kimni bolangiz oldida misol, namuna qilib ko`rsatishga intilmang. Uning qobiliyati va mehnatini qo`shnining a`lochi qizi Sitora nisbatan emas, balki o`zining imkoniyatlaridan kelib chiqib maqtang, kerak bo`lsa mukofotlang.

9. Farzandingizga ko`proq mustaqil topshiriqlar bering, uy yumushlari bilan ham bandligini ta`minlang.

10. Kichkintoylar qizg`anish hissini ko`proq yig`i orqali ifodalaydilar. Bu holatda uning aynan nimani istayotgani, o`z fikrlarini aniq va lo`nda ifodalashini talab qiling.

Bir tomondan, qizg`anchiqlik – yomon narsa emas, kelajakda u tanqid kabi ta`sir etib, maqsad sari qadam tashlashga kuch, g`ayrat bag`ishlaydi. Boshqa tomondan olib qaraganda, yuragining tub-tubida har bir bolakay ota-onasiga ishonishni xohlaydi. Shundan qilingki, hamma narsa o`z me`yorida bo`lsin.

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi

Boshqa yangiliklar